“Yumshoq H” mi yo “qattiq X” mi?

Assalomu aleykum, kechirasiz, assalomu alaykum. 

So‘zlarni xato yozish shu qadar avj olyaptiki, to‘g‘risi qolib, xatosiga ko‘z o‘rganib qolayotganday. Inson axborotning ko‘p qismini ko‘zi orqali o‘zlashtirishini hisobga oladigan bo‘lsak, ko‘cha-ko‘yda uchrab turadigan imloviy xatoliklar biz va kelajak avlodning savodxonligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.

Hurmatli abituriyentlar, biz bugun har qadamda uchratishga odatlanib qolayotgan holat – so‘zlarni noto‘g‘ri yozish haqida mulohazalashamiz. Bu mavzu nafaqat sizning kirish imtihoningiz, balki savodxonlik madaniyatingizga ham taalluqli bo‘lgani bois bee’tibor bo‘lmaysiz degan umiddamiz.

Eshikni ortidan yopib, o‘zimizni ko‘chada ko‘rarkanmiz, savdo va maishiy xizmat uylarining nomlariga ko‘zimiz tushadi. O‘ylab qolasan: biznikilar qachon “xona” so‘zini to‘g‘ri yozadigan bo‘lishar ekan. Bir yonda “dorihona”, yana bir yonda “sartaroshhona”, qayerdadir “oshhona” deb yozib qo‘yilgan.  Imlo bo‘yicha joriy nazorat ishi topshirgan o‘quvchilarimizdan biri “xalq”, “xizmat” so‘zlarini bo‘g‘iz undoshi, ko‘cha tili bilan aytganda, “yumshoq H” bilan yozib bergan va bunga metropoliten bekatlarida shunday yozilganini asos qilib keltirgan. Xullas, bizda “qattiq X” bilan “yumshoq H” muammosi hech bartaraf bo‘lmadi-bo‘lmadi-da. Kitob o‘qish kerak, azizlar, kitob! “X” va “H” muammosi quruq yodlash bilan hal bo‘lmaydi. Siz kitob o‘qiyvering, muammo yechim topib boraveradi. Natijada “hurmat” so‘zini “xurmat” tarzida yozib qo‘ysangiz, o‘zi nimadir g‘alatiday tuyulaveradi.

Misollarga qaytamiz. Poyabzal ta’mirlash ustaxonalarining deyarli hammasida joyda “Poyafzal” deb yozilganiga guvoh bo‘lamiz. 

l_d6c7daaf copy.jpg

Ayrim hollarda bir harfni o‘z o‘rnida qo‘llamaslik oqibatida ma’no nafaqat  “darz ketadi”, balki o‘zgarib ham qolishi mumkin. Peshtaxtadagi bir e’lonchada “Yer” deyish o‘rniga “Er sotiladi” deb yozib qo‘yishibdi. Ana ma’no, ana savodxonlik! “Achchiq qurt bor” degan jumlaga nima deysiz!? Shu yozuvni ko‘rdig-u, birdan “Qirol sher” multfilmidagi “akunamatata”chi hayvonlarning ishtaha bilan qurtlarni paqqos tushirayotgani xayolimizga keldi. Qurut savdosi bilan ish ko‘rar ekansan, shu so‘zni to‘g‘ri yozishni bilib qo‘y, deydigan odam yo‘q. 

O‘quv binolarida milliy madhiyamizning matni tushirilgan peshtaxtalar o‘rnatilgan. Ularning ayrimlarida emas, ko‘pchiligida “naqarot” deb yozilishi kerak bo‘lgan so‘z “naqorat” shaklida bitib qo‘yilgan. Taqiqlovchi e’lonlarning deyarli hammasida “taqiqlanadi” so‘zi buzib yozilgan: “Chekish ta’qiqlanadi”, “Qo‘l bilan ushlash ta’qiqlanadi” va hokazo. 

Ko‘cha-ko‘yda uchraydigan bunday xatoliklarni tushunsa bo‘ladi, biroq kitob va OAVda ham imloning buzilishi holatlari kuzatiladiki, bunga bepisand qarab bo‘lmaydi. Kitoblarda, hatto, darsliklarda ham “afv” o‘rniga “avf”, “qat’i nazar” o‘rniga “qat’iy nazar” yozilgan o‘rinlar mavjud. Gazeta va jurnallarimiz ham bu borada “oppoq” emas. “Joniga ora kirdi” iborasi kamdan-kam o‘rinlarda to‘g‘ri yoziladi. Qiziq holat: hozirda “Joniga ora kirdi” iborasining to‘g‘ri yozilgan shakli bizga xatodek ko‘rinadigan bo‘lib qolyapti. Bu iboraning imlosi talaffuz qurboniga aylanyapti. “Joniga oro kirdi” deb aytishimiz uni shunday yozishimiz kerak, degani emas-ku, to‘g‘rimi?!  Kinofilmlarimizda chiqadigan yozuvlarda “rejissor” o‘rniga “rejissyor” deb xatolikka yo‘l qo‘yilgan o‘rinlar talaygina. 

Bunday misollarni yana qatorlashtirib keltirish mumkin. Haqli savol tug‘iladi: yosh avlod to‘g‘ri yozishni qayerdan o‘rgansin? O‘z navbatida haqli javob tug‘iladi: lug‘atlardan, aniqrog‘i, “Imlo lug‘ati”dan. Axir, boshqa manbalarga ishonch so‘nib boryapti-ku! Biz bu mavzuga bejiz qo‘l urmadik. Biz ana shu ishonchni qayta tiklash tarafdorimiz. Hech bo‘lmaganda bir marta savodxonlik oyi o‘tkazilsa, ko‘p narsa iziga tushib ketadi, degan ishonchimiz bor. Har kim bu borada o‘ziga talabchanroq bo‘lsa, o‘ylaymizki, hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi-qoladi.       

Oramizda: “Shu so‘zni to‘g‘ri yozdik nima-yu, noto‘g‘ri yozdik nima, baribir, tushunsa bo‘ladi-ku!?” – deguvchilar uchrab turadi. “Uyimizning ichi saranjom bo‘lsa nima-yu, tartibsiz bo‘lsa nima, baribir, yashasa bo‘ladi-ku!?” – degimiz keladi bunga javoban. Ularning aytgan gapi bilan biz kinoya sifatida keltirgan jumla o‘rtasida katta farq yo‘q. Biroq yoddan chiqarmaslik kerakki, birinchisi milliy masala, ikkinchisi esa shaxsiy. Hazrat Navoiy tilga nisbatan e’tiborsizlik qilishni elga e’tiborsiz bo‘lish bilan teng qo‘yganlar. Biz – Navoiy farzandlari uchun ham bu ayniyat buzilmasligi kerak. 

Omon bo‘ling.

 

1 ta izoh

  1. Gravatar

    eng yaxshisi H dan voz kechib hamma joyda X ni ishlatish kere