NIMA UCHUN KERAK?

Ba’zan dars jarayonida abituriyentlar tomonidan o‘tayotgan mavzuning hayotda nima uchun kerakligi haqida savollarga duch kelamiz. Eng oddiy holatda “Bu narsa sizga kirish imtihonida ball to‘plash uchun kerak” degan javob yetarli. Lekin o‘quvchi bu javobga qoniqmasligi aniq. 

Keling, mavzuyimiz boshida bir latifa o‘qib olaylik: 

Oliy matematika o‘qituvchisi o‘zining eski o‘quvchilaridan birini ko‘rib qolib, undan so‘rabdi:

think copy.jpg

– Senga o‘rgatganlarim hayotda nimadadir foyda berdimi?

– Ha, bir marta shamol bo‘lganida qalpog’im uchib, loyga tushib qolganida, bir simni integral belgisiga o‘xshatib, uni ilib oldim.

Albatta, bu jiddiy narsa emas. Bu savolni so‘rayotgan odam kelajakda nima ish qilmoqchi ekanligini bilmasa kerak. Chunki kundalik hayotda hech narsaga ishlatilmaydigan ko‘plab ishlamlar ilm-fanning qaysidir sohasi rivojlanishi uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Masalan, muhandis bo‘ladigan odam uchun matematikaning deyarli barcha bo‘limi muhim. Siz har kuni ishlatadigan elektr chiroq, televizor, kompyuter kabi jihozlarning ishlashida trigonometriya juda ham katta ahamiyatga ega. 

Mol go‘shtini yeyotgan odam qassobchilikni bilishi kerak emas, deydi ba’zi abituriyentlar. To’g’ri, lekin abituriyentlar oddiy go‘sht yeyuvchi emas, balki qassob bo‘lish niyatida harakat qilishyapti-ku.

Kuchli siyosatchi bo‘lmoqchimisiz, sizga dunyo tili bo‘lgan ingliz tili kerak. Sizga tarixiy voqealar va ularning tahlili kerak. Qadimda qaysidir millat yoki davlat bilan munosabatlarga kirishilganida qanday muammolarga duch kelinganini bilish shart. Aks holda, siz 4 yil davomida ushbu yo‘nalishni tamomlab, o‘zingizga umuman aloqasi bo‘lmagan sohada ishlaysiz. 

Aytaylik, kimdir kompyuter muhandisi bo‘lmoqchi. Agar u hamma qatori Word, Excel kabi oddiy dasturlar foydalanuvchisi bo‘lmoqchi bo‘lsa, unga na fizika, na matematika va na 4 yillik diplom kerak bo‘lmaydi. Ushbu sohaning yaxshi mutaxassisi bo‘lishi uchun esa elektr energiyasining ishlash prinsipi, hisob-kitoblar hattoki oliy o‘quv yurtida o‘rgatiladigan determinant-u hosilalardan boxabar bo’lish ham talab etiladi. Agar shulardan foydalanishni bilmasangiz, unda kuchli mutaxassis bo‘la olmaysiz. 

Endi siz tanlagan yo‘nalishingiz va ular uchun tanlangan fanlarni tahlil qiling. Muhandislik sohalarining ko‘pchiligida matematika va fizika fanlari, kimyo muhandislari uchun esa matematika va kimyo fanlari asos qilib olingan. Bu fanlarni tanlanishidagi mantiqqa yuqorida to‘xtalib o‘tdik. 

Tibbiyot sohasi vakillari esa biologiya va kimyo fanlaridan test topshirishlari lozim. Biologiya fanini tanlanishida hech kimning e’tirozi bo‘lmasa kerak. Lekin kimyo nega tanlangan deysizmi? Siz bemorlarni dorilar yordamida davolamaysizmi? Ularning ta’sirlari, o‘zaro reaksiyaga kirishish yoki bir-birining kuchini yo‘q qilib yuborishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rma-ganmisiz?

Xorijiy filologiya yo‘nalishlarida ikkinchi blok sifatida ona tilining tanlanishi bejizgami? Axir, o‘z tilingiz grammatikasi qonun-qoidalaridan bexabar bo’la turib, boshqa tilni qanday o’zlashtirasiz. 

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, agar siz o‘z yo‘nalishingiz bo‘yicha faoliyatingizni davom ettiradigan bo‘lsangiz, ta’limning har bir bosqichida o‘rganilgan bilim siz uchun asqotadi. Yo‘q, o‘qishni tamomlab, bozorda yoki umuman boshqa joyda faoliyat olib borsangiz, sizga pul sanashni bilishingiz yetarli...

 Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments