MUNTAZAM O‘QISH – MUVAFFAQIYAT GAROVI

Madina Kurbanova Buxoro shahrida tavallud topgan. O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti qoshidagi 2-sonli akademik litseyda tahsil olgan. Joriy yilda O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining Ingliz filologiyasi III fakultetiga grant asosida qabul qilindi. Abituriyentlarimiz e’tiboriga u bilan qilgan suhbatimizni havola etamiz. 

IMG-20130917-WA0001.jpg

 - Madina, avvalo, talabalar safiga qo‘shilganingiz bilan tabriklaymiz! 

 - Rahmat.

 - Sir bo‘lmasa, kirish imtihonida necha ball to‘pladingiz?

 - 206,3 ball. 

- Fanlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar qanaqa bo‘ldi?

- English dan 35 ta, ona tili va adabiyotdan 34 ta, tarixdan esa 24 ta.

 - Nega tarixdan kamroq?

 - Rostini aytsam, shu fanni o‘zlashtirishga qobiliyatim ham, qiziqishim ham sustroq. Lekin avgustga qadar ham tarix o‘qishni tashlab qo‘yganim yo‘q, imkoniyatim boricha harakat qildim. 

 - Ingliz tilidan 35 ta yechish uchun abituriyent qanday tayyorgarlik ko‘rishi kerak? Shu savolga o‘zingizdan kelib chiqib javob bersangiz.

 - Avvalo, bolada slovar (lug‘at boyligi) yaxshi bo‘lsa, ishi oson kechadi. Men bu borada yetarlicha bazaga ega bo‘lganim bois yaxshi natijaga erisha oldim. Aynan shu yili matnli test savollari soni ortgani bois lug‘at bazasi joyida bo‘lgan abituriyentlarning omadi chopdi. Grammar (grammatika) masalasini esa bir mavsumlik tayyorgarlik ichida hal qilish mumkin. 

- To‘g‘ri javoblar sonini 36 taga chiqarishingizga nima to‘sqinlik qildi?

 - Bilgan narsamni xato belgilab qo‘ydim. Mas’uliyatli imtihonda o‘tirganim sabablimi, fikrlashda noto‘g‘ri yo‘ldan ketib qoldim. 

 - Ona tili va adabiyot fanidan 34 ta yechish - ko‘pchilikning orzusi. Shu orzuga yetish uchun abituriyentlar nima qilishlari lozim? 

 - Ona tilidan mavzuning mantig‘iga yetib olish kerak, deb o‘ylayman. U yog‘i o‘zi kelib chiqadi, xuddi matematika kabi. 

- Adabiyot-chi?

- Adabiyotda yodlash birinchi planda turadi. Har kimning xotirasi har xil. O‘z imkoniyatidan kelib chiqib tayyorgarlik ko‘raveradi. Shaxsan men o‘rtoqlarim bilan savol-javob qilish yo‘li orqali ma’lumotlarni yodlab qolganman.

 - Tarix ham shunaqa-ku?!

- Farqi shundaki, men adabiyotni qiziqib, tarixni esa majburligim uchun o‘qirdim. Tarixning menga yoqmagan tomoni: testlarda o‘ta mayda elementlar ham so‘raladi. 

 - Kirish imtihonida sizga qay darajadagi testlar tushdi?

 - Boshqalarni bilmadim-u, menga ingliz tili qiyinchilik tug‘dirmadi. Matnli savollarning ko‘paygani faqat foydamga xizmat qildi.

Ona tilidan tushgan savollar haqida ham shu gaplarni aytish mumkin. Sintaksisdan savollar ko‘p bo‘ldi. “Noto‘g‘ri mulohazani aniqlang”  degan savollar har doim qiyin bo‘lgan va ko‘p vaqtni olgan. Menga bir emas, ikkita shunaqa savol tushdi.

Adabiyotdan ham bilgan savolimni noto‘g‘ri belgiladim. “Mahbub ul-qulub” ning o‘rniga “Hayrat ul-abror”ni belgilab chiqdim. Uyga kelganimdan so‘ng xato qilganimni tushunib qoldim. “Alpomish” dostonidan berilgan savolni oldin ham ishlagan edik. “”Kecha va kunduz” asarini savol-javob qilaverib, deyarli yodlab qo‘yganimiz uchun “Sen xuddi bir amerikalikka o‘xshaysan, Miryoqub!” degan gapni noyib to‘ra aytganini darrov esladim.  

Tarixga kelsak, bu fan men uchun har doim qiyin bo‘lib kelgan. Kamiga, imtihonda qiyosiy savollardan naq uchta tushib turibdi-ku. 24 ta ishlagan bo‘lsam ham, ustozimdan, natijamdan mamnunman.

- Testlar, asosan, qaysi darsliklardan tushdi?

 - Ona tili va adabiyot testlari, asosan, litsey darsligidan tushdi. Rafiyevdan (A. Rafiyev, N. G‘ulomova  hammuallifligidagi “Ona tili va adabiyot” darsligidan) menga test berilmadi, lekin o‘rtoqlarimga tushibdi. Tarixdan Lafasovdan kam savol tushdi. Testlar, asosan, maktab darsliklaridan. 

- Barcha fanlarni o‘zlashtirishda qanday umumiy qoidaga amal qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

 - Menimcha, muntazam o‘qish kerak. Agar fanning o‘ziga qiziqsangiz, bu - sizning yana bir yutug‘ingiz. Men mehnatning natijasiz qolib ketishiga ishonmayman.

- Sizning talaba bo‘lishingizda kimlarning xizmatlarini alohida ta’kidlaysiz?

 - Sharoit yaratib berganliklari uchun ota-onamdan xursandman. Menga saboq bergan English teacher A’zam akaga, tarix o‘qituvchim Asliddin akaga, ona tili va adabiyot ustozlarim Mansur aka va Dilnoza opalarga cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman. “Abituriyent” gazetasi va abituriyent.uz sayti xodimlariga ham rahmat aytib qolaman.

- Ustoz va abituriyentlarga tilaklaringiz…

- Yaqinlashib kelayotgan “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” bilan barcha ustozlarimni tabriklab qolaman. Zahmatli va sharafli ishlarida kuch-quvvat tilayman. Talabalarning rahmatini eshitishdan charchashmasin.

Barcha abituriyentlarimizga omad yor bo‘lishini istab qolaman. Ilm olish yo‘lida chekayotgan mashaqqatlari albatta o‘z mevasini berishiga tilakdoshman.

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments