IKKINCHI NAFAS YO‘LI

Sportdan oz bo‘lsa-da xabardor do‘stlarimiz ikkinchi nafas yo‘li iborasining ma’nosidan yaxshi xabardorlar. Soha mutaxassislarining aytishicha, inson normal hayotda nafas olishi uchun o‘pkasining uchdan bir qismi ishlashi yetarli ekan. Ya’ni shu qism bilan nafas olish orqali organizmga yetarli miqdorda kislorod qabul qilib olinar ekan.

Agar sportchi yoki tezkor harakatni boshlagan odam oddiy harakatlanishdan aktiv harakatlanishga o‘tib olsa, ya’ni yugurishni, suzishni, shunga o‘xshash harakatlarni boshlab yuborsa, organizm yanada ko‘proq kislorod talab qilar ekan. 

Organizm ko‘proq kislorod talab qilib turganida, kislorod yetishmasligida, ko‘pchilik professional bo‘lmagan sportchilar nafas olishga qiynalib, harakatni to‘xtatishadi. Agar ular harakatlanishdan to‘xtashmasa, o‘pkaning ochilmagan qismi ochilib, nafas olish va harakatlanish ancha yengillashadi. Shundan so‘ng, u sportchi istalgan miqdorda yugurishi, suzishi yoki boshqa sport turlari bilan bemalol shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. 

4.jpg

Masalan, 3 km masofani yugurmoqchi bo‘lgan sportchini ko‘z oldingizga keltirsangiz, 300 m masofani bosib o‘tgach, yuqoridagi havo yetishmasligi holatiga tushib qoladi. Agar yana biroz harakatlanishdan to‘xtamasa, ikkinchi nafas yo‘li ochilib ketadi va 3 kmdan ko‘proq masofani ham bemalol bosib o‘tadi. Aksincha, o‘sha holatda hansirab harakatdan to‘xtab qolsa, u hech qachon 3 km yugura olmaydi.

Ana endi, masalani bizning o‘quvchilarimiz tomonga qaratsak. Ayrim abituriyentlarimiz tayyorgarlik bosqichini yangi boshlaganliklari sababli o‘sha nafas tiqilib qolish jarayonini boshlaridan o‘tkazmoqdalar. Hattoki, ularning ichida nafas yetishmasligi sababli tayyorgarlikni tashlab yuborganlar ham kam emas. 

Siz qiynalyapsizmi, chidang. Ikkinchi nafas yo‘lingiz ochilgunga qadar qiynalib turing. Aslo harakatdan to‘xtamang. Chunki agar to‘xtab qolsangiz, hammasini yana qaytadan boshlashga to‘g‘ri keladi.

Asta-sekinlik bilan harakatda davom eting. Biroz vaqt o‘tgach, o‘zingiz ham guvoh bo‘lishingiz mumkinki, hozirgi qiyinchilik ortda qolib, boshqa abituriyentlardek testlarni qulay usullar yordamida yecha boshlaysiz. 

Sizning umidsizlikka tushishingizga sabab bo‘layotgan muhim narsa atrofingizdagi tajribali abituriyentlar bo‘lsa kerak. Har holda, ularning testlarni katta tezlikda yechib tashlashi havasingiz va hasadingizni keltirmay qo‘ymayotgandir. Biroz umidsizlikka ham tushirib qo‘yayotgan bo’lsa ham ajab emas. 

Ularga havas qiling va yordam so‘rang. Albatta ularning ham qachondir sizga o‘xshagani va keyinchalik ikkinchi nafas yo‘llarini ochib olishgani bor gap. Ular harakatni oldinroq boshlaganliklari bois unchalik qiynalishmagandir, lekin bu bosqichdan o‘tishgan. Bu degani esa siz ham ularning saviyasiga chiqa olishingizni ifodalaydi. Faqat sizda ularnikidek ko‘p vaqt yo‘q. Ya’ni, o‘sha sizdan kuchli abituriyent, aslida, sizning raqibingiz ham hisoblanadi.

Demak, ular 1 qadam bossa, siz 1,5 qadam bosishingiz lozim. Aniqrog‘i, yil oxiriga qadar ularga yetib olishingiz kerak. Bu esa imkonsiz bir ish hisoblanmaydi.

Shu o‘rinda hozirgi kunda aktivlashgan mavzuga diqqatingizni qaratsak: birinchi yil harakat qilgan o‘quvchi oliy o‘quv yurti talabasi bo‘la oladimi yoki yo‘qmi degan savolga javob izlaylik. 

Bu savolga nazariy, amaliy va tajribaga yondashib javob berish mumkin. Nazariy jihatdan, yuqorida aytib o‘tganimizdek, harakatlangan abituriyentlar yuqori ball to‘play olishlari mumkin. Amaliy jihatdan esa birinchi urinishda talabalikka erishgan ko‘plab abituriyentlarni misol keltirishimiz mumkin. Jumladan, gazetamizning avgust oyidagi sonida intervyu bergan Musina Akromxonova ham. Masalaga, tajribadan kelib chiqib yondashadigan bo‘lsak, birinchi urinishda natijaga erishgan abituriyentlar, o‘z bilimlaridan kelib chiqqan holda, o‘tish balli juda ham yuqori bo‘lmagan joylarga topshirganlar hisoblanishadi.

So‘ngso‘z o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, uringan odam niyatiga, balki, yetar, balki, yeta olmas, lekin urinmagan odamning niyatiga erisha olmasligi kafolatlangan.

 Azimjon MAHMUDOV

 

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments