ENG MUHIMI–QIZIQIB TUSHUNIB O‘QISH

Johon.jpg

Jahongir Abduvaliyev Toshkent viloyati Bekobod tumanida tavallud topgan. Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi akademik litseyda tahsil olgan. Joriy yilda Toshkent tibbiyot akademiyasining Davolash ishi fakultetiga davlat granti asosida qabul qilindi. Abituriyentlarimiz e’tiboriga u bilan qilgan suhbatimizni havola etamiz. 

 - Jahongir, sizni talabalar safiga qo‘shilganingiz bilan tabriklab, birinchi savol bilan murojaat qilamiz: talaba bo‘lganingizni bilgach, nimalarni his qildingiz?

 - Tabrik uchun rahmat. Talaba bo‘lganim xabarini SMS orqali bilgan bo‘lsam ham, baribir mandat natijalarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib keldim. Abituriyent paytidagi charchoqlar hammasi chiqib ketdi, menimcha. Men his qilgan narsani faqat his qilish mumkin, eshitishdan naf yo‘q deb o‘ylayman. 

 - Kirish imtihonida to‘plagan ballaringizni abituriyentlarimiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

 - Jami 188, 7 ball to‘pladim. Biologiyadan 33 ta, kimyodan 23 ta, ona tilidan 29 ta to‘g‘ri topibman.  

 - Bu yo‘nalishda nafaqat sizda, balki juda ko‘p abituriyentlarimizda kimyodan pastroq natija ko‘rsatilgan. Bunga nimani sabab qilib ko‘rsatasiz?

- Kimyo testlarida o‘zgarishlar bo‘lyapti. Darslikdagi nazariy ma’lumotlardan savol tushib qolsa, ko‘pchilik dovdirab qoladi. Chunki bunga tayyorgarlik ko‘rmagan. Ikkinchidan, kimyodan 36 ta test bo‘ladigan bo‘lsa, shularning ichida 5-6 ta III darajali test bor. Ular ham qiyin, ham ko‘p vaqt oladi.

 - O‘zingizning natijangizga ham shular sabab bo‘ldimi?

 - Ha. Abdusamadovdan – “Organik kimyo”dan savollar tushdi. O‘ta qiyin savollar meniyam chetlab o‘tmadi. Bundan tashqari, men biologiyaga ko‘proq e’tibor qaratib, kimyoga talab etilgan darajada vaqt ajrata olmadim.  

 - Tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha imtihon topshirgan ayrim abituriyentlar kimyo fani ko‘p vaqt olganidan ona tili va adabiyot fani testini ishlashga ulgurishmaganini ta’kidlashadi. Siz ham shunday muammoga duch keldingizmi?

 - Men, ustozlarim tavsiyasiga amal qilib, avval biologiyani, keyin ona tilini ishladim. Qolgan ikki soatdan ortiqroq vaqt ichida kimyo bilan shug‘ullandim.

 - Ona tili va adabiyot fanidan 29 ta ishlash hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bu natijani qo‘lga kiritish yo‘lida qanday tayyorgarlik yo‘lini bosib o‘tdingiz?

 - Bu fanga qiziqaman. Mana shu narsa o‘zlashtirishimda ancha qo‘l keldi. 

- Biz o‘tgan sonlarda so‘rovnoma o‘tkazgan edik. U tayyorgarlikning qaysi usuli: shaxsiy repetitor qo‘lida yolg‘iz yoki o‘quv markazida guruh ichida o‘qish afzal ekani haqida edi. Bu borada siz qanday fikrdasiz?

 - Men domla qo‘lida individual tarzda o‘qib ko‘rmaganman, shuning uchun uning “plus” va “minus”lari haqida hech narsa deyolmayman. Ammo guruh ichida o‘qish meni qanoatlantirdi. O‘zimdan kuchliroq guruhdoshim meni oldinlashga, yanada asdoydil bo‘lishga undagan bo‘lsa, savol-javoblar ma’lumotlarni (ayniqsa, biologiyadagi ma’lumotlarni) yodlab qolishda katta yordam berdi. Qolaversa, o‘zimning ham ba’zi guruhdoshlarimga yordamim tegganidan xursandman. 

- Kimyo va ona tili fanlari uchun yodlash emas, ko‘proq mantiqiy fikrlash talab etiladi. Bu fanlar bo‘yicha tayyorgarlik qanday kechdi? 

 - Bu fanlarda tushunish birinchi o‘rinda turadi. Tinmay misol ishlash, test yechish kerak ekan. Shu fanlarga qiziqsangiz va IQ ngiz yuqori bo‘lsa, ishingiz yanada oson kechadi.

 - Tayyorgarlik jarayonida qanday kun tartibiga amal qildingiz?

 - Buni kun tartibi desa bo‘ladimi-yo‘qmi – bilmadim-u, lekin men o‘zimga mana shu soatdan mana shu soatgacha o‘qish kerak deb emas, mana shularni shu kungacha albatta o‘qish kerak deb talab qo‘ydim. Har doim ham siz aytganingiz bo‘lavermaydi, shuning uchun vaziyatga qarab ish ko‘raverdim. Noto‘g‘ri yo‘ldan ketmabman, shekilli, mana, natijasi bo‘ldi.

- Sizning talaba bo‘lishingizda kimlarning xizmatlarini alohida ta’kidlaysiz?

 - Avvalo, menga barcha sharoitlarni yaratib bergan ota-onamga, yaqinlarimga rahmat aytaman. Qolaversa, menga dars bergan barcha ustozlarim, xususan, kimyo o‘qituvchilarim Otabek aka va Sabohat opalarga, biologiya o‘qituvchisi Gulmira opaga va ona tili ustozim Mansur akaga minnatdorchilik bildiraman.  

- Ustoz va abituriyentlarga tilaklaringiz…

 - Barcha ustozlarni “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” bilan tabriklab qolaman. Bizning baxtimizga, yaqinlarining baxtiga doim sog‘ bo‘lishsin. 

Abituriyentlarimizga faqat omad tilayman. O‘qishsin, bir yil qiynalishsin va men kabi talaba bo‘lishsin. Bu kunlar bir yil zahmat chekishga arziydi.

Siz – gazeta xodimlariga ham abituriyentlarning yukini yengil qilishda kuch-quvvat tilab qolaman.

Umidjon ABIDOV suhbatlashdi

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments