QILINGAN MEHNAT SAMARASIZ QOLMAYDI

Dilnoza Abdurahmonova 1994-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Moliya institutining “Buxgalteriya hisobi va audit” yo‘nalishiga 204,5 ball bilan to‘lov-shartnoma asosida talabalikka qabul qilindi. Biz Dilnozadan muvaffaqiyat sirlarini so‘radik.

20130829_124843.jpg

- Dilnoza, talabalik bilan tabriklaymiz.

- Rahmat. Aslida, bu men uchun juda ham katta muvaffaqiyatdek ko‘rinmayapti. Men davlat granti asosida talabalikka erishishni niyat qilgandim. Lekin shunisiga ham shukur.
- 204,5 ball ham yuqori ball hisoblanadi. Bunday ball to‘plashning siri nimada? Aniqroq aytadigan bo‘lsak, bunday natijaga erishish uchun qanday tayyorgarlik bosqichlarini o‘tadingiz?
- Bu natija – 2 yillik mehnatning samarasi. O‘tgan yilgi test sinovida anchagina past natija ko‘rsatgan edim. Bu holdan o‘zimga tegishli xulosa chiqarib olib, tartibli dars tayyorlash uslubiga o‘tdim. Abituriyentlik davrimizda bizga xalal beradigan har qanday narsadan uzoqroqda turishga urindim.
Bir yillik hayotimni matematika, ingliz tili va ona tili fanlariga bag‘ishladim. Albatta, bu vaqtning aksariyat qismi matematika faniga sarflandi. Kirish imtihonida ham eng ko‘p test savolini (34 ta) ushbu fandan yechdim. Lekin matematika fanidan testlar o‘tgan yilgi savollarga nisbatan murakkabroq edi. 
Eski yillarda kirish imtihonida ishlatilgan testlarni yechish kerak ekan. Ba’zi savollar eski testlar bilan aynan bir xil bo‘lsa, ba’zilarining shakli yoki sonlari o‘zgartirilgan edi. Bu gapimdan hammasi eski savollardan tuzilibdi degan xulosaga kelmaslik kerak. Yangi savollar ham anchagina.
Ingliz tili fanidan testlarni ko‘proq yecha olish uchun ko‘proq kitob o‘qish talab qilinadi. Chunki bu yilgi test sinovida 12 ta atrofida matnli savol so‘raldi. Bunday savollarni yechishda so‘z boyligining o‘rni juda ham katta. So‘z boyligini orttirish uchun esa ko‘p-ko‘p kitob o‘qish talab qilinadi. Undan tashqari, zamonlarga va artikllarga oid savollar ham nisbatan ko‘proq edi. 
Albatta, yil oxiriga kelib testlarning samarali yechish usullarini o‘rganib chiqdim. Bunda “Abituriyent” gazetasining “Ball maksimum” loyihasida chop etilgan maqolalar juda ham qo‘l keldi. 
Kirish imtihonida ona tili testlari o‘tgan yilgidan biroz osonroq ekan. Bu fandan yodlash lozim bo‘lgan joylarni yodlash, undan tashqari, istisno qoidalarni yaxshilab o‘zlashtirish kerak. Adabiyot fanidan litsey va maktab adabiyotlariga birdek e’tibor qaratish lozim.
Umumiy holda, men harakat qildim, yaratgan menga muvaffaqiyat berdi.
- Siz to‘plagan ball bilan boshqa oliy o‘quv yurtlariga xotirjamlik bilan davlat granti asosida ta’lim olish mumkin edi. Tanlagan yo‘nalishingizdan afsuslanmayapsizmi?
- Aslo. Men oliy o‘quv yurtiga kirishni orzu qila boshlaganimda ushbu yo‘nalishni tanlagan edim, o‘tgan yili ham shu yo‘nalishga topshirganman. Shu sababli umuman afsuslan-mayapman. Qolaversa, endi afsuslanishning foydasi yo‘q-ku!
- “Abituriyent” gazetasi va abituriyent do‘stlaringizga tilaklaringiz.
- Men avvalo Navoiy abituriyentlarni tayyorlash markaziga, xususan, Azim aka, A’zam aka va Mansur akalarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Mening bunday natijaga erishishimda ularning mehnati beqiyos. Undan tashqari, “Abituriyent” gazetasi ham doimiy hamrohlik qildi. Bu gazetaning o‘quvchilari ko‘payishiga tilakdosh-man.
Abituriyent do‘stlarimga esa mehnat, sabr va iroda tilayman. Unutmang, qilingan mehnat samarasiz qolmaydi.

Umidjon ABIDOV suhbatlashdi

 

 

3 ta izoh

3 ta izoh

  1. Gravatar

    Tabrikliman!!! O`qishlarida OMAD!

  2. Gravatar

    Ha, ajoyib. Tabriklayman! Bizga ham nasib qilsin o`qishga kirish!

  3. Gravatar

    Qoyiiill lekin shuncha ball olish.....