(re)START

Assalomu alaykum.

preview_start.jpg

Yana bir yangi mavsum boshlandi. Kimdir akademik litsey yoki kollejning II kursini tamomlab, o‘qishga kirish haqida endi o‘ylay boshladi. Yana kimdir esa kirish imtihonlarida yetarli ball to‘play olmagani sababli tushkun kayfiyatda o‘tiribdi. Yaqindagina talaba bo‘lgani haqida xabar topgan sobiq abituriyentlarimizga o‘z tabrigimizni yo‘llagan holda yuqoridagi ikki guruhni muloqotga chorlaymiz. 

Ishning boshlanishi uning yarim tugallanishidir.

Tayyorgarlikni qancha kech boshlasak, biz shuncha ko‘p narsani yo‘qotishimizni bilasizmi? Birinchi yo‘qotadigan qimmatli narsamiz – bu VAQT. Uning qadrini chuqurroq anglash uchun quyidagi qaydlarni bir ko‘zdan kechiraylik.

Bir YILning qadrini kirish imtihonlaridan o‘tolmagan o‘quvchidan so‘ra.

Bir OYning qadrini muddatidan oldin ko‘zi yorigan onadan so‘ra.

Bir HAFTAning qadrini haftalik jurnal muharriridan so‘ra.

Bir KUNning qadrini kunlik maoshga ishlaydigan serfarzand otadan so‘ra.

Bir SOATning qadrini uchrashuv onini kutayotgan sevishganlardan so‘ra.

Bir DAQIQAning qadrini poyezdga kechikkan yo‘lovchidan so‘ra.

Bir SEKUNDning qadrini avtohalokatga uchragan haydovchidan so‘ra.

Bir MILLISEKUNDning qadrini Olimpiada o‘yinlarining yugurish musobaqalarida kumush medalni qo‘lga kiritgan sportchidan so‘ra.

G‘oliblar amalga oshirganlar emas, balki ulgurganlardir.

Bugun boshlamasak, yo‘qotishimiz mumkin bo‘lgan ikkinchi qimmatli narsamiz – bu IMKONIYAT.             

Yangi sehrgarlar maktabi ochilibdi. Bu dargohni birinchi yili tamomlagan 20 o‘quvchidan barchasi sehrgarlik bobida dong taratib, el og‘ziga tushishibdi. Ikkinchi yili 100 o‘quvchi shu maktabga kirish uchun hujjat topshirishibdi. Imtihondan bir necha kun oldin maktabning bosh afsungari barcha o‘quvchilarni to‘plabdi va ularga qarata shunday debdi:

 - Aziz o‘quvchilar! Hammangiz shu maktabda o‘qishni xohlaysiz, biroq biz mazkur yilda faqat bitta talaba qabul qilamiz, xolos. Shu bois o‘z kuchiga ishonmagan o‘quvchilar hujjatlarini qaytarib olsalar bo‘ladi.

Bu noxush xabardan esankiragan 70 ta o‘quvchi o‘qishga kirish umididan voz kechishibdi. 

Imtihon kuni kelibdi.

Bosh afsungar yana so‘zga chiqib debdi:

 - Garchi bugun imtihon kuni deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, aslida, imtihon o‘tgan yig‘inimizda o‘tib bo‘lgan edi. Hay’at hujjat topshirganlarning barchasini qabul qilish niyatida edi. Biz shu yili barchaga o‘qish imkoniyatini bergan edik. Afsuski, bu imkoniyatdan faqat 30 kishi, faqat kuchlilargina foydalanishdi, xolos. Barchangizga talabalik muborak!

Kurashgan bir kuni yutadi ham, yutqizadi ham. Ammo kurashmagan allaqachon mag‘lubdir.

Bugun boshlamasak, vaqt va imkoniyatimiz qo‘ldan boy berilishi mumkinligi haqida fikrlashdik. Aslida, ulardan ham muhimroq yana bir narsadan mosuvo bo‘lishimiz hech gap emas. Bu – NATIJA.

Bir o‘rtahol kishi bo‘lib, uning bittagina farzandi – o‘g‘li bor ekan.

Bir kuni o‘g‘il otasiga bir barmog‘i ishlamay qolgani haqida aytibdi. Ota shunaqasi ham bo‘lib turishi, bu vaqtinchalik ekani haqida maslahat berib, o‘g‘lining ko‘nglini olgan bo‘libdi.

Bir muddat o‘tib o‘g‘il yana bir barmog‘i harakatdan to‘xtaganini bildiribdi. Tabibga olib boruvchi yo‘lning juda olis ekani va muolajaning katta xarajat talab etishini o‘ylagan ota o‘g‘lini mahalliy vositalar orqali davolashga kirishibdi.

Vaqt o‘tib, o‘g‘il yana shikoyat bilan kelibdi. Bu gal uning bir qo‘lidagi barcha barmoqlar ishlamay qolgan edi. Ota bor-budini sotib, tabib huzuriga otlanibdi. 

Tabib yigitning kasali davo muddatidan o‘tib ketgani, kech qolishgani, eng yomoni, qolgan barmoqlarni ham saqlab qolish uchun bir qo‘lni kesib tashlash kerakligini ta’kidlabdi. 

Vaqt – eng beshafqat qasoskor. U havoga sovurilgan har bir soniya uchun qasos oladi.

Natija bilan natijaning o‘rtasida farq bor. Yigit darddan forig‘ bo‘ldi. Biroq u bir qo‘lidan, otasi esa bor-budidan ayrildi. Vaqt va imkoniyatdan oqilona foydalanmaslik qanday natijalarga olib kelishini yuqoridagi misol vositasida ko‘rdik.  

Abituriyentlarimizga vaqt va imkoniyatdan samarali foydalanishlarini maslahat beramiz. Bugungi mulohazalarimizni quyidagi jumlalar bilan yakunlashni lozim topdik.

Boshlanish hozirdan boshlanishi lozim. Dushanbani kutish shart emas.

TAHRIRIYAT

 

2 ta izoh

  1. Gravatar

    Sentabr oyida abituriyent gazetasi yana oyida 2 ta son chiqaradimi?

  2. Gravatar

    Bir YILning qadrini kirish imtihonlaridan o‘tolmagan o‘quvchidan so‘ra. juda zo'r gapde shu!!!