MUVAFFAQIYATNING SIRI – INTILISH.

Musina Akromxonova 1994-yil Toshkent viloyatida tavallud topgan. 2013-2014 - o‘quv yilida Toshkent Davlat to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Korxona servisi yo‘nalishiga davlat granti asosida talabalikka qabul qilindi. Gazetamizning kirish imtihonidan keyingi ilk sonida Musinaning taassurotlari va tayyorgarlik bosqichlari haqida suhbatlashdik. 

20130817_122119.jpg

- Musina, sizni, avvalo, talabalikka erishganingiz bilan, qolaversa, grant asosida qabul qilinganingiz bilan tabriklaymiz.

- Tabrik uchun katta rahmat. Juda minnatdorman. Bu yil mening orzum ushaldi. Ya’ni talaba bo‘lishga muyassar bo‘ldim. Albatta, bu kunlarni intiqlik bilan kutdim. Muvaffaqiyat sari intildim, natijada intilish va mehnatlarim o‘z samarasini berdi.

- Muvaffaqiyatga erishishda o‘zingiz foydalangan usullarni abituriyent do‘stlaringiz bilan bo‘lishsangiz.

- Muvaffaqiyatning siri bu intilishdir. Abituriyentlik davrida asosiy vazifa - dars tayyorlash. U darslarni reja asosida amalga oshirishi lozim. Men abituriyentlik davrimda butun vaqtimni ilm olishga, yangi o‘rganilgan mavzularni imkon qadar keyingi darsga qadar mustahkamlab olishga sarfladim. Har bir daqiqadan unumli foydalanib oldindan tuzilgan reja asosida dars tayyorlab bordim. Menimcha, bundan boshqa hech qanday sirli usul bo‘lmasa kerak.

- Zamonaviy aloqa vositalari, televizor kabi taraqqiyot kashfiyotlarining abituriyent hayotidagi o‘rni haqida fikringiz qanday?

- Bunday vositalar abituriyent uchun juda ham foydali bo‘lishi mumkin, agar u o‘sha vositalardan voz kecha olsa. Chunki uning ko‘pchilik raqobatchilari bu texnologiyalardan voz kecha olishmaydi. 

- Sizning yo‘nalishingizni - korxona servisini tamomlagan kadrlar qanday ishlar bilan shug‘ullanishadi?

- Bizning yo‘nalishimiz to‘qimachilik sohasida bo‘lgani sababli to‘qimachilik korxonalaridagi texnologik qurilmalar bilan ishlash, ularni o‘rnatish, ta’mirlash, umumiy holda nuqsonsiz ishlashini ta’minash ushbu yo‘nalish mutaxassislarining vazifasi hisoblanadi.

- Abituriyentlikdan talabalikka o‘tib olgach, nimalarni rejalashtirmoqdasiz?

Albatta, eng avval o‘z sohamning yaxshi mutaxassisi bo‘lib yetishishim lozim. Bu yo‘lda foydali bo‘lishi, bilim va malakamni oshirishda qo‘l kelis uchun ingliz tilini mukammal o‘rganaman. Texnologiyalarni yaxshi ishlata olish uchun dunyo tili bo‘lgan ingliz tilini bilish juda ham muhim. 

– Talabalikka erishishingizda kimlarning xizmatlari sizga qo‘l keldi?

- Avvalo, ota-onamning mehnatlari beqiyos bo‘ldi. Undan tashqari Toshkent shahridagi NAVOIY abituriyentlarni tayyorlash markazidan cheksiz minnatdorman. Bu markaz mening bilimimni oshirishda, dunyoqarashimni kengayishida juda katta yordam berdi. U yerdagi ustozlarim Oybek aka, Lobar opa va Muzaffar akalarning dars o‘tish uslubi o‘quvchi uchun juda ham qulay bo‘lgani sababli, mavzularni oson o‘zlashtirib  oldim. Shu sababli ularga ham minnatdorchiligimni bildiraman. 

- Abituriyent do‘stlaringizga tilaklaringiz.

Avvalo, abituriyent maqsad qo‘yib unga mos harakat qilsa, u albatta maqsadga erishadi, talabalik baxtiga muyassar bo‘ladi. Barcha abituriyentlarga talabalik baxtiga erishishlarini tilab qolaman.  Omad ularni hech qachon tark etmasin.

Umidjon ABIDOV suhbatlashdi

 

1 ta izoh

1 ta izoh

  1. Gravatar

    Qoyil TABRIKLIMAN!! Keyingi ishlarizga omad!