TEST SINOVIDA YO‘L QO‘YILADIGAN XATOLIKLAR

Bilim ba’zan test sinovida hal qiluvchi omil bo‘lmasligi mumkin. Chunki bilimli abituriyentlar oddiy xatoliklari sababli qimmatli ballardan mosuvo bo‘lishadi. Shu sababli test sinovida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklar yoki e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar va bunday hollarda ko‘riladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida siz bilan suhbatlashsak. 

repetic.jpg

1. Test savollari kitobchasi va javoblar varag‘i raqamlarining mosligi

Test bo‘ladigan xonaga kirgach, sizning qo‘lingizga test kitobchasi va javoblar varag‘i beriladi. Albatta, kitobchaning ham, javoblar varag‘ining ham o‘z raqami bo‘ladi. Sizning  qiladigan birinchi ishingiz bu ikki raqamning mosligini tekshirish bo‘ladi. Agar bu raqamlar mos kelmasa, zudlik bilan auditoriya rahbariga bu haqda xabar berishingiz lozim bo‘ladi. Aks holda, siz javoblar varag‘iga umuman boshqa kitobning javoblarini belgilaysiz va ballingiz kutganingizdan juda ham past chiqadi. 

Ushbu raqamlar savollar kitobining pastki qismida, javoblar varag‘ining yuqori qismida joylashgan bo‘ladi. Bu holda sizning kitobchangizni yoki javoblar varag‘ini almashtirib berishadi, yoki akt tuzishadi. Mabodo, bu raqamlarga e’tiborsizlik qilsangiz, javobgarlik sizning bo‘yningizda bo‘ladi. 

2. Savollar kitobidagi nashr xatoliklari 

Ba’zan savollar kitobining betlari almashishi, savollarning to‘liq nashr etilmaganligi, tipografik xatoliklar yoki qaysidir sahifa xira bosilgani holatlariga ham duch kelinadi. Albatta, bu kamchilik test markaziniki bo‘lsa-da, nizomga ko‘ra, test kitobini tekshirib olish abituriyentning zimmasida bo‘ladi. 

Shu sababli abituriyent test sinovi boshlanishidan oldin kitobini yaxshilab tekshirib ko‘rishi va shunday xato-kamchiliklarga duch kelganida yuqoridagi kabi auditoriya rahbarini ogohlantirishi lozim. Ushbu ikki holda ham abituriyent nuqsonsiz test kitobchasi va javoblar varag‘i bilan ta’minlanishi lozim.

Agar auditoriya rahbari sizning ishingizda sustkashlikka yo‘l qo‘ysa, siz undan qat’iy talab qilishingiz lozim. Chunki test sinovida auditoriya rahbarining emas, aynan sizning kelajagingiz masalasi hal bo‘ladi.

3. Ism-sharifingizni yozishni unutmang.  

Savollar kitobining ustida va javoblar varaqasining orqa taraflarida abituriyentning ism-sharifi yozilishini so‘ralgan joylari bor. U yerga ismingiz, familiyangiz va otangizning ismini to‘liq yozib, talab qilingan joyga imzo qo‘yishingiz lozim.  

Bu ishlarni bajarmaslik yoki to‘liq yozmaslik appelatsiya jarayonida pand berishi mumkin. Agar u yerga ism-familiyangizni yozib imzo qo‘ymasangiz, bu kitobcha sizniki ekanligi shubha ostiga olinadi va appelatsiya jarayonida sizning qo‘lingizga bu kitobcha berilmaydi. Bu esa sizni appelatsiyadan mahrum qiladi.

4. Javoblar varag‘ining mar-ker qismiga ruchka tegkizmaslik 

Javoblar varag‘ining yuqori qismida:  Diqqat! Bu yerga ruchka tekkizilmasin degan yozuv turadi. Shu yozuv joylashgan to‘rtburchakda javoblar varaqasini o‘qish uchun maxsus kodlar yashiringan bo‘lib, uni faqat optik qurilma tekshirish jarayonida o‘qiydi va abituriyent haqidagi ma’lumotlarni shu yerdan oladi. Shu sababli javoblar varag‘ining yuqori qismiga umuman yozmaslik kerak.  

Shu qismda turgan doirachalar sizga bo‘yalgan holda beriladi. Shu bois u doiralarni ham bo‘yamasligingiz lozim.  

Aks holda, ballingiz umuman boshqa oliy ta’lim muassasiga ketib qolishi yoki javob varaqangiz umuman tekshirilmasligi mumkin. Bunday narsani hech birimiz xohlamaymiz. Shu sababli javoblar varaqasining old qismida faqatgina bloklar turgan joyda to‘g‘ri javoblarni bo‘yang va bu qog‘ozga boshqa hech narsa yozmang.

5. Javoblar varag‘ini bukmaslik 

Javoblar varag‘i kompyuterga optik qurilma yordamida o‘qitib olinadi. Shu sababli bu qog‘oz o‘z sifatini yo‘qotmay turishi lozim. Bu esa javoblar varag‘iga nisbatan nozik muomala qilishni talab qiladi.

6. Savollar kitobi raqamini titul varaqasi va abituriyent ruxsatnomasiga ko‘chirish

Abituriyentlarimizning xabarlari bor: natijalar savollar kitobi raqami orqali e’lon qilinadi. Demak, bu raqamni unutmaslik lozim. Shu sababli abituriyentlardan bu raqamlarni titul varaqasi va ruxsatnomaga ko‘chirishlari talab qilinadi.

7. Javoblarni javoblar varag‘iga to‘g‘ri ko‘chirish

Ishning eng asosiy qismi test yechib bo‘lgandan so‘ng javoblarni bexato ravishda javoblar varag‘iga ko‘chirib olish hisoblanadi. Abituriyentlarda aynan shu xatolik sababli qimmatbaho ballarni yo‘qotish ko‘p bora kuzatilgan. Savolni to‘g‘ri ishlagan, ishlash jarayonida hech qanday xatolikka yo‘l qo‘ymagan, javoblar varag‘iga ko‘chirishda esa… 

Afsuski, bunday hollarda sizga hech kim hech qanday yordam bera olmaydi. Shu sababli javobini bo‘yayotgan mahalda bor diqqatingizni shu narsaga jalb qilishingiz lozim. Lekin o‘zingizda ortiqcha bosim hosil qilib yuborsangiz, bu ham xatolik qilishga olib keladi. Xotirjamlik va diqqat bilan javoblarni ko‘chiring. 

Ko‘chirish asnosida savollar kitobidagi savolning raqamini o‘zingizga eshitiladigan qilib aytib, javoblar varaqasida ham shu raqamga javoblarni belgilashga urining. Bitta xato bo‘ldimi, endi uni to‘g‘rilashning iloji yo‘q, boshqalarida xatolikka yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘ring. Unutmang, javoblar varag‘ini buzib qo‘ysangiz, sizga boshqa javoblar varag‘i berilmaydi. 

8. To‘g‘ri bo‘yash 

Albatta, test sinoviga qadar  o‘qituvchilaringiz sizga javoblar varag‘ini bo‘yash haqida ko‘rsatma bergan bo‘lishlari lozim. Lekin sizga yana bir bor eslatib o‘tishni lozim topdik.

Bu doirachalarning bo‘yalishi tekshirish apparatlari uchun muhim. Balki, sizning bo‘yaganingiz oz bo‘lsa-da doiradan chiqib ketishi mumkindir, bu unchalik katta muammo emas. Lekin chiqarib yubormaslik maqsadga muvofiq. Aksincha, to‘lmay qolsa, bu muammo tug‘dirishi mumkin. 

Yuqorida aytib o‘tilganidek, javob varaqasini bo‘yashda psixologik jihatdan kuchli bo‘lish talab qilinadi. Xotirjamlik ham katta kuch. 

Agar qaysidir javobda ikkita kalitni bo‘yab qo‘ysangiz, endi buni to‘g‘rilashning iloji yo‘q. Noto‘g‘ri javobni shtrix bilan bo‘yab qo‘yasizmi, teshib qo‘yasizmi, hammasi befoyda. Bu narsa odamlarning o‘zi to‘qib chiqargan mish-mish, xolos.

9. Savollar kitobini yirtish

Ba’zan abituriyentlar savollarni olib chiqish maqsadida savollar kitobidan sahifalarni yirtib olishadi. Lekin bu narsa ularning ballariga ta’sir o‘tkazishi haqida tasavvurga ham ega bo‘lmasalar kerak. Yoki kimdir oldin shunday qilganini maqtanib gapiradi. Kimdadir bu narsa sezilarsiz o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin. Lekin  bu hammada ham shunday bo‘ladi degani emas. 

Javoblar varaqasini tekshirish jarayonida ba’zan test kitobchalariga murojaat qilishadi. Shunday paytda ichidagi sahifalar mavjud bo‘lmasa, o‘sha abituriyentning holiga voy. 

Savollar kitobining yirtilishi, kam ehtimol bilan bo‘lsa-da, sizga nol qo‘yilishiga yoki juda past ball olishingizga, shuningdek, appelatsiyada sirlaringiz fosh bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Unutmang, hozirgi kunda har bir abituriyent uchun bir donadan kitobcha chiqariladi va uning nusxasi hech qayerda bo‘lmaydi. Bu kitobni yirtish orqali siz o‘zingizga tushgan savollarni yo‘q qilayotgan bo‘lishingiz mumkin.

Biz qo‘limizdan kelganicha sizlarni test sinovidagi jarayon  bilan tanishtirishga harakat qildik. Xulosa qilish esa o‘zingizga havola.

 Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments