SEN HECH DENGIZNI KO‘RGANMISAN?

Bir rassomning ishlari unchalik yurishmas, chizgan rasmlari ko‘pam sotilavermas edi. Kunini faqirlik bilan, zo‘rg‘a o‘tkazardi. 

Kunlarning birida uning  jurnalist do‘sti mehmondorchilikka kelibdi. Do‘sti rassomning faqirona hayotini ko‘rib, unga rahmi kelibdi va shunday taklif bildiribdi: 

 - Seni mashhur qilib yuborishimni xohlaysanmi? 

– Buni qanday amalga oshirasan?

– Sen mening aytganlarimni bajar, yetadi. Senga bitta ko‘rgazma tashkillashtiramiz. Ishning tashkiliy qismini men zimmamga olaman. Oxirida foydani teng bo‘lishamiz. Sen esa mashhur va buyuk rassomga aylanasan.

Rassom do‘stiga ko‘zlarini katta- katta qilib qarab turar, o‘zini tush ko‘rayotganday his qilar edi. 

- Men necha yillardan beri rasm chizaman. Ahvolim ham hammaga ma’lum, sen nimaga ishonib bunchalik aniq gapiryapsan?

– Meni yaxshilab eshit. Sen barcha rasmlaringni ko‘rgazmaga olib bor. Yangilarini chizishing shart emas, chala qolganlarini olib borsang ham bo‘laveradi. Ularga juda qimmat narx qo‘yamiz:

Rassom do‘sti jiddiy gapirayotganini ko‘rgach, yana savol so‘radi:

– Keyin nima qilamiz?

– Men jurnalimda ko‘rgazmangni reklama qilaman. Reportajlar tayyorlayman. “Yangi ko‘rgazmada ana shunday rasmlarning taqdimoti bo‘lib o‘tadi” kabi gaplarni yozamiz. Sening tashqi ko‘rinishingga ham ishlov beramiz.

– Qanday qilib?

– Boshingga fransuz qalpog‘i kiydiramiz. Iyagingga echki soqol qo‘yamiz. Ko‘zingda ko‘zoynak, og‘zingda trubka bo‘ladi.

– Men trubka chekmayman-ku?

– Odamning asabini qo‘zg‘atmagin, bir kun cheksang, hech narsa qilmaydi. Ta’mini ham xushlab qolasan hali. 

 - Keyin-chi?

- Keyin ziyoratchilar kelib rasmlaringni tomosha qila boshlaydilar. Shu paytda sen ularning yoniga sekingina yaqinlashasan, ular o‘z e’tirozlarini senga bildirishadi. Ular qanday e’tiroz bildirishidan qat’i nazar, ko‘zoynak ortidan ularga chuqur nigoh bilan boqasan-da, trubkangdan bir tortib olasan. Shundan keyin ulardan: “Sen hech dengizni ko‘rganmisan?” - deya so‘raysan.

– Xo‘sh, keyin-chi?

– Ular bir nima deyishadi. Sen savolingni yana takrorlaysan: “Sen hech dengizni ko‘rganmisan?” Shundan so‘ng ular o‘zlariga bir nimalarni gapira boshlashadi. Sen sekingina orqangga o‘girilib ulardan uzoqlashasan. Boshqa hech narsa deyish shart emas. 

Garchi bu ssenariy rassomga unchalik yoqmagan bo‘lsa-da, ilojsizlikdan do‘stining taklifini qabul qilibdi. Jurnalist ham va’daga muvofiq ko‘rgazma tashkillashtirib, jurnallarda haddi a’losiga yetkazib reklama beribdi. Bu vaqtda rassom ham echki soqolni o‘stirib, fransuzcha kepka kiyib, yaxshigina trubka ham topibdi. 

O‘sha kun kelib, ko‘rgazma boshlanibdi. Taklifnoma olganlar, gazeta va galereya boshliqlari, yangi boylar, madaniyatli ko‘rinmoqchi bo‘lganlar… Bizning rassom ham yangi kostyumini kiyib olib, o‘sha yerda aylanib yuribdi. Garchi xatoliklar to‘lib yotgan bo‘lsa-da, rassomning ijod namunalari zalni to‘ldirib turar edi. Ularning ichida hali chizib bitirilmagan rasmlar ham anchagina edi.  

Ko‘rgazmadagi odamlar rasmni mensishmasa-da, narxlarini ko‘rib qo‘rqib ketishar edi. Chunki narxlar rassomning o‘zini ham qo‘rqitib yuboradigan darajada edi.   

San’atsevarlardan biri savol so‘radi: “Janob, bu rasmda tog‘larni chizgansiz… aytmoqchi bo‘lganim, rang tonlari unchalik tabiiyga o‘xshamaydimi?” 

Ana endi rassom o‘z hunarini ko‘rsatadigan vaqt kelgan edi. Simli ko‘zoynak ortidan uzoq qarab turgach, trubkasidan bir tortib olib shunday dedi: “Sen hech dengizni ko‘rganmisan?”

Haligi kishi biroz dovdirab qolibdi. Chunki u rassomga dengiz haqida emas, tog‘ haqida savol bergan edi. 

– Lekin, bu rasmda tog‘dagi rang… 

Rassom yana uning gapini bo‘lib: “Sen hech dengizni ko‘rganmisan?” 

Odam rasmga qaytadan qarabdi. Xuddi o‘zgarib qolganday. Balki,  u yerda dengiz yo‘qdur, lekin dengizni ko‘rmagan odam tog‘ning ranglari haqida qanday xulosa qilishi mumkin?  Haligi kishi rasmda ko‘ringanidan ko‘proq ma’nolarni ilg‘ay boshlabdi. Agar ranglar ko‘ringaniday bo‘lsa, peyzajning fotosuratdan farqi qolmaydi-ku? Bu san’atning ruhi hisoblanadi.  

Odam rassomdan uzr so‘rab, yordamchisiga qarab “Rasmni sotib ol” ishorasini beradi. Rassom biroz o‘zini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa-da, hiylasi ish berganidan xursand. Har holda, rasmlari sotildi. 

Shu payt ko‘rkamgina kiyingan bir ayol rassomni chaqirib qolibdi. Aksiga olib, u ayol tugatilmagan peyzaj oldida turar edi. 

– Janob, yaxshi kelib qoldingiz, sizdan bir narsa so‘ramoqchi edim. Bu asaringizda … nimadir aytilmoqchi-yu, lekin aytilmaganday…

Chuqur trubkadan tortish va yana o‘sha savol: “Sen hech dengizni ko‘rganmisan?”

– Kechirasiz, tushunmadim?

– Sen hech dengizni ko‘rganmisan?

Ayolning ichidan quyidagi fikrlar o‘ta boshlabdi: “Eh, o‘lganim yaxshi. San’atkor bilan mening oramdagi farq shu yerda. Men faqatgina ko‘ringan qismini ko‘raman. U esa rasmning ruhiga kirib boradi. Balki, aytmoqchi bo‘lgan fikrini chizishi shart ham emasdir. Men bu rasmni sotib olaman. Narxi qancha ekan? Aslida, san’at bebaho bo‘ladi”.

Bu safar ham rassomning ishi yurishibdi. Uning kayfiyati joyida. Chunki  shu shaklda rasmlari birma-bir sotilib ketayotgan edi. Ikki kun ichida chala-chulpa bitgan rasmlar ham sotilib bo‘ldi. Endi u mashhur rassomga aylangandi. 

Shu payt  uning jurnalist do‘sti foydani bo‘lishish uchun kelibdi.U rassomga shunday dedi: 

 - Ko‘rdingmi, seni mashhur qilib yubordim. Endi hamma joyda seni hurmat qilib kutib olishadi. Senga qilgan yaxshiligimni unutmassan. 

Rassom, do‘stiga javob berishdan oldin, ko‘zoynak ortidan uzoq tikilib turibdi. Keyin trubkadan bir tortib olgach, unga shunday dedi: “Sen hech dengizni ko‘rganmisan?”

 

0 ta izoh

There are no comments