SAVOLLARGA JAVOBLAR

1. 1- avgust kuni imtihonga nimalar olib kirilishi mumkin yoki mumkin emas?

Kirish imtihonining asosiy maqsadi – abituriyentning bilimini sinash. Shu sababli imtihon davomida abituriyentlarning qo‘shimcha manbalardan foydalanishi taqiqlanadi. Bu qo‘shimcha manbalarga quyidagilar kiradi: mikrokalkulator, uyali telefon, lug‘at, jadvallar, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari, shpargalka va boshqalar. 

Auditoriya rahbari, yordamchilari va kuzatuvchilari tomonidan taqiqlangan vositalarni binoga olib kirish harakati undan test sinovida foydalanganlik bilan tenglashtiriladi va ular test sinovidan chetlashtiriladi. 

Agar siz shunday narsalarni olib kirgan boshqa abituriyentni ko‘rsangiz, auditoriya rahbariga murojaat qilib, o‘sha abituriyentga chora ko‘rishini so‘rashingiz mumkin. Auditoriya rahbari sizning ogohlantirishingizga e’tiborsizlik qilsa, imtihondan so‘ng unga ham chora ko‘rishlarini so‘rab tegishli idoralarga murojaat qilishingiz mumkin.

Test sinoviga olib kiriladigan narsalar faqatgina pasport va abituriyent ruxsatnomasi hisoblanadi. Ruchka va qoralama qog‘ozlarni olib kirish taqiqlanadi. 

 

2. O’tgan yili topshirganda mening variantimda matematikadan savollar xato tushgandi. Test markazi xodimlarining aytishicha, test boshlanganidan keyin yarim soat ichida tekshirib, xato bo’lsa, test markazi xodimlariga aytish kerak ekan, lekin matematikadan savollarda xatolik bormi yoki javoblar ichida to’g’ri javob bormi yoki yo’qligini savollarni yechmasdan turib aytib bo’lmaydi. Axir hamma savollarni (matematika, ona tili,ingliz tili) yarim soat ichida tekshirib chiqib bo’lmaydi-ku? Bu yil agar xato savollar tushib qolsa, nima qilish kerak? Oldindan rahmat! 

Abituriyent savollar kitobini qo‘liga olgan zahoti u yerdagi tipografik xatoliklar bor yoki yo‘qligini qaysidir sahifa chop etilmay qolganligini, savollarda kamchilik bor yoki yo‘qligini tekshirishi shart. Albatta, bu ishni ko‘rib chiqishga 15 daqiqadan ko‘p vaqt ketmaydi. Agar shunday kamchilik borligini siz soat 9:00 dan keyin bilib e’tiroz bildirsangiz, bu e’tirozingiz qabul qilinmaydi.

Mabodo, sizda shunday kamchilik mavjud bo‘lsa, auditoriya rahbariga murojaat qilib, dalolatnoma tuzdirishni unutmang. Agar auditoriya rahbari bunga e’tiborsizlik qilsa, yutqizadigan siz bo‘lasiz. Appelatsiya jarayonida bunday kamchiliklar e’tiborga olinmaydi. 

Endi savollardagi xatoliklarni auditoriya rahbari yoki yordamchilari bilmasligi tabiiy. Chunki ular siz test yechayotgan soha vakili bo‘lmasligi mumkin. Agar siz savollarda kamchilik bor deb o‘ylasangiz, test sinovi natijasi e’lon qilingandan so‘ng 1 oy ichida appelatsiyaga topshirishingiz va o‘z fikringizni isbotlab berishingiz mumkin. Ya’ni u yerda birgina xato testni deb asabiylashish shart emas. Eng to‘g‘ri deb o‘ylagan javobingizni belgilang va boshqa masalalarni testdan keyinga olib qo‘ying.

 

3. TATUda o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Lekin bu yangilik kirish imtihoniga bir oy qolganda bizga yetkazildi. Shuncha vaqtda biz ingliz tilidan tayyorgarlik ko‘rishga ulgurmaymiz-ku. Buni qanday izohlash mumkin?

Biz bu masalada sizga hech qanday aniq javob bera olmaymiz. Biz ham siz kabi yangiliklardan xabardor bo‘lishdan narigi o‘ta olmaymiz. Shu sababli bunday savollar bilan Oliy ta’lim vazirligiga yoki TATU qabul komissiyasiga murojaat qilganingiz ma’qulroq.

Gazetamizning o‘tgan sonida sizga xabar bergan ma’lumotimizda biroz o‘zgarish bo‘ldi. Shu o’rinda o‘sha o‘zgarishlar haqida ham xabar berib o‘tsak. Kirish imtihonida 36 ta savol matematikadan (3,1), 36 ta savol fizikadan (2,1), 18 ta savol ingliz tilidan(1,1) hamda 18 ta savol ona tili va adabiyot (1,1) fanidan so‘raladigan bo‘ldi. O‘tgan sonimizdagi yanglish ma’lumot uchun sizlardan uzr so‘raymiz.

Abituriyentlar qiziqtirgan boshqa savollarini saytimizdagi maqolalar ostida qoldirishsa, gazetamizning keyingi sonida ularga ham javob berishga harakat qilamiz.

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments