PSIXOLOGIK MUSOBAQA

gyoztes.jpg

Soniya ortidan daqiqa, daqiqa ortidan soat, uning ortidan kunlar, oylar o‘tib, mana, kirish imtihoniga ham 15-20 kun vaqt qoldi. Xayolingizda yaqindagina tayyorgarlik jarayonini boshlaganday bo‘lsangiz-da, lekin u  ham o‘z nihoyasiga yetmoqda. Siz kabi  barcha abituriyentlar uzoq muddat tayyorgarlik ko‘rishdi. Ular ham qanchadir miqdorda bilim egasi bo‘lishdi. Endi ularni amalda ko‘rsatish vaqti yetib keldi. 

Sizning qilayotgan ishingiz ham xuddi saralash musobaqalariday ahamiyatga ega. Saralash musobaqalaridan o‘ta olsangiz, asosiy musobaqada ishtirok etasiz. Garchi juda ham mos o‘xshatish bo‘lmasa-da, kirish imtihoni shunchaki saralash musobaqasi,  xolos. Sizning haqiqiy musobaqalaringiz hali oldinda.

Avvallari ham ko‘p ta’kidlaganmizki, bu musobaqada raqibdan ruhiy ustun bo‘lish bilim jihatidan ustun bo‘lishchalik ahamiyatga ega. Chunki  musobaqa davomida asabiylashgan sportchi yutqizishga mahkum bo‘ladi. Asabiylashish hisobiga kishi ruhiy holatida o‘zgarishlar sodir bo‘lib, adrenalin miqdori oshib ketadi. Afsuski, bunday paytda miya o‘zining me’yoriy ishlash rejimidan chiqib ketib qoladi. Bu esa musobaqada qatnashayotgan odamning ketma-ket xatolar qilishiga sabab bo‘ladi. 

Ruhiy kuchliligingizni qanday bilib olasiz? Hayotda kimlar bilandir tortishish, asabiylashish holatlari ko’p uchraydi. Bu – odatiy hol. Lekin  bu tortishuvlar tugagandan so‘ng qancha vaqt asabiylashish ta’sirida yurasiz. Qancha vaqt yurak urishingiz tezlashib, asabingiz buzilib yuradi.

Agar tortishuv tugashi bilanoq bo‘lib o‘tgan voqeani unutib, o‘z ishingizga kirishib keta olsangiz, demak, ruhiy jihatdan ancha kuchlisiz. Yana bir holat: kimdir sizni asabiylashtirish maqsadida tinimsiz keraksiz gaplarni gapiryapti (bunday vaziyatlar har bir odam hayotida kuzatiladi). Uning  gaplari sizga ta’sir o‘tkaza olmayotgan bo‘lsa va oxirida ovozini o‘chirib ketsa, bu ham sizning g‘alabangiz.

Demak, imtihon kuni sizning kayfiyatingizni buzuvchi holatlardan xoli kun bo‘lmaydi. Sababi u yerda odam ko‘p, hammaning ham talaba bo‘lish istagi bor. Bunday hollarda turli  tortishuvlar, asabbuzarliklar bo‘lmay iloji yo‘q. Ularga bir-ikki misol keltirsak: 

– Imtihonga kirishdan oldin  nazoratchilar tomonidan mobil telefoningiz yoki boshqa ahamiyatli narsangiz olib qo‘yildi.(bu holda ularni ayblay olmaysiz. Bu-ularning vazifasi) Shu holda o‘zingizni qanchalik qo‘lga ola bilasiz?

– Qaysidir savolni yecha olmayapsiz. Ishdagi omadsizlik ham asabiylashishga olib keladi. Kuchni to‘plab boshqa savolga o‘tib keta olasizmi?

– Sinf katta va nazoratchining sinfni boshqara olmay qolishi holati ham kuzatilib turadi. Shunday paytda atrofga ahamiyat bermay o‘z ishingizni davom ettira olasizmi?..

Bunga o‘xshagan holatlarni ko‘plab sanash mumkin. Muhimi - o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslik.

Psixologik kuchsiz insonlarda quyidagi holatlar ko‘p kuzatiladi:

  • o‘ziga ishonmaslik;
  • arzimagan narsaga asabiylashish;
  • og‘zidan ko‘p hollarda haqorat so‘zlarning chiqib ketishi;
  • ish boshlamasdan turib bajara olmaslik qo‘rquvi;
  • muammoni hal qilish o‘rniga aybdorni qidirish;
  • bu ishning amalga oshmasligiga doir sabablarning yog‘ilib kelishi.

Yuqoridagi holatlar sizda kuzatilayotgan bo‘lsa, vaqtni boy bermang. Tezroq ularni bartaraf etish yo‘llariga o‘ting. 

Imtihondan oldingi va imtihon kunidagi holatlar haqida keyingi sonlarimizda gaplashamiz.

 Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments