MISH-MISHLAR

16335139-two-teen-girls-whispering-rumours.jpg

Odatda, har yili kirish imtihoniga yaqin har xil mish-mishlar ko‘payadi. 4-fan qo‘shilarmish, baholash koeffitsiyentlari o‘zgararmish, savollar soni kamayarmish…

Deyarli  har yili shu ahvol. Mish-mishlar shu darajada ko‘payadiki, ba’zan odamning o‘zini ham ishongisi kelib ketadi. Tarqalayotgan xabarlarning qaysi biri haqiqat-u, qaysi biri quruq gap – ajratib ham ololmaymiz.  

Mish-mishlarni tarqatayotgan odamlarning maqsadlari nima ekanligini hech qachon tushuna olmaganman. Lekin ko‘pchilik shu mish-mishlar orqasidan o‘z yo‘lini adashtirib qo‘yayotganini inkor qila olmaymiz. Masalan, kimdir keladi-da, 4-fan aniq qo‘shilibdi, falonchi aytdi, televizorda ko‘rsatishibdi. Bu gapni eshitgan qaysidir abituriyent o‘zi uchun “o‘ta muhim” bo‘lgan yangi fanni o‘zlashtira boshlaydi…

 Yoshlik paytimizda yotoq rejimida (yotoqxonada qolib) ta’lim olardik. Viloyatimiz jamoasi futbol o‘ynaydigan kuni  kimdir kelib hisobni so‘rasa,  2-1 bo‘ldi deb aytib yuborar edik. Hisobni uch o‘rtoq kelishib chiqarar edik.  U paytlarda  hozirgidek  internet yo‘q, mobil aloqalar yo‘q. Faqatgina gazetalar orqali futbolga oid ma’lumotlar yoritilar edi. Biz ham futbolga qiziqamiz, bizga ham hisob qiziq… Ertasi kuni kimdandir hisobni so‘rasak, u xotirjam: “2-1, biz yutibmiz”, - deya javob berar edi. 

Endi  bizni tasavvur qiling. Garchi mish-mishni o‘zimiz chiqargan bo‘lsak-da, o‘zimiz gangib qolyapmiz. Haqiqiy hisob shumi  yoki biz to‘qiganimizni o‘zimizga qaytarishyaptimi? 

Davlat Test markazi rasmiy idora hisoblanib, o‘zining rasmiy saytiga ega. Qolaversa, u yerdagi barcha yangiliklar gazetalarda e’lon qilib boriladi. Oliy o‘quv yurtiga kirish imtihoniga doir har qanday o‘zgarish Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida qabul qilinadi va u yerda qabul qilingan qarorlar rasmiy lex.uz saytida yoritiladi.  

Biz eshitayotgan  har qanday xabarning qanchalik asosli ekanligini mana shu saytlardan bemalol bilib olishimiz mumkin ekan, nega kimdandir eshitgan, u ham tayinli bo‘lmagan falonchidan rivoyat qilayotgan hikoyaga ishonishimiz kerak.

O‘rni kelganda quyidagi ma’lumotni yetkazib qo‘ysak: javob varaqasida belgilash tartibi o‘zgartirildi. Bu yangilik sizning tayyorgarlik jarayoningizga  hech qanday ta’sir ko‘rsat-maydi. Siz o‘sha tartibda kerakli uchta fandan tayyor-garlik ko‘rasiz. Har yili kuzati-ladigan bloklarni almashtirib bo‘yab qo‘yish muammosini butunlay hal qilish maqsadida javob varaqasining ko‘rinishi o‘zgartirildi. Bloklar yo‘qotildi va o‘rniga 1 dan 108 ga qadar savollar raqami qo‘yib chiqildi. Endi savollar kitobida ham savollar shu tartibda raqamlanadi. Bundan buyon bloklarni almashtirib qo‘yish sababli ball yo‘qotadigan abituriyentlar bo‘lmaydi, ya’ni  bu ishdan abituriyent foyda ko‘radi. 

Xo‘sh, bu gapingiz mish-mish emasligini qayerdan bilamiz, deysizmi? Marhamat, dtm.uz saytiga tashrif buyuring. U yerda vakillarga o‘quv seminar uchun tarqatma materiallar berilgan,  ana shu yerda 108 talik javoblar varaqasi ko‘rsatilgan. O‘zingiz o‘qib, ishonch hosil qiling.

Xulosa o‘rnida shuni aytishim mumkinki, siz dars qilishdan qolmang. Mish-mishlarni bekorchi, dars qilishga erinadigan odamlar tarqatib, o‘zlari tahlil qilaverishsin. 

Azimjon MAHMUDOV
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments