IMTIHONDAN OLDINGI KUN

sleep-disorders-52 copy.jpg

Vaqt o‘zining o‘zgarmas tezligi bilan harakatlanib, 1-avgust sanasi tomon jadal odimlamoqda.  Kimdir o‘ziga bo‘lgan aniq ishonch bilan, kimdir hayajon bilan, yana kimdir kira olmasligini his qilgani sababli o‘zini ovuntirish bilan yetib keldi. Bugunga qadar siz abituriyentlarga ruhiy dalda bergan “Psixologiya” sahifasi oxirgi kunlarni qanday o‘tkazish haqida ham o‘z maslahatlarini ayamaydi. 

Demak, oxirgi kunda qiladigan ishlarimiz.

Dars tayyorlash: ayrim abituriyentlarning so‘nggi kunda dars tayyorlashga qattiq kirishib ketishlari juda g‘alati holat. Bu xuddi  90 daqiqada gol ura olmagan futbol jamoasining  hakam tomonidan qo‘shib berilgan 2 daqiqasiga umid qilishiga o‘xshaydi. Axir, anchadan beri tinimsiz mehnat qilgan miyangiz  muhim test sinovi oldidan ozgina dam olishga haqli emasmi? Demak, 31-iyul kuni o‘zimizga dam olish e’lon qilamiz. 

Dam olish usulini har bir shaxs o‘zidan kelib chiqqan holda tanlaydi. Kimdir istirohat bog‘larida dam olsa, kimdir suv bo‘yida o‘zini ancha yengil his qiladi. Yana kimga kinoteatrga tushib film tomosha qilsa, kimdir teatrda dam olishi mumkin. Umumiy holda, dam olish usulini o‘zingiz tanlaysiz. Lekin dam olish asnosida o‘zimizning sog‘lig‘imizga jiddiy zarar yetkazib qo‘yadigan sport mashqlaridan saqlanishimiz maqsadga muvofiq.

Dam olish jarayonida yo‘lni adashtirib qo‘ymaslik uchun do‘stlaringiz bilan bir aylanib ertaga imtihon bo‘ladigan binoga borib kelib, yo‘lni aniqlab olish ham siz uchun foydali. Har holda  ertaga erta tongda  shu yerga bir o‘zingiz kelib ketasiz. 

Dam olishning qanday usulidan foydalansangiz ham, o‘zingizni jismoniy toliqtirib qo‘yishdan saqlaning.

Ovqatlanish: dam olayotganingiz bois istagan ovqatni yeya olaman deyishingiz mumkin. Lekin  sizning oshqozoningizga og‘irlik qiladigan  yoki ertangilik kunda sizni ko‘p bezovta qiladigan ovqatlardan saqlanish maqsadga muvofiq. 

Tarvuz yeyishdan, suyuqliklarni ko‘p ichishdan tiyilish ham siz uchun foydali. Chunki  ertangilik imtihonda sizga xotirjamlik juda ham muhim bo‘ladi. 

Uyqu: Uyqu - insonning muhim ehtiyojlaridan biri. U inson hayotida kamida ovqatlanishchalik ahamiyatga ega. Uyquning kamligi ertangi kunning samarasiz o‘tishiga sababchi bo‘lgani bois  kunlik uyqu me’yorimizni to‘liq bajarishimiz lozim. Ya’ni  siz boshqa kunlari 8 soatdan uxlayotgan bo‘lsangiz, bugun ham shuncha uyquga ehtiyojingiz bo‘ladi. Faqat  ertalab vaqtli turib ketishingiz lozim bo‘lgani sababli  kechki soat 9:00 larda uxlashga yotishingiz maqsadga muvofiq. 

Uxlashga yotishdan oldin, soat zangini 4:30 ga to‘g‘rilab qo’yish bilan birga, uydagilardan  ertaroq uyg‘otishlarini so‘rashni ham unutmang. Har holda, imtihonga kechikishni xohlamayapsiz-ku.

Xotirjamlik: bu bo‘lim, asosan, 1-avgust kuniga ko‘proq tegishli bo‘lsa-da, imtihondan oldingi hayajon ham sizga ancha qiyinchilik tug‘diradi. Kirish imtihoni hayot-mamot masalasi emas. Oliy o‘quv yurtiga kirganlar ham, kirmaganlar ham yashashda davom etadi. Shu sababli  xotirjamligingizni yo’qotib qo‘ymang. Lekin  bu imtihon eng kamida keyingi bir yilingizni hal qilishini ham unutmang. 

Imtihon kunidagi psixologik holatlar to‘g‘risida gazetamizning keyingi sonida suhbatlashamiz.

Azimjon MAHMUDOV

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments