ESHIK OLDIDA

1284051140Y6s40q.jpg

Salom, abituriyent.

Uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tib, mana, talabalik “qasri” oldida turibsiz. Qarshingizda eshik. U ochilsa bas, sizni “oltin davr” qarshi oladi. Biroq bu eshikni ochish uchun tutqichdan tortish yoki “Sim-sim” deyish kamlik qiladi. 200 daqiqalik bilim bahsidan so‘ng siz eshikdan ichkariga kirasiz yoki qaytib ketasiz – bu o‘zingizga bog‘liq. 

Ajnabiy ellardan qolgan ajoyib bir hikoyat bor. 

Tabiat insonni tuproqdan yaratibdi. Ikki qo‘l, ikki oyoq, ikki ko‘z… Xullas, inson bekam-u ko‘st yaralibdi-yu, biroq bir parcha loy ortib qolibdi. Tabiat bu loyni insonning qo‘liga tutqazibdi va shunday debdi:

 - Bu – sening baxting. 

Ha, har kimning baxti o‘z qo‘lida. Hikoyatda tilga olingan bir siqim loydan baxt yarata olamizmi yoki yo‘q – bu niyatlarimiz va harakatlarimizga bog‘liq. 

Bir keksa kishi marafon yugurish musobaqasi o‘tkazilishi haqida eshitib qolibdi. Aytilgan paytda belgilangan joyga kelibdi va ko‘ngilli bo‘lib ishtirok etmoqchiligini bildiribdi. Unga imkon berishibdi.   

Start berilibdi. Keksa kishi hammadan ortda qolib, bir maromda, shoshilmay borarkan.

Musobaqa shartlariga ko‘ra, har uch kilometrdan so‘ng dam olish imkoniyati berilardi. Barcha yuguruvchilar bu imkoniyatdan foydalandilar. Faqat keksa kishigina tinmay yugurardi. 

Va nihoyat, marra ko‘rindi. Unga birinchi bo‘lib kutilmaganda haligi qariya yetib keldi. Shunda uni so‘roqqa tutdilar:

 - Siz biror yerda dam olmadingiz ham, suv ichmadingiz ham. Dam olmay shuncha yugurish… Bunga qanday erishdingiz? 

 - Nima, dam olishga ruxsat berilganmi?! Agar bilganimda… 

Ha, keksa kishi dam olish imkoniyati mavjudligidan bexabar edi. Aks holda, undan foydalangan va g‘oliblikni qo‘ldan boy bergan bo‘lardi. 

Eshik oldida turgan abituriyent do‘stlarimiz bilsinlarki, siz test topshirish kerakligi va uning natijasi sizni talabalikka yetaklashini bilasiz. Qolgani bekor. Bu yili testlar ancha qiyin bo‘lar ekan; sen hujjat topshirgan universitetga kirmoqchilar soni uch mingtadan oshibdi; falon yigit ancha bilimli ekanligiga qaramay, o‘sha universitetga ikki yil kira olmabdi kabi ma’lumotlar sizni chalg‘itadi, xolos. Siz marafonchisiz: qarshingizda marra. Boshqa ishtirokchilar-u dam olish imkoniyatlari sizni susayishga olib keladi. Shu bois ularga parvo qilmagan ma’qul. 

Birorta jangda mag‘lub bo‘lmagan qo‘mondon bir safar og‘ir ahvolda qolibdi. Shoh unga dengiz ortidagi davlat bilan jang olib borishni buyuribdi. Qo‘rqinchlisi dengizni oshib o‘tish emas, balki askarlarining raqib jangchilaridan ancha kamligi va buning oqibatida ularda qo‘rquv alomati paydo bo‘lishi mumkinligi edi.  

Qo‘mondon askarlari bilan dengizni oshib o‘tibdi. So‘ng buyuribdi: “Kemalarni yoqib tashlanglar”. Askarlar hayrat ichida buyruqni bajarishibdi. Ish yakunlangach, qo‘mondon askarlariga murojaat qilibdi:

 - Inilarim, anglagan bo‘lsangiz kerak, bizda ortga yo‘l qolmadi. Qochish xayolidan voz kechdik. Endi bizning oldimizda faqat bir yo‘l bor: u ham bo‘lsa, raqibni mahv etish. 

O‘sha to‘qnashuv ham qo‘mondon foydasiga hal bo‘libdi. 

Eshik oldiga kelgan ekansiz, endi ortga yo‘l yo‘q. Ikkinchi variant (qayiqlarga o‘tirib qochish) dan butkul voz keching. Shu yilgi ishni shu yilning o‘zida uddalashga ahd qiling. Har qanday “Plan B” lar shijoatingizni susaytirishga olib keladi. 

Kamonbozlikni o‘rgatuvchi ustoz daraxtga nishonni ildi va o‘quvchilariga o‘q-yoylarni tayyorlashni buyurdi. Hamma tayyor bo‘lgach, o‘quvchilarga “Nimani ko‘ryapsan?” degan savol bilan murojaat qildi. Bir o‘quvchi: “Daraxt va nishonni”, - deb, boshqasi: “Barglar, shoxlar va nishonni”, - deb, yana boshqasi: “Osmon, shox-shabbalar, nishonni”, - deb javob berdi. 

Shunda ustoz Arjunga ham ushbu savolni berdi. Arjun javob qaytardi:

 - Faqat nishonni ko‘ryapman.

Arjunning maqsadi o‘qni nishonga urish edi. Shu bois u bosh maqsadidan – nishonni urishdan boshqa narsani ko‘rmadi ham, o‘ylamadi ham. Ha, undan o‘rnak olsak arziydi. Test topshirish ostonasida turgan abituriyent ham imtihon jarayonida savollarga javob topish va buning uchun berilgan vaqtdan boshqasini o‘ylamasligi lozim. Kim taqiqlangan vositalardan foydalanyapti-yu, nazoratchi kimga tanbeh beryapti – bular bilan nima ishimiz bor? Nishonni ko‘rsak bas, u yog‘i o‘qni qanday yo‘naltirishimizga bog‘liq bo‘lib qoladi.   

Aziz abituriyent!

Mayli, “Abituriyent” gazetasi endi sizga kerak bo‘lmay qolar, mayli, endi sizdek gazetxonimiz bilan xayrlashishga to‘g‘ri kelib qolar, biroq biz – tahririyat xodimlari talabalik baxti sizga ham nasib etishini chin dildan istab qolamiz. O‘qishga kirib, yetuk kadr bo‘lib yetishsangiz, yurtimiz rivojiga o‘z hissangizni qo‘sha olsangiz, biz ham o‘zimizni maqsadga yetgan deb hisoblaymiz.  

Omon bo‘ling.

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments