DTM DIREKTORI BILAN SUHBAT

test2.jpg

– Men so‘zimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 11-iyundagi “2013/2014-o‘quv yilida Oliy o‘quv dargohlari to‘g‘risida”gi Qaror bilan boshlamoqchiman. Bu qarorda qabul kvotalariga aniqlik kiritilgan, – deydi Bahrom Mahmudovich. – O‘tgan yilgiga solishtirganda juda ham katta o‘zgarishlar sodir bo‘lmadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, bakalavrlar tayyorlash uchun o‘quv yurtlariga 

56 607 yigit-qizlar qabul qilinib, ulardan 19 120 nafari davlat granti asosida va 37 487 nafari to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinadi. Oliy o‘quv yurtlariga magistratura bosqichi uchun 6 300 talaba qabul qilinadi.

Bu hujjatga mos ravishda test sinovini o‘tkazish uchun yirik masshtabda tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, test o‘tkaziladigan auditoriyalar aniqlangan, auditoriyalarning rahbarlari, kuzatuvchilari tayinlangan. Ular vazirliklar tavsiyasiga binoan tanlab olingan va markazimizda kerakli tayyorgarliklarni ko‘rishmoqda.

–Oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshiradigan abituriyentlar soni bo‘yicha rekord natija har yili yangilanmoqda. Bu yilgi abituriyentlar “oqimi”da istisno kuzatilmaydimi?

– Respublikamizda oliy ta’limga bo‘lgan talab juda kuchli, shu sababli oliy o‘quv yurtiga kirmoqchi bo‘lganlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Masalan, o‘tgan yili 432 ming abituriyent test sinovida ishtirok etishdi, o‘lkamizdagi universitetlarda har bir o‘ringa 8 tadan abituriyent to‘g‘ri keldi. Bu mustaqillik yillaridagi abituriyentlar sonining absolut rekordi bo‘ldi! Taxminimcha, joriy yilda abituriyentlar soni 10 % ga ortadi. 

– Test sinovlarini o‘tkazishda qandaydir o‘zgarishlar yuz beradimi?

– Bu yilgi test sinovida alohida yangiliklar ro‘y bermaydi. Odatdagidek abituriyentlarga uchta fandan 108 ta test savoli, har bir savolga to‘rttadan javob beriladi. Ulardan to‘g‘risini tanlash lozim bo‘ladi. 

To‘g‘ri, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining ayrim yo‘nalishlarida uch emas, to‘rt fandan test topshiriladi, lekin test savollarining soni o‘zgarmay qoladi – 108. Bu yerda 36 ta savol matematikadan, 36 ta savol fizika fanidan, undan tashqari, 18 ta (avvalgiday 36 ta emas) savol ona tili va yana 18 ta savol ingliz tilidan bo‘ladi. Bu narsa o‘quv yurtlarida chet tillarini o‘rganishni rivojlantirish va shu orqali yoshlarimizning dunyo sivilizatsiyasi durdonalari va xalqaro dunyo axborot resurslari bilan yaqindan tanishishlari uchun amalga oshirilmoqda. 

Yana bir narsaga e’tiboringizni qaratmoqchi edim. Bundan keyin yuristlar faqatgina Toshkent davlat yuridik universiteti va Qoraqalpog‘iston davlat universitetlarida tayyorlanadi. 

Yuqoridagi qarorga bog‘liq yana bir yangilik: chetki qishloqlardagi umumta’lim maktablari va kollejlarida chet tili o‘qituvchilariga ehtiyoj yuqori bo‘lsa, ularning talablaridan kelib chiqib, o‘sha qishloq abituriyentlari maqsadli ravishda oliy o‘quv yurtining bakalavriatlariga qabul qilinishadi.  – Ular kirish imtihonlarisiz o‘qishga qabul qilinishadimi?

– Yo‘q, nega axir, ular ham hamma qatori test sinovida ishtirok etishadi, lekin o‘tish ballidan kamroq ball to‘plashsa ham, o‘quv yurtiga qabul qilinishadi.

– Hozirgi kunda talab eng kuchli va ommabop bo‘lgan mutaxassisliklar qaysi? Qayerlarda eng kuchli raqobat bo‘lishi kutilmoqda?

– Bu savolga qabul jarayoni tugagandan so‘nggina aniq javob berish mumkin. Ta’kidlash lozimki, hujjatlarning yarmi oxirgi 4-5 kunda topshiriladi. Buning sababi, ko‘pchilik abituriyentlar konkurs haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilishadi va so‘nggi daqiqalarda o‘z tanlovlarini amalga oshirishadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, odatda, eng ko‘p hujjat topshiriladigan yo‘nalishlar – tibbiyot, yurispuridensiya va pedagogika hisoblanib kelgan, so‘nggi paytlarda boshqa yo‘nalishlarga ham talab ortmoqda. Masalan, o‘tgan yili sotsiologiya va psixologiya yo‘nalishining har bir o‘rniga 17 dan ortiqroq abituriyent to‘g‘ri kelgan. Bu ro‘yxatda ikkinchi o‘rinda Atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishi turadi – har bir o‘ringa 11 dan ortiq abituriyent. Va nihoyat, uchinchi o‘rinda yurispuridensiya. Undan keyin aniq fanlar, ortidan tibbiyot va pedagogika kelmoqda. O‘tgan yilgi tendensiya shunday.  

Hududlarda esa so‘nggi ikki yilda Termiz davlat universiteti liderlikni bermayapti. U yerda har bir o‘ringa 13 dan ortiq abituriyent hujjat topshirmoqda. Yuqori raqobat undan tashqari Qarshi, Guliston va Samarqand universitetlarida ham kuzatilmoqda. 

– Bu yilgi qabul jarayonida qanday yangi ta’lim yo‘nalishlari, yangi mutaxassisliklar joriy qilinmoqda?

– Bakalavriat ta’limi yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari har yili qaytadan ko‘rib chiqiladi va yangilab boriladi. Ular hozirgi zamon va bozor iqtisodiyoti talablariga to‘liq mos keladigan shaklda tanlanadi. Bu haqdagi to‘liqroq ma’lumotni abituriyentlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining saytidan olishlari mumkin. 

Ta’kidlash lozimki, bu yil ko‘plab yangi bakalavriat yo‘nalishlari tashkil qilindi: ular kasbiy ta’lim mutaxassislarini tayyorlash maqsadida tashkil qilingan. Ular kollej pedagoglari, telekommunikatsiya, shahar qurilishi va iqtisodi, elektronika va asbobsozlik hamda boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi.

O‘ylaymanki, abituriyentlar oqimini kadrlar menejmenti, neft va gaz sanoati texnologiyasi, texnologik jarayonlarning informatsion-kommunikatsion sistemalari, kompyuter va dasturlash muhandisligi, telekommunakatsion texnologiyalar qiziqtiradi. Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.

– Kirish imtihonida ma’lum yo‘nalishlardagi abituriyentlarga beriladigan imtiyozlar saqlanib qoldimi?

– O‘tgan yilgidek, fanlar bo‘yicha Respublika olimpiadasi g‘oliblari, Xalqaro fan olimpiadasi g‘oliblari, xalqaro musobaqalar va sport musobaqalari g‘oliblariga test sinovlarisiz oliy o‘quv yurtiga kirish imkoni beriladi. Lekin ijodiy va sport musobaqalarida g‘alabaga erishgan abituriyentlar faqat o‘z yo‘nalishlaridagi oliy ta’limga kira olishadi. Buni ko‘pchilik unutib qo‘yadi. Respublika fan olimpiadasi g‘oliblariga imkoniyat bir yilgacha amalda bo‘ladi. Lekin xalqaro badiiy-ijodiy tanlovlar, Olimpiada o‘yinlari g‘oliblariga, qit’a va dunyo chempionlariga bu imkoniyatlar uch yil davomida amalda bo‘ladi. 

Harbiy xazmatni o‘tab kelgan abituriyentlarga beriladigan imkoniyatlar saqlanib qolinishi bilan birgalikda oxirgi yillarda biroz orttirildi. Oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlarida ular maksimal ballning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha ballga ega bo‘ladilar. Bu esa 61,2 ballni tashkil etadi. Harbiy xizmatni o‘tab kelgan abituriyentlarning imkoniyatlari uch yilgacha saqlanadi.

– Test o‘tkazish jarayoni qanday bo‘ladi? Qandaydir o‘ziga xosliklar kuzatiladimi?

– Uzoq yillar davomida test sinovlarini tartibli o‘tkazishning tajribasi orttirildi. Bu, bir tomondan, yoshlarning bor bilim va malakalarini ko‘rsatish imkonini yaratgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, natijalarni adolatli ravishda chiqarishni ta’minlamoqda. 

Imtihon boshlanishidan yarim soat oldin yigit va qizlar auditoriyaga o‘zlari bilan faqatgina pasport va abituriyent ruxsatnomasini olib kiradilar. Mana ikkinchi yilki, kirish imtihoniga uyali telefon va shpargalkalarni ishlatishgina emas, ularni olib kirishga urinish abituriyentni test sinovlaridan chetlatishga asos bo‘lmoqda. 

Talabalikka da’vogarlarga savollar kitobidagi tipografik kamchiliklarni ko‘rib olish uchun yarim soat vaqt beriladi. Undan keyin savollarni yechishga uch soat va yana javoblar varaqasiga to‘g‘ri javoblarni ko‘chirishga 20 daqiqa beriladi.

Test sinovi jarayonida qat’iy qoida amal qiladi: boshqa abituriyentlar bilan, auditoriya rahbari bilan, nazoratchilar bilan gaplashish, imtihon davomida sinf xonasidan chiqish qat’iy taqiqlanadi. Bunga istisno faqatgina abituriyentning holati yomonlashganda yuz berishi mumkin, xolos. 

– Abituriyent o‘zi bilan ruchka yoki ichimlik suvini olib kira olmaydimi?

– Aslo mumkin emas. Ruchka ham, qoralama qog‘ozlar ham, so‘ralganida ichimlik suvi ham auditoriyada beriladi. 

– Uyali aloqa kompaniyalariga imtihon kuni bir necha soatga mobil aloqani uzib qo‘yishlarini iltimos qilsa bo‘lmaydimi?

– Menimcha, bu boshqa ko‘p sonli uyali aloqa foydalanuvchilariga nisbatan haqsizlik bo‘ladi. Bu ko‘plab odamlarga noqulaylik tug‘diradi, jumladan, operatorlarning ma’lum dividendlaridan mahrum bo‘lishlariga sabab bo‘lishi mumkin.

– Kirish imtihonidan o‘ta olmagan, lekin barcha savollarga to‘g‘ri javob berganiga ishonchi komil bo‘lgan abituriyentlar qanday yo‘l tutishlari lozim?

– Juda oddiy – Davlat test markaziga kelib appelatsiyaga topshirishsin. Appelatsiyaga topshirish uchun abituriyentda natijalar chiqqanidan so‘ng bir oy davomida imkoniyat mavjud bo‘ladi. O‘tgan yili   4 mingdan ortiq abituriyentlar appelatsiyaga hujjat topshirishdi, ular abituriyent va uning ota-onalari bilan birga ekspertlar tomonidan o‘rganib chiqildi. Ulardan 8 nafari ijobiy natijaga erishdi.

– Bahrom Mahmudovich, bir necha haftadan so‘ng test sinovi topshiradigan yigit va qizlarga qanday tilaklar bildirasiz?

– Men balandparvoz gaplarni gapirmayman, faqatgina o‘zimdan misol keltiraman. Ko‘p yillar avval men ham nufuzli oliy o‘quv yurtiga topshirdim. U yerdagi har bir o‘rin uchun juda kuchli raqobat bor edi. Tun-u kun tayyorgarlik ko‘rdim, juda ham hayajonlandim. Talaba bo‘lganimda esa o‘zimni dunyodagi eng baxtiyor insondek his qildim

To‘g‘ri yo‘lni tanlab olish juda muhim. Buning uchun o‘zining imkoniyatlarini hisobga olish, ota-onalar va do‘stlar bilan maslahatlashish lozim. 

Ishonamanki, eng loyiq, eng bilimli, eng irodali yigit-qizlar “abituriyent” unvonini “talaba” unvoniga almashtiradilar.

Uz24.uz saytidan olindi va rus tilidan tarjima qilindi.

 

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments