BUGUN IMTIHON

20130722_151619.jpg

Mana, biz anchadan beri kutayotgan, unga tayyorgarlik ko‘rayotgan kunimiz yetib keldi. Kimdir shu kunni tezroq yetib kelishini, yana kimdir esa kelmay turishini xohlayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin vaqt ikki odamning ham xohishiga e’tiborsiz ravishda harakatlanmoqda.

Bugun bizga ilmiy ustunlik bilan birga ruhiy ustunlik  ham juda  zarur. Chunki usiz biz mag‘lubiyatga uchrashimiz aniq. 

Ruhiy ustunlik nimada seziladi? 

Atrofdagi asabbuzarliklarni deb asabni buzmaslikda, albatta. Axir bugun anchagina og‘ir kun, asabbuzarliklar sizga yetarli miqdorda topiladi. Keling, ularni birma-bir ko‘rib chiqamiz. 

Erta tongda vaqtli turib, yo‘lga chiqdingiz. Afsuski, hamma sizga o‘xshab vaqtli chiqib olgan-u, yo‘lda transport muammosiga duch keldingiz. To‘g‘ri-da, shunday kunda transport bemalol bo‘lishi g‘alati-ku. Nima qilibdi, elga kelgan to‘y. Bittasi bo‘lmasa, boshqasida ketarsiz. Agar siz transport yo‘qligiga asabingizni buzadigan bo‘lsangiz, eh-he, hali qanday muammolar sizni kutib turibdi. Shu sababli e’tibor bermang, vaqtli borganingiz bilan yugurib ichkariga kirib keta olmaysiz.  

images.jpg

Imtihon topshiriladigan dargohga keldingiz: “Voy-bo‘, namuncha odam ko‘p?!” Nima bo‘pti odam ko‘p bo‘lsa?! Hamma sizga o‘xshab test topshirishga kelgan. Qolaversa, bu yerda odam ko‘pligining yana bir sababi bor: har bir abituriyent orqasidan 2-3 tadan yaqinlari kelgan. Bularning hammasi ham abituriyent emas. Asablaringizni xoli qo‘ying-da, sekingina olomonga borib qo‘shiling. Chunki asabiylashish – bu ruhan kuchsizlikdan dalolat. 

Amallab ichkariga kirib oldingiz. Bu hali hammasi emas. Ota-onalarni tashqarida qoldirib, abituriyentlarni ichkarida yig‘ib turishibdi. Lekin bu yer ancha tartibli. Hamma o‘zining oldindan belgilab qo‘ygan guruhi bilan bir qatorga jamlanib turibdi. Bu yerda abituriyentlarning yuzida ko‘proq hayajon ko‘rinadi. To‘g‘ri-da, hayajonlanmay bo‘ladimi? Kelajak hayotini belgilaydigan sinov oldida turishibdi-ku ular.  

Bunday holda, sizga hayajonlanmang desak, sizni robotga aylantirib qo‘yishimiz mumkin. Faqat hayajonlanganingizda yuragingiz tezroq urib, ruhiy muvozanatdan chiqib qolishingiz mumkin. Shu sababli hayajoningizni tezroq bosib olishga urining. 

Tez orada sinf xonalarga joylashtirilasizlar. U yerda esa yana kutish kerak. Kutish azobi qanday ekanligini  bilamiz, lekin asabiylashishga arzimaydi. 

Va nihoyat, tushuntirishlar va boshqalar tugab, imtihon boshlandi. Siz o‘zingizni erkin tutgan holda butun diqqatingizni savollar kitobchasiga va savollarga jamlang. Test yechishni boshlang. 

Test sinovi jarayonida har qanday hodisalar sodir bo‘lishi mumkin. Test o‘tayotgan xonadagi muhit nazoratchiga bog‘liq. Balki, sizning xonangizda nazorat juda qattiq bo‘lar, balki, juda bo‘sh bo‘lar. Agar xonada nazorat sust bo‘lib, atrofingizdagilar qandaydir qo‘llanmalar yoki boshqa texnikalardan foydalanishga urinishayotgan bo‘lsa, aslo haroratingiz oshmasin.  Chunki ular o‘zi kuchli bo‘lganida bunday narsalardan foydalanmagan bo‘lardi. Bu “matohlar” esa hamma savollarni yechish uchun yetarli bo‘lmaydi. Chunki ba’zi savollar mantiqiy fikrlashni talab qiladi. Mantiqiy fikrlash qismi esa hech qaysi qo‘llanmada yo‘q. 

Nima bo‘lgan taqdirda ham bu bir test sinovi, xolos. Sizning hayot-mamot masalangiz emas. Ya’ni imtihondan o‘tgan yashab qolib, o‘ta olmaganlar o‘limga hukm qilinadi degani emas. Shu sababli bu imtihonni juda qiyin muammoday ko‘rmang. Qo‘lingizdan kelgan barcha ishni qiling. Talaba bo‘lish uchun bor bilimingizni ishga soling, lekin asab tolalaringizni saqlab qoling. Chunki asab tolalari qayta tiklanmaydi. 

Sizga omad yor bo‘lsin!

 Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments