USTOZ

Shoh Iskandar dunyo bo‘ylab yurishini davom ettirayotgan edi. Navbat bir shahar-davlatga kelibdi. An’anaga rioya qilgan holda avval shu joyning xususiyatlari bilan tanishishga kirishibdi. Ko‘rib bilsaki, bu davlatda adolat hukmron, taraqqiyot bardavom, xalq to‘q, o‘g‘riliklar yo‘q ekan. Qiziqib so‘rabdi:

papanhitam-cikgu.jpg

 - Bunday farovonlik nimaning evaziga?  

Shahar ulug‘lari javob berishibdi:

 - Bu yerda shoh-u gado ustozga birdek hurmatda bo‘ladi.

Darhaqiqat, ustozni qadrlagan el kam bo‘lmaydi. 

Muddaomizni tushungandirsiz: biz bugun ustozlar haqida mulohaza yuritamiz.

Xo‘sh, ustoz kim? U qanday zot?

Sohibqiron bu foniy dunyodan o‘tar bo‘lsam, meni ustozimning oyoq tomonlariga dafn etinglar, deb vasiyat qilgan edilar va shunday ham bo‘ldi. Nega aynan ustozning poylariga?!

Navoiydek shaxsga ustoz sanalgan Abdurahmon Jomiy umrining so‘nggi kunlarini jorubkashlik bilan, ya’ni supurib-sidirish ishi bilan o‘tkazdilar. Yana qayerni deng – ustozlari Abdullo Ansoriyning qabrlarini. Nega?!

Temuriy  Abusaid Mirzo bir davrada o‘tirar ekan, tizzalari toshli joyga to‘g‘ri kelib, zir og‘risa-da, o‘rnidan qimirlagani yo‘q. Chunki o‘sha damda ustozlari nutq so‘zlayotgan edilar. Buni qanday tushunish mumkin?!

Bu savollarga javob berish shart emas: shu savollarning o‘ziyoq ustozning qanday zot ekani haqidagi barcha savollarga javob bo‘la oladi.

Tasavvur qiling: neandertal davridamiz. Turli ov qurollari, ov qilish usullari kashf qilindi. Biroq hech kim avlodiga bularni o‘rgatmadi, ustozlik qilmadi, deylik. Natija qanday bo‘lardi? Qanday ham bo‘lardi, albatta, hozir ham o‘sha davrni boshdan kechirayotgan bo‘lardik. Shu birgina tasavvurimiz ham ustozning jamiyat tamaddunida yuksak o‘rni borligini isbot etadi.

Hech e’tibor berganmisiz: xalqimizda otasizlik yoki onasizlik ayb deb qaralmaydi.  Taqdirning ishi bu, deyiladi. Lekin ustoz ko‘rmaganlik – bu bir illat. Shunday illatki, jamiyatni chalamullalarga, ular vositasida falokatga yo‘liqtiradi.  Zero, Jomiy aytganlaridek:

Ustoz-muallimsiz qolganda zamon,

Nodonlikdan qora bo‘lurdi jahon.

 Ba’zan ko‘cha-ko‘yda eshitib qolamiz: o‘qituvchi ham o‘qitib, qilgan ishiga haqini olib ketadigan kishi-da. Bu gap shunchalik osonlik bilan aytilmoqdaki, undan shunchalik nodonlik isi ham ufurib turibdi, ustoz ko‘rmaganlikni fosh etib qo‘yayapti. Vaholanki, Hazrat Navoiydek kishi birgina harf o‘rgatgan ustozning haqini yuz ganj (xazina) bilan ham ado qilib bo‘lmaydi, degan edilar. Mana shunday oqilona fikr gap aytish uchun ham ustoz ko‘rgan bo‘lish kerak-da. 

Bir kuni Ibn Sinoning uyiga ustozi tashrif buyuribdi. Shunda otasi unga tomga chiqib o‘tin tashlashni va choy qaynatishni buyuribdi.

Yosh Ibn Sino narvonga chiqa turib, to‘xtadi va yig‘lay boshladi.

Buni ko‘rgan otasi yig‘ining sababini so‘radi. Ibn Sino :

- Ustoz o‘tirgan uyning tomiga chiqa olmayman, sizning so‘zingizga ham qarshi tura olmayman, - degan ekan.

Ustozni ota darajasida ulug‘ ko‘rish - bizlarga ajdodlardan meros. Zero shoir aytganidek:

Yo‘qlik olamidan olib keldi bu,

Borliqqa qadamni qo‘ydirgan zot u.

Ha, juda ajoyib xalqmiz. Ustozga hurmatni butun jahon bizdan o‘rgansa arziydi. Ayting, qaysi davlatda ustoz va murabbiylar kuni bor-u, bo‘lsa ham dam olish kuni deb e’lon qilingan? Mana shunday davlat, mana shunday xalq bilan har qancha faxrlansak arziydi.

So‘zimiz yakunida maqolamiz qahramonlariga barkamol avlodni yetishtirishdek zahmattalab ishlarida kuch-quvvat, sabr-toqat tilab qolamiz. Baxtimizga doim sog‘-omon bo‘ling, aziz ustozlar!

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments