O‘ZI HAM, SO‘ZI HAM O‘TKIR EDI UNING

��ки�-Хо�имов.jpg

Assalomu alaykum. 

Shoirimiz Erkin Vohidov umrni qabr toshiga o‘yib yozilgan ikki yilning o‘rtasidagi chiziqqa o‘xshatgan edi. Ana shu chiziq endi O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning hayot sanalari o‘rtasidan joy oladigan bo‘ldi: 1941 – 2013. Uzun va jimjimador jumlalarga erk bermay, oz so‘zda maqsadini ifoda etadigan, gaplarida qat’iyat shunday ko‘rinib turadigan, dardchil iboralarni ham xalqchil ifoda etadigan yozuvchimizning vafoti adabiyotimizda tom ma’noda yo‘qotish bo‘ldi, deya olamiz.  

Adabiyotshunos olimlarimizdan biri quyidagi voqeani yodga olgan edi: “Amerikadan kelgan … yoshi o‘ttizlar atrofidagi Meygan xonim kafedramizda uzoq vaqt bo‘ldi, tadqiqot olib bordi. U o‘zbekchani qiynalib gapirar, ammo o‘zbekcha badiiy asarlarni qunt bilan o‘qir edi. Bir kuni Ozod Sharafiddinov unga “Dunyoning ishlari” ni o‘qishni tavsiya etdi. Meygan O‘tkir Hoshimov qissasini o‘qidi-yu, “Uyimga ketaman. Onamni sog‘indim”ga tushib qoldi. Tez kunda amerikalik xonim uyiga, onasining bag‘riga jo‘nab ketdi”.

Ha, Muzaffar, Rustam, Sherzod, Alimardon To‘rayev kabi qator obrazlari, nimasi bilandir xalqning ko‘ngliga moydek yoqib ketuvchi jumlalari bilan ham O‘tkir Hoshimov adabiyotimiz tarixida muqim o‘rin tuta olardi, shunga qaramay, xassos adib o‘zbeklarning ONAlari timsollarini ham yaratib ketdiki, hech bir yozuvchimiz bu borada uning oldiga tusha olmaydi. Shu obrazlar sababli O‘tkir Hoshimovni yuzlab onalar o‘g‘lim deb atadi. Bunday baxt hammaga ham nasib etavermaydi.

Aziz gazetxon! Biz bugun hali marhum deyishga negadir tilimiz o‘rgana olmayotgan adibimizning hayotiy kuzatuvlari samaralari – aforizmlaridan bir shingil taqdim etmoqchimiz. O‘tkir Hoshimov “bog‘idan uzilgan bu mevalar”dan bahra olib, umid qilamizki, “bog‘bon”ning haqiga duo qilib qo‘yasiz.

Ketmas boylik

Menda bir so‘m bor. Sizda ham bir so‘m bor...

Men sizga o‘zimning pulimni berdim.

Siz ham menga o‘zingizning pulingizni berdingiz…

Hech nima o‘zgarmadi. Sizda ham bir so‘m pul qoldi, menda ham...

... Menda yangi bir fikr bor. Sizda ham yangi fikr bor...

Men sizga yangi fikrimni aytdim. Siz ham menga yangi fikringizni aytdingiz…

Sizda ham ikkita fikr paydo bo‘ldi, menda ham…

Esli odam pul almashmaydi. Fikr almashadi.

 

Da’vo

Donolik bilan nodonlik shu qadar yaqinki, odam donolikni qancha ko‘p da’vo qilsa,

shuncha nodon bo‘ladi!

 

Tosh va qum

Toshni maydalab, qumga aylantirish uchun bir daqiqa kifoya. Ammo qumning toshga

aylanishi uchun ming yil kamlik qiladi. Do‘stlik ham shunga o‘xshaydi.

 

Ona tili

Qancha ko‘p tilni bilsangiz, shuncha yaxshi. Biroq odam ona tilida tafakkur qiladi,ona tilida tush ko‘radi, ona tilida yig‘laydi... o‘lim oldida onasini ona tilida yo‘qlaydi...

 

Kapalak va toshbaqa

Toshbaqa guldan gulga qo‘nib yurgan kapalakni ko‘rib g‘ashi keldi.

“Bir kunlik umriga uchishini qara!”

Kapalak toshbaqani ko‘rib kuldi.

“Yuz yillik umriga sudralib yurishini qara!”

 

Xom sut emgan banda

Odam uchta narsaning qadrini doim kechikib biladi. Yoshlik. Sog‘lik. Tinchlik.

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments