MUNTAZAM MASHQ

Garchi oldin ham o‘qigan bo‘lsangiz-da, keling, suhbatimizni shu  hikoya bilan boshlaylik.

Rivoyat qilishlaricha, shoh Bahrom merganlikda tengsiz bo‘lgan ekan. Kunlarning birida ov paytida u kamondan uzgan birgina o‘q kiyikning ikkala old oyog’iga sanchilibdi. Shoh Bahromga hamrohlik qilayotgan malika Gulandom: “Bu muntazam mashqning xosiyati”, - debdi. Shoh uni ko‘klarga ko‘tarib maqtash o‘rniga oddiy mashqni sabab qilib ko’rsatgan Gulandomdan g‘azablanibdi va malikani cho‘l-u biyobonga yolg‘iz tashlab kelishni buyuribdi. 

Gulandom cho‘lni tanho  kezib yurib holdan toyibdi va kutilmaganda chol-kampir cho‘ponlarga yo‘liqibdi. Ular befarzand bo‘lib, o‘z  rizqini halol topib kelayotgan insonlar edi. Malika ularga o‘zini yo‘ldan adashgan bir bechoraman deb tanishtiribdi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan bexabar chol-kampir yetkazganiga shukur qilib, malikani o‘zlariga qiz qilib olishibdi. 

Gulandomning hayotida cho‘l-u biyobondagi bir xil tarzda  kechadigan kunlar boshlanibdi. Uning bajaradigan ishi ertalab va kechki payt sigir sog‘ish va uy yumushlaridan iborat edi. Malika har kuni barcha ishlarni bajarib bo‘lgach, yangi tug‘ilgan buzoqchani tom boshiga olib chiqib, yana uni yerga tushirish bilan shug‘ullanardi. U ushbu mashg‘ulotni kun mobaynida juda ko‘p marotaba takrorlardi. Kunlar ketidan oylar o‘tib, buzoqcha katta buqaga aylanadi. Biroq Gulandom o‘rgangan mashg‘ulotini takrorlashdan charchamasdi. Aksincha, hech kimning qo‘lidan kelmaydigan bu ishni u ortiqcha qiyinchiliksiz bajarayotganidan quvonardi. Qizining bu harakatlarini ko‘rgan chol-kampir hayratdan yoqasini ushlardi.

Kunlarning birida shoh Bahrom o‘zining sevimli mashg‘uloti bo‘lgan ovga berilib ketib, navkarlari bilan cho‘l-u biyobonda yo‘ldan adashib qolibdi va biz bilgan cho‘ponning uyiga duch kelibdi.  Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, nozikkina bir juvon bahaybat buqani dast ko‘tarib tomning boshiga olib chiqar va qayta tushirib qo‘yardi. Hayratdan dong qotib qolgan ovchilar ko‘z o‘ngida u ushbu ishni bir necha marotaba takrorlabdi. Podshohning navkarlari orasidagi yetti iqlimga dong‘i ketgan polvonlar ham katta novvosni tomga olib chiqish u yoqda tursin, hatto, uni ko‘tarishga ham kuchlari yetmas edi. Shunda shoh Bahrom beixtiyor: “Bu muntazam mashqning xosiyati” deb yuboribdi. Boshidagi ro‘moliga yuzini qo‘shib o‘rab olgan Gulandom chehrasini ochib shohga ta’zim qilibdi. Malikani tanigan podshoh shu zahotiyoq qilgan xatosini anglab yetib, Gulandomdan uzr so‘rabdi va uni o‘zi bilan birga saroyga olib ketibdi.

Hikoyadan maqsadimizni tushungandirsizlar. Ayrim fanlarda vaqt va tezlik masalasi juda muhim. 

31.jpg
Aniq fanlarda savolning yechilish yo‘lini tez topa olish muhim. Buning uchun esa shunga o‘xshagan savollar ustida orttirilgan tajriba kerak bo‘ladi. 

Bu narsani o‘z ustingizda tajriba qilib ko‘rishingiz mumkin. Qaysidir oyda qaysidir misolni yecha olmagan bo‘lishingiz mumkin, lekin hozir o‘sha turdagi misollarni hech qanday qiyinchiliksiz va tezkorlik bilan yecha olyapsiz. Buning sababi esa o‘sha qiynalgan vaqtda orttirgan tajribangiz. Demak, oxirgi ikki oyda siz, imkon qadar ko‘proq savollarni yechishingiz lozim.

Ba’zi abituriyentlarda misollarni yechishga ko‘p vaqt ketib qolayotganday tuyuladi. Aslida, misolning yechilish yo‘lini qidirishga ketgan vaqt isrof hisoblanmaydi, uni o‘rganishga sarflangan vaqt sifatida qabul qilish kerak. Hozir qiynalib ko‘p vaqt sarflayotgan misolingizga keyingi safar albatta kam vaqt sarflaysiz. 

Bu yerda o‘sha qiyin misollarni Gulandom ko‘targan buzoqqa taqqoslash mumkin.

Tezlik masalasida gap ketganida, yana bir narsani eslatib o‘taylik. Sizdan so‘ralgan 36 savoldan kamida 18 tasi juda ham oson yechiladigan savollar hisoblanadi. Siz diqqatingizni eng avval shunday savollarga qaratishingiz lozim. Chunki, qiyin savolga ham, oson savolga ham bir xilda ball beriladi. 

Bitta fanning oson savollarini tugatgach, ikkinchi fanning, keyin uchinchi fanning oson savollarini yechib oling. Undan so‘ng biroz qiyinroqlarini xuddi shunday ketma-ketlikda yechib chiqing. Juda ham ko‘p vaqt oladigan, qiyinroq savollar oxiriga qolsin. Mobodo, yecha olmay qolsangiz, juda ko‘p ball yo‘qotmaysiz. Lekin boshida o‘sha savolga ko‘p vaqt va energiyangizni ishlatib qo‘yib, u savolni yecha olmasangiz, kayfiyatingiz buzilishi keyingi oson savollarga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. 

Muhimi, har qanday holatda kayfiyatingizni tushirmay ushlab turing. Agar savollar sizga qiyinlik qilayotgan bo‘lsa, boshqa raqiblaringizga ham qiyinlik qiladi. Oson tuyulsa, xursandchilikdan o‘zingizni yo‘qotib ham qo‘ymang, chunki raqiblaringizga ham oson savol tushgan bo‘ladi. 

 Azimjon MAHMUDOV

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments