MUHIMI, SENDAN O‘ZIB KETAMAN!

cita2.jpg                         depositphotos_1581376-Running-men.jpg

Amerikalik va Yaponiyalik ikki tadbirkor o‘rmonda tashkil etilgan seminarga tashrif buyurishdi. Tanaffus paytida ular o‘rmonda sayr qilishni ma’qul deb topishdi. Bir payt ortlaridan eshitilgan yirtqich hayvonning o‘kirigi ularni cho‘chitib yubordi. O‘zlari tomonga o‘qday otilib kelayotgan arslonni ko‘rgan tadbirkorlar oyoqlarini qo‘lga olib qocha boshlashdi.
Qochib ketish asnosida yapon birdan to‘xtab, xaltasidan yengil sport poyabzalini olib kiya boshladi. Shunda amerikalik unga qarab: “Shuni kiysam, arslondan tezroq yugura olaman, deb o‘ylayapsanmi?”- deb baqirdi va oyoq kiyimini kiyish bilan andarmon bo‘lgan sherigidan 20 metrcha o‘zib ketdi. Nihoyat, yapon tadbirkor oyoq kiyimlarini kiyib bo‘lgach, tezda amerikalikka yetib oldi va ko‘p o‘tmay undan o‘zib ham ketdi. Keyin u orqasiga o‘girilib: “Bu oyoq kiyimi bilan arslondan qochib qutula olmasligim mumkin, lekin seni ortda qoldira olaman”,- deb javob berdi. 

Abituriyentlarimizning holati yuqorida qayd etilgan ikki tadbirkordan farq qilmaydi. Ularni ortlaridan arslon quvlab kelmayotgan bo‘lsa-da, muhimi boshqa abituriyentlardan o‘zib ketishlari lozim. Hozir sizning xayolingizdan “Shu gapni aytmasang ham bilamiz” degan fikr o‘tayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin, masalaning asli, qanday o‘zib ketishda. Yapon tadbirkor oyog‘iga sport oyog‘i kiyish yo‘lini tanlabdi. Siz-chi?!
Sizning yengil sport kiyimingiz nimalardan iborat:
Xotirjamlik. Bu so‘zni beparvolik bilan adashtirib yubormasligingiz lozim. Xotirjamlik deganda qiyin vaziyatga tushganda, hayajonlarini jilovlab, o‘sha holatdan chiqib ketish yo‘lini topa olish tushuniladi. Xotirjam odam har qanday masalaga yechim topadi. Siz hali hayotning qiyin jumboqlarini yechmaysiz.
Hozircha, faningizga doir oddiygina masalalarga yechim topishingiz lozim. Ularning ichida osoni ham, qiyini ham mavjud. Hayajon, asosan, qiyin savollarni ko‘rganda tug‘iladi. O‘sha paytda ongingizda hosil bo‘lgan “Bu savolni yecha olmayman” degan fikr sizni qamrab oladi va siz o‘sha misolni yecha olmaysiz.
Bunday qiyin savollarda test sinovining boshida duch kelsangiz, yecha olmaslik psixologiyasi butun test davomida sizga hukmronlik qiladi. Mana shunday vaziyatda bunisi qiyin bo‘lsa, keyingisi osondir deb boshqa savollarga o‘tishingiz sizning g‘alabaga bo‘lgan ilk qadamingiz bo‘ladi.  Shu sababli, har qanday holatda ham o‘zingizni yo‘qotmay, butun diqqatingizni testga qaratishingiz lozim.
Tezkorlik. Bu so‘zni shoshqaloqlik bilan adashtirib yubormang. Tezkorlik o‘zingiz bilgan yo‘ldan tezgina o‘tish hisoblanadi. Qaysidir ishning yechim yo‘lini bilmasangiz-u, ammo uni tezroq bajarishim kerak, deb shoshqaloqlik qilsangiz, bu holda u ish siz uchun salbiy natija bilan tugaydi.  
Kirish imtihonida 108 ta savolni 180 daqiqada yechib tugatishingiz lozim. Agar siz har bir savolga 2 daqiqadan vaqt sarflasangiz, sizga hammasi bo‘lib 216 daqiqa lozim bo‘ladi. Demak, sizda har bir savol uchun atigi 1,5 daqiqadan vaqt bor. Qaysidir savolni 5 daqiqa o‘ylasangiz, u yerda siz yechishingiz mumkin bo‘lgan 3 ta savolning vaqtini ham sarflab yuborgan bo‘lasiz. Demak, siz qiyin savolga duch kelganda tezgina keyingi osonroq savolga o‘tib olishingiz lozim. Chunki qiyin savolga ham, oson savolga ham bir xil ball beriladi.
Siz xotirjamlik va tezkorlikni o‘zingiz uchun yengilgina sport poyabzali qilib olsangiz, bu “oyoq kiyimi” sizga test sinovida asosiy raqiblaringizdan o‘zib ketish imkoniyatini taqdim qiladi.


 Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments