VAQTI KELIB QOLIBDI

15568591-business-man-stop-time-isolated-on-white-background1 copy.jpg

Vaqt har doimgiday bir xilda harakatlanaveradi-yu, intizorlik bilan kutilgan ba’zi onlar birpasda kelib qoladi. Qaysidir sananing kelishini kutib o‘tirasiz-da, birpasda o‘sha onning o‘tib ketganini sezmay ham qolasiz. Shunday kunlardan biri - 1-avgust, ya’ni kirish imtihoni kuni.  
Bu kun yaqinlashganda ko‘pchilik abituriyentlar hujjat topshiradigan oliy o‘quv yurtlarini tanlay boshlaydilar. Ular orasida o‘zi topshiradigan oliy dargohni tanlab bo‘lganlar talaygina bo‘lsa-da, lekin o‘z imkoniyat darajalarini belgilay olmaganligi sababli boshini qashlab turganlar ham juda ko‘p.  
Oliy o‘quv yurtini tanlashda qanday faktorlarga asoslanish kerak? Nimalarga e’tibor berish lozim? Keling, shular haqida bir suhbatlashaylik.
Abituriyent to‘play oladigan ball: Bu faktor juda ko‘p abituriyentlar uchun muhim hisoblanadi. Ayniqsa, bu yil talaba bo‘lmasam bo‘lmaydi, deb hisoblaydigan abituriyentlar aynan o‘tish balli pastroq yoki o‘zlari to‘play oladigan ballga mos keladigan joylarni tanlaydilar.  
Aslida, o‘quv yurti tanlashning bunday usuli ancha mantiqli. Chunki bir xil yo‘nalishlarda bir xil narsa o‘qitiladi. Deylik, Iqtisodiyot yo‘nalishi ko‘plab oliy o‘quv yurtlarida mavjud. Shular orasidan o‘tish balli pastroq bo‘lgani yoki kamroq abituriyent hujjat topshiradiganini tanlasangiz, to‘rt yildan so‘ng siz ham yuqori balli o‘quv yurtidagi talabalar olgan diplomni qo‘lga kiritasiz. Yaxshiroq bilim olishni istasangiz, talabalik davrida o‘z ustingizda ko‘proq ishlashingiz yetarli. Lekin balli past bo‘lib, sizga umuman qizig‘i bo‘lmagan yo‘nalishga topshirish va u yerda umrning to‘rt yilini o‘tkazish mana shu muddatni behuda sarflashdan boshqa narsa emas. Chunki u qaysidir yo‘nalishni tugatgandan so‘ng shu soha bo‘yicha ishlashingiz lozim.
Xulosa: o‘quv yurtini tanlashning bu usuli anchagina foydali va mantiqli.
Universitetning mavqeyi: Insoniyat psixologiyasi: “Eng yaxshisi menga bo‘lsin”. Aslida, bu gap “Men uchun foydali bo‘lsin” ko‘rinishida bo‘lsa, mantiqliroq bo‘lardi. Ba’zi eng yaxshi narsalar biz uchun foydali bo‘lmasligi mumkinligini unutmaslik lozim.
Kuchli bo‘lish uchun qadamni katta tashlash shart emas. Aytmoqchimizki, oliy o‘quv yurti maqsadimiz yo‘lidagi bir qadam, xolos. O‘sha dong‘i ketgan universitetda beriladigan bilimlarni barcha oliy o‘quv yurtlarida ham o‘rgatishadi. 
Universitetning mavqeyiga uchib bir yilingizni sarob qilgandan ko‘ra o‘quv yurtini yuqoridagi usulda tanlash foydaliroq bo‘lsa kerak. Albatta, testlarda 210 balldan yuqori ball to‘play olsangiz, istagan joyingizga topshiring. Lekin 170 ball yig‘a oladigan abituriyentning o‘tish balli 200 dan baland joyga topshirishi uning yana bir yil abituriyentlikka rozi bo‘lganligini ifodalaydi.
Ota-ona xohishi: Ota-ona farzandining yaxshi mutaxassis bo‘lishini juda ham istaydi. Shu sababli ba’zan mening bolam do‘xtir bo‘ladi, mening bolam prokuror bo‘ladi degan yaxshi niyatlar bilan farzand o‘stirishadi. Lekin, afsuski, ko‘p hollarda ota-onaning xohishi bilan farzandniki mos tushavermaydi. Bunday holda ota-onaga vaziyatni to‘g‘ri izohlab, o‘zimiz tanlagan yo‘nalishda o‘qishimiz to‘g‘riroq qaror bo‘ladi.  
To‘g‘ri qarorga kelish uchun bir-ikki yil kirish sinovlarida yiqilib ko‘rish shart emas. Qolaversa, ikki marta yiqilgan abituriyentning shiddati anchagina pasayib ham qoladi.
Falonchining shu yerda o‘qishi: Aslida, bu punktning qo‘yilishi juda kulgili. Toshkent shahrida yigirmaga yaqin oliy o‘quv yurti bo‘lib, u yerda ham bir necha “falonchilar” o‘qiydi. Bizning egallaydigan kasbimiz, bizning kelgusida qanday mashg‘ulot bilan band bo‘lishimizni belgilab beradi. Kimdir uchun butun kelajakni qurbon qilib yuborilishini o‘ylab ko‘rsak… 
O‘sha do‘stimiz yoki yaqinimiz bilan universitetdan bo‘sh paytimizda ham ko‘rishishimiz mumkin. Afsuski, kimdir uchun yo‘nalishini o‘zgartirib yuborgan abituriyentlarning mavjudligi bu punktni kiritishimizga sababchi bo‘ldi. Lekin sizning bunday qilmasligingizga biz ishonamiz.
Aziz abituriyentlar! Sizlarga oliy o‘quv yurtini tanlashda barcha plyus-minuslarni o‘ylab ko‘rishingizni maslahat beramiz.  Bu borada abituriyentlarimizga biroz bo‘lsa-da yordam berish maqsadida gazetamizning keyingi sonidan boshlab Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlarining o‘tish ballari berila boshlanadi.

Azimjon MAHMUDOV
 

0 ta izoh

There are no comments