SUXANDON

Suxandon kim?
Reklama, informatsion, siyosiy va hujjatli materiallarni efirda yoki yozib olish xonasida mikrofon oldida o‘qib beruvchi xodim suxandon (diktor) deyiladi.

Kimlar bu kasbni egallashi mumkin?
Suxandonlik kasbi hamma uchun emas. Buni ikki xil tushunish mumkin. Birinchidan, bir joyda o‘tirib ishlashni (statik ishlarni) xush ko‘rmaydiganlar bu sohada ish yuritishlari juda qiyin. Ikkinchidan, suxandon bo‘lishni istash va statik ishlashni yoqtirishning o‘zi bu kasbga egalik qilish uchun kamlik qiladi.

Xo‘sh, suxandon bo‘lish uchun nimalar talab etiladi?

mikrofon.jpegO‘ylab ko‘rmay ham aytish mumkinki, yoqimli va o‘ziga xos ovoz suxandonlardan talab qilinadigan xususiyatlar ichida eng zaruri sanaladi. Yumor hissi, tezkor reaksiyaga egalik hamda boshqa tillarda so‘zlay olish suxandonni muvaffaqiyatga eltuvchi omillardan sanaladi. Unutmaslik kerakki, agar kishini taqdir shirali ovoz bilan siylagan bo‘lsa-yu, unda matnlarni ifodali va ta’sirchan o‘qish ko‘nikmasi bo‘lmasa, bu kishi uchun suxandonlik eshiklari ochilmaydi.  
Efir suxandoni talab darajasida ko‘rkam, o‘zini erkin tuta oluvchi hamda yuz va qo‘l mimikalaridan o‘rinli foydalana oluvchi ham bo‘lishi lozim. Yo‘qsa, u efir ortida yoki radiostansiyada ishlashni tanlagani ma’qul. Lekin radioda ishlashning ham o‘zi bo‘lmaydi. Bu yerda faoliyat yuritadigan suxandonlar yoqimli ovoz va ifodali o‘qish ko‘nikmasiga ega bo‘lsa yetadi, deganlar yanglishadi. Buning sabablari haqida quyiroqda tanishamiz.

Suxandon qayerlarda faoliyat yuritadi?
Ko‘pchilik suxandon deganda televideniye va radioni ko‘z oldidan o‘tkazadi. Biroq bu kasbning faoliyat doirasi bundan ancha keng. Ular, TV va radiodan tashqari, kinostudiyalar, teatrlar, madaniyat va san’at saroylarida, konsert zallarida, hatto aeroport va vokzallarda ham ishlashlari mumkin. To‘y va turli tadbirlarni ham unutmaslik kerak. Bugun to‘yga falon qo‘shiqchi bilan birga anavi suxandonni ham taklif qilish rasm bo‘layotganidan xabaringiz bor.
TV va radio suxandoni ma’lumotlarni tahrir qiladi, tartiblaydi hamda qaysi o‘rinlarga alohida urg‘u qaratishni o‘rganib chiqadi. Ba’zan yuqoridagi ishlarni boshqa xodim bajarib berishi ham mumkin, biroq suxandon o‘sha xodim xizmatiga bog‘lanib qolmasligi, usiz ham mustaqil ishlay olishi kerak.
Radiostansiyada faoliyat olib boruvchi suxandon birlamchi texnik vositalardan foydalana bilishi ham lozim. Bu sohaning professionallari bilan ishlaganda ovoz rejissori ham qiynalmaydi.
Ko‘rsatuvlarda boshlovchilik qiladigan va turli tadbirlarni olib borayotgan suxandon aktyorlik ijro mahoratidan va maxsus bilimlardan ham xabardor bo‘lishi kerak. Improvizatsiya suxandonning mavqeyi  uchun yana bir plus.
 
Suxandon qaysi fanlardan boxabar bo‘lishi kerak?
Suxandonning bilim doirasi qancha keng bo‘lsa, bu – faqat foyda. Lekin o‘zbek tilining keng imkoniyatlaridan, ayniqsa, lug‘at boyligi va stilistikadan, ritorika fani yutuqlaridan, jurnalistika fani asoslaridan xabardor bo‘lishi kerak. Tarixiy, geografik ma’lumotlar qatorida turli xalqlarning madaniyati, san’ati va urf-odatlari haqidagi ma’lumotlar suxandon uchun birda bo‘lmasa, boshqa kuni asqotib qoladi.

Suxandon bo‘lish uchun qayerda ta’lim olish kerak?
Suxandonlik kasbida tug‘ma qobiliyatlar (yoqimli ovoz, so‘zamollik, kuchli xotira kabilar) hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ifodali o‘qish, o‘zini tutish, ijro mahorati va yana qator xususiyatlar borki, bular ustozlar ko‘magida o‘zlashtiriladi. Suxandon bo‘lishni maqsad qilgan yoshlar turli universitetlardagi jurnalistika, filologiya (o‘zbek yoki xorijiy) fakultetlariga, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining aktyorlik san’ati fakultetiga hujjat topshirishlari mumkin. Unutmang, ko‘p narsa baribir o‘zingizga bog‘liq.

Nilufar ESANOVA tayyorladi

0 ta izoh

There are no comments