O‘ZBEKISTON – LIVAN

559328_10151338330591439_869342008_n.jpg

26-mart oqshomida yurtdosh-larimiz o‘zgacha bayramni nishonlashdi. Vatanimizning birinchi raqamli jamoasi o‘ta muhim g‘alabani qo‘lga kiritib, Jahon chempionati yo‘llanmasi sari muhim qadamni bosdi. Voqelikka obyektiv yondashadigan bo‘lsak, aslida, Livan terma jamoasining darajasi bizning milliy terma jamoamiz saviyasidan anchagina pastda edi. Lekin so‘nggi o‘yinlardagi omadsizliklar Jahon chempionatiga juda yaqin kelgan jamoamiz kayfiyatiga yomon ta’sir ko‘rsatgan edi. Hammaning xayolida Livanni yenga olarmikanmiz degan shubha paydo bo‘la boshlagandi. Buning sabablaridan biri esa Osiyo chempionati saralashidagi Livanning yirik hisobdagi g‘alabasi edi.
Albatta, shuncha salbiy fikrlar terma jamoamiz ustida juda ham og‘ir bosimni vujudga keltirgan edi. Bu bosimni ko‘ra olish unchalik qiyin emasdi. Chunki kuchli bosim o‘yinchilarni xato qilishga majbur qiladi. O‘yinchilar muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqqanlari sababli ham xato qilar edilar. Bunga misollarni o‘yin davomida ko‘plab keltirishimiz mumkin. Server Jeparov va Farhod Tojiyevning oddiy vaziyatda darvozani nishonga ola bilmasliklarining va undan so‘ng ko‘zlarida yosh bo‘lishining sababi ham shu bosim edi. Ba’zi o‘yinchilar darvozaga to‘pni tepish mumkin bo‘lganda sheriklariga pas oshirishlarining sababi omadsizlikdan qo‘rqish va yanada ko‘proq bosim ostida qolib ketishdan qochish edi.  
Vaziyatlarni siz ham kuzatdingiz. Siz ham bizchalik asabiylashdingiz. Jamoa murabbiylari ham, o‘yinchilar ham shunchalik asabiylashishdi. Buning isboti sifatida gol urilgan vaziyatni eslatib o‘tamiz. Darvozaga to‘pni yo‘llagan Jeparovning ko‘zidagi yosh. Jamoa yordamchi murabbiyi Shuhrat Maqsudovning gol urilgandagi xursandchiliklari. Bularni ta’riflashga so‘z yetmaydi. Hammasidan qizig‘i - o‘yin tugagandan so‘ng yana o‘sha Maqsudovning futbolchilarimiz davrasida raqsga tushishi.  
Bilasizmi, bu xursandchiliklarning sababi nima? Livanni birinchi marta mag‘lubiyatga uchratyapmizmi? Yo‘q. Kecha u bizdan kuchli edimi? Yo‘q. Bizningcha, bu xursandchilik terma jamoa ustidagi bosimning yo‘qolishi  bilan bog‘liq. Bosim juda ham kuchli bo‘lgani sababli undan qutilish ham shu qadar totli edi.  

301307_10151339098876439_2059829846_n.jpgKo‘pchilik ushbu o‘yindan so‘ng terma jamoa shunday o‘ynasa, keyingi o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchrashini, galdagi raqiblarimiz kuchli ekanligini ta’kidlashmoqda. Lekin, ishonamanki, keyingi o‘yinlarda bunday o‘yin ko‘rsatishmaydi. Chunki ular o‘z ustlaridagi bosimni yo‘qqa chiqarishdi. Endi Janubiy Koreya va Qatar jamoalarida bosim bo‘ladi. Chunki  Janubiy Koreya o‘z uyida asosiy raqibini qabul qiladi, Qatar esa yanada qiyinroq vazifani uddalashi lozim. Endi xato qilish navbati ularda. Bizning o‘yinchilarimiz o‘sha xatolardan unumli foydalanishsa bo‘lgani.
Bu mavzuni nimaga bog‘lamoqchi bo‘lganimizni zehnli abituriyent do‘stlarimiz ilg‘ab olgan bo‘lishsa kerak. Toki sizda universitetga kira olmaslik qo‘rquvi bor ekan, siz ham xuddi shunday bosim ostida bo‘lasiz. Bu esa sinov davomida sizning xato qilishingizga sabab bo‘ladi. Hayajon kuchliligi sababli boshqa javobni bo‘yab qo‘yasiz, bloklarning joyini almashtirib qo‘yasiz. Albatta, bunday bo‘lishini hech kim xohlamasa-da, amalda kuzatiladi.  
Siz xotirjamlikni yo‘qotmang. Har qanday holda o‘zingizni qo‘lga oling. Siz o‘zingiz tanlagan oliy o‘quv yurti talabasiga aylaning, yaqinlaringiz, xuddi Shuhrat Maqsudovdek, raqsga tushishsin.
Darvoqe, barcha yurtdoshlarimizni Milliy terma jamoamizning oltinga teng g‘alabasi bilan chin dildan tabriklab, kelgusi o‘yinlarida ham Yaratgandan madad so‘rab qolamiz.

Azimjon MAHMUDOV

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments