HIND O‘GITLARI

Assalomu alaykum.
Ilk sahifada sizga neni taqdim etishni uzoq o‘yladik. Izlandik. Shukurki, topdik. Topganimiz hind hikoyatlari bo‘ldi. Ular ichidan quyidagilarni siz bilan baham ko‘rishni lozim topdik. Marhamat.


Xind.jpg

Maqsad
Drona yoyandozlik (kamondan o‘q uzish) bobida komil ustozlardan bo‘lib, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan edi. Bir kuni u daraxtga nishonni ilib, o‘quvchilaridan nimani ko‘rayotganlarini so‘rabdi.
Biri debdi:
-    Daraxt va undagi nishonni ko‘ryapman.
Boshqasi aytibdi:
-    Daraxtni, nishonni, qushlar va quyoshni…
Qolganlar ham shunga yaqin javoblar berishibdi.
Drona eng yaxshi o‘quvchisi bo‘lmish Arjunga yuzlanibdi.
-    Men nishondan boshqa hech nimani ko‘rmayapman, - debdi Arjun.
Drona boshqa shogirdlariga qarata shunday debdi:
-    Faqat shunday kishilargina maqsadlariga erishadilar.

O‘z-o‘ziga ishonch
Bir Brahman qurbonlik uchun atalgan echkini yelkasiga ortgan holda borar edi. Uni yo‘lda firibgarlar ko‘rib, takani olib qo‘yish rejasini tuzishdi va ishga kirishishdi.
Tovlamachilardan biri brahmanning oldiga kelib, so‘z qotibdi:
-    Kuchukni yelkangga olib, uni oliy darajotga musharraf qilibsan. Ov va himoya bobida ham bu kuchuk chakana bo‘lmasa kerak-da, a?  
-    Qanaqasiga bu kuchuk bo‘lsin, - hayron bo‘libdi Brahman, - Tavba…
Shu payt yana bir firibgar kelib, quyidagi so‘zlarni aytib ketibdi:
-    Ey brahman, peshanangda muqaddas tamg‘a-yu, yelkangda haromi kuchuk. Bu nima qilganing?
Hayron bo‘lgan brahman yelkasidagi echkini yerga qo‘yib, shoxi, dumi, soqolini ushlab ko‘ribdi. “Echkini kuchuk deydi-ya, ahmoqlar”,- debdi ichida va yo‘lida davom etibdi.
Yo‘lda unga yana tovlamachilar yo‘liqishibdi va “Bu qanaqasi. Shunday ulug‘ kohin yelkasiga itvachchani ortib olibdi” qabilidagi gaplarni aytib o‘tishibdi.
Brahman o‘ylab qolibdi:
-    Shuncha odam bu hayvonni kuchuk deyishyapti, demak, bu – haqiqat. Men ahmoq shuncha yildan beri kuchukni echki deb yurgan ekanman.
Shunday qilib brahman kiftidagi echkini yerga qo‘yib, yo‘lida davom etibdi. Firibgarlar echkiga ega chiqqanlaridan xursand edilar.

Bolakay va fil
Bir qishloqda quyidagi voqea bo‘lib o‘tibdi: qashshoq oilada yosh bo‘lishiga qaramay favqulodda kuchli bolakay o‘sar edi. U qirol o‘tirib ketayotgan filning dumidan tutgan edi, fil yura olmay qoldi. Darrov bozordagi kishilar bu voqeani ko‘rishga yig‘ildilar va kulgidan o‘zlarini tiya olmadilar. Hammasi shu bolakayni deb bo‘ldi.
Qirol vaziri a’zamni qoshiga chaqirdi.
-    Bir nima qilmoq kerak. Bu - haqorat. Men, hatto, bu qishloqdan o‘tishga ham qo‘rqib qoldim. U istalgan paytda kelib, filimning dumidan tortishi mumkin. Yosh bolani qatl ettirish to‘g‘ri emas. Shuning uchun sen uni kuchdan mahrum qilish yo‘lini izla, toki filimga kuchi yetmasin.
-    Men donishmanddan maslahat so‘rashim kerak, chunki uni kuchdan qanday bebahra qilish mumkinligi menga qorong‘u. Bu qashshoq biror ish bilan shug‘ullansa ekan, kuchi boshqa narsalarga sarf bo‘lsa. Biroq u hech narsa bilan mashg‘ul bo‘lmaydi. Xalq uni sevadi va qornini to‘ygizadi. U baxtiyor: yeydi, uxlaydi. Mushkul vazifa…
Vaziri a’zam keksa donishmand huzuriga boribdi. Qariya unga shunday debdi:
- Bolakayning  oldiga bor-da, unga ayt: Senga kichik, juda ham kichik topshiriq bor. Har kuni ibodatxonaga borasan-u, chiroqni yoqasan – tamom. Evaziga har kuni tilla tanga beraman.
- Axir, bu qanday foyda berishi mumkin? – hayron bo‘libdi vaziri a’zam. – Aksincha, u kuchayib ketmaydimi? Tilla tangalarga ega bo‘lib olgan bolakay ko‘proq yeyishni boshlaydi. Yana kuchayadi…
-    Xavotirga o‘rin yo‘q. Sen aytganlarimni qil – yetadi, - debdi donishmand.
Donishmand aytganiday qilinibdi. Bir hafta o‘tib, qirol filga minib yana o‘sha qishloqdan o‘tibdi. Bu gal ham bolakay kelib, filning dumidan tortmoqchi bo‘libdi. Ammo fil uni tortib ketibdi.
Yuzaki qaraganda Qunduz boboning qissalaridan farq qilmaydigandek ko‘rinadigan bu hikoyatlarda har bir shaxs, jumladan, abituriyent uchun ham buyuk ibratlar bor. Uni ilg‘ash, amalda qo‘llash yana o‘zingizga qoladi.
Omon bo‘ling!

 

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments