DUNYOQARASH

Bir mutaxassis Fransiyada og‘ir ishlarni bajarayotgan odamlarning fikrlarini o‘rganmoqchi bo‘libdi va qurilish ketayotgan joyga boribdi. Tadqiqotchi bir  ishchi bilan uchrashib,  undan so‘rabdi:
- Birodar, nima qilyapsiz?
- Ko‘rmayapsanmi, parchalanishi mumkin bo‘lmagan qoya toshlarini ibtidoiy asboblar bilan maydalayapman. Osmondan go‘yo jahannam olovi purkalayotganga  o‘xshaydi.  Bu olovda ming azob bilan mehnat qilyapman.
- Aslida, bu ishlarni nima uchun bajaryapsiz?
- Boshliq buyurgandan keyin nima qilay…
Tadqiqotchi  ikkinchi ishchining oldiga kelib, unga ham yuqoridagi   savollar bilan murojaat qilibdi:
- Siz nima ish qilyapsiz?

mood-eyes-vision-beautiful.jpg- Qoya toshlarni me’moriy bichimlarga  mos shaklga keltiryapman. Quruvchilar uni  osonlik bilan o‘rnatishlari, qiyinchilik ko‘rmasliklari uchun harakat qilyapman. To‘g‘ri, biroz qiyin va bir xil ish, lekin oilamni boqishim kerak. Nima bo‘lsa ham ishim bor. Bundan ham yomonroq bo‘lishi mumkin edi-ku.
Bu suhbatdan biroz kayfiyati ko‘tarilgan  tadqiqotchi uchinchi ishchidan  so‘rabdi:
- Do‘stim, siz nima qilyapsiz?
- Ko‘rib turganingizdek, men saroy quryapman…
Hurmatli abituriyentlar, yuqoridagi hikoyada bir xil ish bajarayotgan uch kishining fikri bilan tanishdingiz. Ularning qilayotgan ishlarida farq yo‘q ekan, unda nega ular uch xil javob berishdi?
Hammasi hayotga qanday ko‘z bilan boqishga bog‘liq. Buni dunyoqarash deydilar. Yoshligidan pessimist bo‘lgan odam katta bo‘lganida o‘zgarib qoladimi yoki yo‘q, bilmadig-u, lekin dunyoqarashni o‘zgartirish uchun hali kech emas.  O‘qish, o‘rganish, yaxshi odamlar bilan birga bo‘lish hayotga bo‘lgan munosabatimizni yaxshi tomonga o‘zgartiradi.      
Bir o‘ylab ko‘rganmisiz: nima uchun dars qilyapsiz?
Agar shu savolni boyagi uch ishchiga berganimizda, taxminan, quyidagicha javob olgan bo‘lardik:
Birinchi ishchining javobi: “Ota-onam majburlashadi. Men o‘qib olim bo‘lishim kerak ekan. Dars qilish juda ham zerikarli. O‘rtoqlarim ko‘chada mazza qilib yurishibdi. Bitta men uy qamog‘ida o‘tirishim, qog‘ozga termulishim kerak. Mana shu ishlardan qutulish uchun ham dars qilishim kerak”.
Endi bu savolga ikkinchi ishchining yoshligidagi  javobini bir eshitib ko‘raylik: “O‘qimishli odam yaxshiroq yashaydi, oilasini ta’minlay oladi, deyishadi. Dars qilish biroz qiyinroq bo‘lsa-da, uni uddalasa bo‘ladi. Bu ishni qilmagan odam, keyinchalik og‘ir yumushlarda mehnat qilishga  majbur bo‘ladi. Shu sababli ham dars tayyorlashim shart”.
Uchinchi odamning  javobini taxmin qilish qiyin emas: “Men o‘zimga baxtli kelajak quryapman. Mening  baxtli kelajagim esa yurtimizning farovonligini, obodligini  ta’minlaydi”.
Ish jarayonidagi  fikrlar  unga, albatta, o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Bajarayotgan vazifamiz  haqida yaxshi fikrda bo‘lsak, albatta, bu ishni sevamiz va unga jiddiy kirishamiz. Aks holda, xohlamasdan qo‘l urgan  yumushimizni qilgimiz  kelmaydi va bu ishda samara ham bo‘lmaydi.
Inson qanday fikrlasa, shunday yashaydi. Omon bo‘ling.

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments