BOSIM

16732763-businessman-walking-on-a-rope.jpg

1993-yil. Mashhur futbol murabbiysi Jim Jonsonning oldida juda muhim vazifa turardi. Uning jamoasi finalga qadar yetib kelgan, oxirgi o‘yin esa hamma masalaga oydinlik kiritardi. Ustoz bellashuv boshlanishi arafasida o‘z shogirdlariga qarata shunday xitob qiladi:
- Agar shu yerga uzunligi 4 metr, eni 0,5 metr bo‘lgan taxta qo‘yib, “Ustidan yuring!” – desam, hammangiz yura olasiz. Hech biringiz yiqilib ham tushmaysiz. Chunki butun diqqatingiz taxta ustida yurishga qaratiladi. Agar shu taxtani ikki qarama-qarshi uyning yuqori qavatiga qo‘yganimda edi, ko‘pchiligingiz yiqilib tushgan bo’lardingiz. Boisi bu gal siz taxta ustidan yurishni emas, yiqilib tushish xavfi mavjudligini o‘ylay boshlardingiz.  Shunday ekan, diqqatingizni stadionga yig‘ilgan muxlislarga, matbuot xodimlariga yoki yutqizib qo‘yish ehtimoliga emas, faqat va faqat o‘yinga qarating. Bahsni oddiy tayyorgarlik sifatida qabul qiling.
Murabbiyning ushbu gaplari futbolchilarga juda kuchli ta’sir ko‘rsatdi va bu ta’sir o‘yinda o‘z “so‘z”ini aytmay qo‘ymadi. Jamoa yirik hisobda g‘alaba qozondi.
Bu hikoyani shu kunlarda esga olishimizning sababi kirish imtihoni yaqinlashgani sari uning bosimi ortib borishidir. Aslida, yil boshida Diplomatiya universitetini ko‘zlayotgan abituriyentlar bosim ortgani sayin o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib boradilar va eng balli past hisoblanadigan o’quv yurtlariga kirishdan ham umidlarini uzib qo‘yadilar.  
Insonning ishonchi uning hayotiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Siz, abituriyent, ustingizdagi bosimni otib yubora olmasangiz, kira olmasligingizga ishona boshlaysiz. Siz hozirgi kunda o‘zingizni ruhan shunday tayyorlashingiz lozimki, oliy o‘quv yurtiga kirish haqida emas, nechanchi o‘rinda kirishingiz haqida bosh qotirishingiz lozim. Ya’ni xayolingizdagi kirib olsam bo‘ldi degan so‘zni men hech bo‘lmaganda ikkinchi o‘rinda kiraman, yo’qsa birinchi o‘rinda degan so‘zga almash tirishingiz lozim.
Albatta, bosimni siz o‘zingiz yuzaga keltirmaysiz. Bu bosimning ortishida atrofingiz dagilarning hissasini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Aniqroq qilib aytganda, bosimning katta qismi oila a’zolaringiz-u do‘stlaringiz ulushiga to’g’ri keladi. Ular sizga pulsiz talabalikka erishib  bo‘lmasligini, shuncha o‘qigani bilan falonchining kira olmaganini-yu, hech qanday tayyorgarlik ko‘rmasa ham pistonchining institutga kirib ketganini ta’kidlashadi.  
Afsuski, sizning hayotingiz atrofdagilarga juda ham muhim emas. Ular, shunchaki, gapirishsa bo‘ldi. O‘sha falonchining kira olmasligiga asosiy sabab nima bo’lganini bilishmaydi ham. Masalan, o‘sha falonchi daftar-kitob ko‘tarib yurgani bilan yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan bo‘lishini-yu, pistonchining balli past yoki juda kamchilik topshiradigan yo‘nalishga topshirgani ularning e’tiboridan chetda qoladi. Bunday gap kishilari atroflarida yuzlab tanishlari o‘z bilimi bilan kirganini ko‘rib turishsa ham, oliy o‘quv yurtiga kirishda eng asosiy mezonning bilim ekanligini qabul qilisha olmaydi. Buning sababi oddiy. O‘zlari qachondir kerakli miqdorda bilim olishmagan, to‘plagan bilimlari tanlagan oliy o‘quv yurtiga kirishiga yetarli bo‘lmagach, boshqalarni ayblay boshlashgan. Shu sababli ham siz atrofdagilarni unuting. Ularning gapini eshitganday ko‘rining-u, lekin e’tibor bermang. Siz ularga talabalik guvohnomasi bilan javob qaytaring.
Xulosa o‘rnida yuqoridagi hikoyani eslasak: siz ham faqat taxtadan yurishni o‘ylang. Xuddi taxta yerda turganday his qiling. Va faqat olg‘a intiling. Unutmang, hech qanday mehnat samarasiz qolmaydi.

Azimjon MAHMUDOV
 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments