USTOZ, MISOLIMNI ISHLAB BERING!

O‘qituvchi yo‘qdan bor qilmaydi. U o‘quvchisining yashirin qirralarini ochib beradi, xolos.

Aniq fanlar bo‘yicha test sinoviga tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlar ba’zi misollarni  yechishda qiyinchiliklarga duch kelishlari tabiiy holat. Chunki bu fan doirasidagi barcha ma’lumotlar kitoblarda berilmaydi. Ayrim savollarga javob topishda chuqur mantiqiy fikrlash va hodisalarni bir-biriga bog‘lash talab qilinadi. Shu sababli bu fan o‘qituvchilarini o‘z o‘quvchilari juda ko‘p bezovta qilishadi. Biroq bu holatning tub negizida mazkur fanning qiyin ekanligidan ko‘ra ko’proq insoniyat psixologiyasi yotadi. Agar o‘quvchi o‘zidan kuchliroq odam turganini his qilsa, uning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi kamayadi. Balki bu odamda osonroq yo‘li bordir, degan fikr keladi xayoliga. Mana shu omillar sabab bo’lib, o‘quvchi garchi yechish yo‘lini bilsa ham, o‘qituvchisiga murojaat qilaveradi. 

383561073.jpg

Demak, bu holat psixikaga bog’liq ekanini bilib oldik. Undan xalos bo’lish uchun abituriyent o‘z kuchiga ishonchini orttira olishi lozim. Misoli chiqmay qolganda darrov o‘qituvchini qidirish o‘rniga misol yechishning boshqa usullarini izlash abituriyent uchun anchagina foydali. Chunki misolni yechish davomida o’zi uchun ko‘plab yangi usullar va bilimlarni kashf etadi.  

Misolini o‘qituvchi yechib berganda-chi? O‘quvchi xuddi bor e’tiborini berayotganday termulib turadi-da, keyin yechimini daftariga ko‘chirib oladi. Oradan 2-3 kun o‘tib xuddi shu savolni so‘rasangiz, afsuski, aksariyat hollarda o‘quvchilar  misolni qaytadan yecha olishmaydi.  

Tajribada ko‘rilgan yana bir holatlardan biri: o‘quvchilarim qaysidir misolni yecha olmay meni qidirib kelishadi. Shu paytda meni topa olishmasa, misol ustida o‘zlari yana bosh qotira boshlashadi va ijobiy natijaga erishadilar. Bu holat bir emas, ko‘p bora takrorlangan. Bu o‘quvchi o‘zidan kuchliroq odam yo‘qligini his qilgach, o‘zi ham natijaga erisha olishini yaqqol isbotlamoqda.  

Demak, abituriyent har qanday sharoitda o‘zi shu misolni hech kimning yordamisiz yecha olishiga ishonishi va shunga mos harakatni amalga oshirishi lozim. Birinchi marta yecha olmadimi, ikkinchi marta urinib ko‘rsin. Yana o’xshamasa,  biroz dam olib yoki boshqa savollarni yechib, keyin yana shu savolga murojaat qilsin. Balki yechishning boshqacharoq yo‘li xayolga kelib qolar.  

Albatta, hamma savollarni 100% o‘zingiz yecha olmaysiz. Ularning  ichida ustozsiz yechib bo‘lmay-diganlari ham uchraydi. Ana shunday savollarni ustozingizdan so‘rab, oddiyroqlarini o‘zingiz hal qilsangiz, ustozingizni o‘zingiz-dan bezdirib qo‘y-maysiz. Bu esa o‘zaro munosabat va sizning yaxshiroq bilim olishingizda juda katta ahamiyatga ega.  

Tayyorgarlik jarayonida 10 minglab savollarni yechasiz. Siz shulardan atigi bir kunligining necha foizini o‘zingiz mustaqil yechib, necha foizini boshqalar, jumladan, ustozingiz yordamida yechganingizni hisoblab ko‘ring. Agar shu savollarning 90 % idan ko‘prog‘ini o‘zingiz bajara olsangiz, bu siz uchun juda katta yutuq. Aks holda, siz hali o‘z ustingizda ko‘p ishlashingiz lozim.  

Unutmang, 1-avgust kungi kirish imtihonida ustozingizni yashirib olib kira olmaysiz!!!

 Azimjon MAHMUDOV

 

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments