FOBIYA

Assalomu alaykum.

Fobiya haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Biror narsadan o‘ta qattiq qo‘rqish xastaligiga nisbatan shu termin qo‘llanadi. Kimdir balandlikdan (akrofobiya), kimdir qondan (gemofobiya), yana kimdir esa yolg‘izlikdan (autofobiya) qattiq qo‘rqadi. Jonsiz tanaga boqishdan (nekrofobiya) yoki ilonlarga duch kelib qolishdan (ekluofobiya) dahshatga tushadigan insonlar ham talaygina. Olimlar bunday qo‘rquv turlarining 500 dan ortig‘ini qayd etishgan. Fobiya xotirjam hayot kechirishimiz uchun biroz bo‘lsa-da xalal beradi, biroq buyuk ishlar qilishimiz uchun to‘siq bo‘la olmaydi. Napoleon, Iskandar va Yuliy Sezarlar mushukdan o‘lgudek qo‘rqishgani holda

(aylurofobiya) tarixda nom qoldira olishgani fikrimizning rost ekanini tasdiqlaydi.

1290431232_clip6469.jpg

Nega bugun shu mavzudan gap ochdik? Hayotimizni, atrof-tevarakni obdan kuzatsak, aslida, fobiya deb atalmaydigan, biroq ta’siri (oqibati, asorati) undan-da yomonroq bo‘lgan holatlar mavjudligiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, salom berish. Tanigan va tanimaganlarga salom berish biz - o‘zbeklarning hayot tarzimizga aylanib ulgurgan. Biroq bugun salom berish doirasining tobora torayib borayotgani kishini dahshatga soladi. Metropolitenga tushgan bo‘lsangiz, ayting-chi, o‘zingiz birovga salom berasizmi? Ko‘cha-ko‘yda o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimlariga salom berish mumkin emas degan qoida bormi? Oldingizdan o‘tib ketayotgan kishi siz bilan tengdosh yoki 1 – 2 yoshga farq qilsa, bu unga salom bermaslik uchun asos bo‘ladimi? Ayni shu holatni boshqacharoq savol bilan ifodalaydigan bo‘lsak, salom berish uchun kishining yoshi 40 dan oshgan bo‘lishi shartmi? Savollarni yana davom ettirish mumkin, biroq keltirganlarimizning o‘ziyoq vaziyat ancha jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Nima, salom berishdan qo‘rqamizmi? 

Yaqinlar davrasida, tug‘ilgan kun yoki boshqa marosimlarda bo‘lib qolsangiz, yigitlar orasida quyidagicha holat yuz berib turadi: ikki-uchta mayga ko‘ngli ochuftalar bir qultum og‘ziga olmaydigan o‘rtoqlarini “hamshisha”, “hamkosa” bo‘lishga undashadi. “Ichishni erkakka chiqargan. Erkakmisan o‘zi?” – deb ham qo‘yishadi. “Do‘st bo‘lsang, yonimda tur”, - deyishni ham modaga aylantirib yuborishdi. G‘urur oynasiga otilayotgan toshlarga dosh bera olmagan haligi yigit “shaytonning suvi”dan totib, “erkak ekanligini isbotlab qo‘yadi”. Nega shunday holatda “Yo‘q” deya olmaymiz? O‘zimizning, dahshatlisi, kelgusida farzandlarimizning ham sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan suvni qat’iy rad etishimizga nima to‘sqinlik qildi? Bugun suvga erib ketgan ko‘nglimiz ertaga erkak ekanimizni isbotlash uchun zahri qotilni ham qaytarmasligi hech gap emas. “Yo‘q” deyish shuncha og‘irmi? Yo bundan qo‘rqamizmi?

Ertaga “salomofobiya”, “yo‘qofobiya” degan xastaliklar paydo bo‘lmasligi uchun bugun o‘ylay boshlashimiz kerak. Aytadilar-ku, kasalni davolagandan ko‘ra …

Omon bo‘ling.

Mansur SIDDIQOV

0 ta izoh

There are no comments