BOSH BUXGALTER

Buch_small.jpg

Korxonaning eng muhim a’zolaridan biri bosh buxgalter hisoblanadi. Biz bugun ayni shu kasb haqida ma’lumot beramiz. 

Bosh buxgalter korxonaning shunday xodimiki, u:

1) korxona rahbari tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

2) bevosita korxona rahbariga bo‘ysunadi va quyidagilarga javobgar sanaladi: hisob-kitob ishlari va buxgalterlik hisobining yo‘lga qo‘yilishiga, to‘liq va aniq buxgalterlik hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etishga;

3) yuritilayotgan xo‘jalik operatsiyalarining amaldagi qonunchilikka muvofiqligini ta’minlaydi.

Bosh buxgalterning imzosisiz to‘lov-hisob hujjatlari, kreditga oid va moliyaviy majburiyatlar haqiqiy hisoblanmaydi va amaliyotga kiritilmaydi.   

Bosh buxgalterning asosiy majburiyatlariga quyidagilar kiradi:

 - buxgalteriyani boshqarish;

 - buxgalterlik va soliqqa oid hisoblarni tashkillashtirish va nazorat qilish;

 - buxgalterlik va soliqqa oid hisobotlarni tayyorlash va uni soliq organlariga taqdim etish.

Bundan tashqari, bosh buxgalterning majburiyatlariga quyidagilar ham kiradi:

 - korxonani moliyaviy rejalashtirish va boshqarishda ishtirok etish;

 -  birlamchi va buxgalteriya hujjatlari, hisob-kitob va to‘lov majburiyatlarini rasmiylashtirish ishlarida tartibga amal qilinayotganligini nazorat qilish; 

 - yetkazib beruvchi va xaridorlar bilan ishlash;

 - shartnomalar bilan ishlash;

 - yuridik shaxslar uchun eng maqbul soliq siyosatini aniqlab berish;

 - soliq to‘lovlarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi va badallarning budjetdan tashqari fondlarga kelib tushishini nazorat qilish.

Hech bir xodim bosh buxgalter bo‘lib dunyoga kelmaydi. U bu darajaga erishish uchun buxgalteriyaning barcha bosqichlarini o‘tashi kerak bo‘ladi. Bu kasbga soliq sohasidan, auditdan ham o‘tish mumkin. Bilamizki, buxgalterlik hisobi iqtisod bilan uzviy bog‘liq, shu bois u sohadan bu sohaga o‘tishlar ko‘p kuzatiladigan holat hisoblanadi. 

Bosh buxgalterdan qanday bilim va ko‘nikmalar talab etiladi? 

Bosh buxgalterdan balans chiqarish, buxgalterlik va soliqqa oid hisobotlarni tayyorlash va yurgizishni bilish talab etiladi. U amaldagi buxgalterlik hisobi va o‘z sohasidagi qonunchilikdan, shuningdek, maxsus dasturlardan (masalan, “1C”) boxabar bo‘lishi kerak.  Agar xodim katta massadagi axborotlar bilan ishlay olmasa, bosh buxgalterlik darajasiga harakat qilmagani ma’qul.    

Bosh buxgalter portretini quyidagicha chizish mumkin:

- yoshi: 30 – 45 orasi;

- ma’lumoti: iqtisod yo‘nalishida oliy ma’lumot;

- ish malakasi: uch yildan kam bo‘lmagan.

Xorijiy kompaniyalar uchun quyidagilar qo‘shiladi:

 - ingliz tili;

- ERP-sistemasida ishlash.

- Xalqaro moliyaviy hisobot standartlaridan boxabarlik.

Bosh buxgalter bo‘lishni maqsad qilgan yoshlar qaysi oliy o‘quv muassasalarida ta’lim olishlari kerak? Aytish mumkinki, yurtimizdagi ko‘pchilik OTM larda “Buxgalteriya hisobi va audit” yo‘nalishlari mavjud. Shunday yo‘nalishga ega eng nufuzli ta’lim dargohlari qatorida Toshkent moliya instituti  hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tilga olish mumkin. Kirish imtihonlarida quyidagi fanlardan test savollari yechiladi:

1. Matematika

2. Ingliz tili (chet tili)

3. Ona tili va adabiyot

Bo‘lajak bosh buxgalterlarga kirish imtihonida va kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Nilufar ESANOVA tayyorladi

0 ta izoh

There are no comments