BAHOR TASVIRI

 

vesna_tsvetushaya_polyana_pasha_1600.jpg

Assalomu alaykum. 

Amaldagi taqvim mart oyi boshlanganidan darak berib turgan bo‘lsa-da, aslida, bahor nafasi ufura boshlaganiga bir necha hafta bo‘ldi. Yangilanish, rizq-ro‘z, ezgulik  va go‘zallik timsoli sanalmish bahor shoirlarning abadiy mavzularidan biriga aylanib ulgurgan. Bizga ma’lum ilk turkiy g‘azalning bahorga bag‘ishlangani, ilk turkiy doston sanalmish “Qutadg‘u bilig”da bahor madhiga alohida qism ajratilgani xalqimizning bahorga qanday munosabatda ekanini ro‘yi rost ko‘rsatib turadi. Biz bugun maqolamizni “Bahor tasviri” deb atadik. Lekin bu bilan bahorning poetik peyzajini chizish yoxud unga alqovlar aytib yuksaklarga ko‘tarishni maqsad qilganimiz yo‘q. Nima demoqchimiz – buni maqola so‘ngida bilib olasiz. Hozir esa turli millat qalamkashlari tomonidan bahor haqida yozilgan satrlar bilan tanishasiz. So‘zlarni she’r shaklida terishda biroz uquvimiz yo‘qligi bois she’riy misralarning tarjimasini ham nasriy yo‘lda berishga jur’at qildik. Zero biz qaysidir shoirni yoki uning she’rini o‘quvchilarimizga tanishtirishni emas, balki boshqa bir maqsadni ko‘zlaganmiz. 

Xirosima bizlarga so‘zlaydi ertak. Bahor keldi, deya yolg‘on so‘zlaydi. Sakuraning gullaganini menga ko‘rsatsin. Xironing yo‘lida uxlab turaman. Menga qo‘l tegizmang, meni bahor uyg‘otsin. Guldan boshqasining haqqi yo‘q bunga.

Makoto Ooka, XX asr yapon shoiri

Volter nega ozg‘in bo‘lganini endi bilaman… Tashqariga chiqsam, bahor xo‘mrayib turadi. Bahorni maqtashga so‘z izlab yurgan onlarimni bugun tushunmayman. Daraxtni silkitib rohat qiluvchi shamollarga sig‘inganimni o‘ylasam, haroratim oshadi. Kechir, singlim, bugun ko‘rpa-yostiqdan boshqasi dardimni ololmaydi…  Tashqariga chiqsam, bahor xo‘mrayib qarshi oladi. Bemorga bunday munosabatda bo‘lishga uning qanday haddi sig‘di!? 

Manuel Bandeyra, XX asr portugal (braziliyalik) shoiri 

Avval qaddimni bukding. Keyin ko‘nglimga o‘q uzding. Yaqinlarimdan ayirding… Sen Lyutsifersan. Sendan albatta qasos olaman, bahor! 

Alfred Andersh, XX asr nemis adibi

Hayron bo‘lmang, biz izlay-izlay topgan satrlarda bahorga ishoralar mavjud bo‘lsa-da, aslida, bahor bunday munosa-batga loyiq emasligi barchamizga ayon. Bahor kelsa-yu, daraxtlar gullamasa; tashqarida yoqimli shabboda esib tursa-yu, ichingda gazak otgan dard senga orom bermasa; bahorni intiq kutsang-u, u kelgan onda taqdir seni judolik dardi bilan “siylasa”… Hamma narsaning zavqi, sururi tinchlikda, sog‘-salomatlikda tatiydi. Tilagimiz shuki, yurtimiz tinch, boshimiz omon, to‘rt muchamiz sog‘, ko‘ngillarimiz xotirjam bo‘lsin. Qalblarni bahoriy kayfiyat sira tark etmasin.

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments