TOSHKENT FARMATSEVTIKA INSTITUTI

Toshkent farmatsevtika instituti dorishunoslik va dori ishlab chiqarish bo‘yicha mutaxassislar yetishtirib beruvchi Markaziy Osiyodagi  yagona oliy o‘quv yurti hisoblanadi. Farmatsevtika sohasida yetuk mutaxassislikka erishmoqchi bo‘lgan abituriyentlar moddalarning  tarkibi, ularning boshqa moddalar bilan reaksiyaga kirishishi yoki kirishmasligi, olingan modda nimalarga ta’sir ko‘rsatib, nimalarni kuchaytirib yuborishi haqida chuqur bilimga ega bo‘lishlari talab qilinadi. Chunki dorishunoslikning asosi qaysidir bakteriya yoki virusni boshqa moddalar yordamida yo‘q qilish hisoblanadi. Shifokorlarning asosiy yordamchilari esa farmatsevtlardir.   

Institutni bitirgan mutaxassis dori ishlab chiqarishning qaysi bosqichida faoliyat ko‘rsatishi uning yo‘nalishiga bog‘liq. Shu bois Sizni Toshkent farmatsevtika institutining  yo‘nalishlari bilan batafsil  tanishtirsak.

1. Farmatsiya yo‘nalishini bitirgan talabalarning asosiy vazifasi yangi dori yaratish hisoblanadi. Bu yo‘nalish talabalari tanlagan yo‘nalishlariga ko‘ra dori tuzilishi, tarkibi, uning boshqa dorilar bilan ta’sirini aniqlashdan iborat. Bundan tashqari, mazkur yo‘nalishni tamomlagan talabalar sud-tibbiyot ekspertizalarida ekspert sifatida faoliyat olib borishlari ham  mumkin.  

03062010291.jpg

Faqat  mazkur yo‘nalishni bitirgan talabalargina 3 yil tajribaga ega bo‘lishgandan so‘ng xususiy dorixona ochish huquqini beruvchi litsenziya olishlari mumkin.

2012-yilgi qabulda  mazkur yo‘nalishga 1105 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ulardan 14 nafari  davlat  granti asosida, 96 nafari  esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Mazkur yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun abituriyentlar kimyo, biologiya hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi.

2. Sanoat farmatsiyasi yo‘nalishini bitirganlar farmatsiya yo‘nalishini tamomlagan talabalar tomonidan yaratilgan dori vositalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishadi. Ularning asosiy ish joylari farmatsevtika korxonalari hisoblanadi.  

2012 – 13-o‘quv yilida ushbu yo‘nalishga 562 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ulardan 18 nafari  davlat granti asosida, 47 nafari  esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalishga kirish uchun kimyo, biologiya hamda ona tili va adabiyot fanlaridanimtihon  topshiriladi.

3. Biotexnologiya yo‘nalishi bitiruvchilari tabiiy asosga ega bo‘lgan moddalardan dori vositalarini olish bilan shug‘ullanishadi. Tabiiy asosga ega bo‘lgan moddalar deganda dorivor o‘simliklar, hayvonlarning tanasidagi mahsulotlar, mineral moddalar tushuniladi. Bu mutaxassislar dorivor o‘simliklar o‘stirish va ko‘paytirishning o‘ziga xos nozik jihatlarini o‘rganish bilan birga ular yo‘qolib ketishining ham oldini olishadi.  

Hozir kimyoviy dori vositalaridan ko‘ra ko‘proq tabiiy xom-ashyolardan olingan dori vositalariga talab ortib bormoqda. Lekin bu yo‘nalishni namunali tamomlagan talabalar ishsiz qolib ketishmaydi, albatta.  

Mazkur yo‘nalishga o‘tgan yili 333 nafar  abituriyent hujjat topshirgan. Ulardan 10 nafari davlat granti asosida, 15 nafari esa  to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun kimyo, matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi.

4. Kasbiy ta’lim yo‘nalishini bitirganlar barcha sohalarda bo‘lgani kabi dorishunoslik sohasi bo‘yicha ta’lim olmoqchi bo‘lgan o‘quvchilarga bilim berishadi. Bu yo‘nalish talabalarining ustunlik jihati ular dorishunoslik sohasini o‘rganish bilan birga pedagogika sirlaridan ham voqif bo‘lishadi.  

Bu yo‘nalishga 2012-yili 309 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ulardan 10 nafari  davlat granti asosida, 15 nafari  esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Ushbu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun biologiya, kimyo hamda ona tili va adabiyot fanlaridan imtihon topshiriladi. 

Nasiba AHMEDOVA tayyorladi

0 ta izoh

There are no comments