O‘ZBEKISTON DAVLAT JAHON TILLARI UNIVERSITETI

Dunyo davlatlari bilan munosabatlar o‘rnatishda ular bilan umumiy muloqot tili juda muhim hisoblanadi. Albatta, muloqotga kirishuvchi har bir inson barcha millatlar tillarini bilishi shart emas. Bunday paytlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni ta’minlaydigan mutaxassislarga ehtiyoj seziladi. Ular, albatta, qaysidir millatga mansub bo‘lishadi-da, ikkinchi millat tilini o‘rganishadi. Natijada, ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatiladi.  

Mamlakatimizda shu soha bo‘yicha kadrlar tayyorlab beradigan oliy o‘quv yurtlaridan biri - O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti. 

Mazkur o‘quv maskanining til filologiyalari yo‘nalishlariga asosiy til (yo‘nalish nomi keltirilgan til), ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan imtihon topshiriladi. Yo‘nalishlar quyidagilardan iborat:

1. Ispan filologiyasi. Bu yo‘nalishga o‘tgan yili 72 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ularning 4 nafari davlat granti asosida, 16 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.

2. Nemis filologiyasi. Ushbu yo‘nalishga 340 nafar abituriyent hujjat topshirib, ularning 29 nafari davlat granti asosida, 55 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida talabalar safiga qabul qilingan.

3. Fransuz filologiyasi. Mazkur yo‘nalishga esa 2012 - 2013-o‘quv yilida 232 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ulardan 15 nafari davlat granti asosida, 36 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. 

4. Ingliz tili filologiyasi. Dunyoda asosiy muloqot tili ingliz tili bo‘lgani sababli universitetda ushbu fakultet eng ko‘p mutaxassis tayyorlaydigan yo‘nalish hisoblanadi. Joriy o‘quv yilida fakultetga 3167 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ulardan 187 nafari davlat granti asosida, 515 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.  

Fakultetda maxsus “IELTE” yo‘nalishi ham tashkil qilingan bo‘lib, u yerda ingliz tilining sir-asrorlari kengroq o‘rgatiladi va darslar to‘liq ingliz tilida olib boriladi. Yuqori darajali ingliz tili kurslarini, asosan, mana shu yo‘nalishni bitirgan mutaxassislar o‘rgatishi mumkin. “IELTE” yo‘nalishi talabasi bo‘lish uchun 1-avgustda bo‘ladigan imtihonda ingliz tili filologiyasi talabasi bo‘lish kerak. Undan so‘ng maxsus imtihon topshiriladi. Bu imtihonda ingliz tilidagi matnni eshitib tahlil qila bilish, berilgan matnni o‘qib, tushunib, gapira olish, shuningdek, grammatikadan bilimlar sinovdan o‘tkaziladi. Talabalikka qabul qilingan abituriyentlarning eng saralari ana shunday usul bilan tanlab olinadi.

5. Xitoy tili filologiyasi. Dunyoda aholi soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turuvchi mamlakatning tilini o‘rgatadigan ushbu yo‘nalishga o‘tgan o‘quv yilida 171 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ularning 4 nafari davlat granti asosida, 16 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. 

6. Tarjima nazariyasi va amaliyoti. Boshqa tillardan o‘zbek tiliga yoki aksincha tarjima qiluvchi mutaxassislarni mazkur yo‘nalish tayyorlab beradi. Ma’lumki, tarjima – juda nozik ish. Tarixda davlatlar o‘rtasidagi muzokaralar tarjimonlar tomonidan noto‘g‘ri tarjima qilinganligi sababli ayrim ishlar nihoyasiga yetmasdan qolib ketgan holatlar ham yo‘q emas. Ushbu kasbning nozik jihatlarini sizga mazkur fakultet ustozlari o‘rgatishadi.  

Ushbu yo‘nalishga o‘tgan yili 227 nafar abituriyent hujjat topshirib, ularning 13 nafari davlat granti asosida, 7 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalishga kirish uchun ona tili va adabiyot, chet tili va tarix fanlaridan imtihon topshiriladi.

Umuman, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti mamlakatimizga har yili 1000 dan ortiq mutaxassis yetkazib beruvchi katta o‘quv dargohlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, har yili mazkur o‘quv yurti shuncha abituriyentni o‘z quchog‘iga ham oladi.

Nasiba  AHMEDOVA tayyorladi

0 ta izoh

There are no comments