LOGOPED

196164.jpg

Logoped kim: vrach yoki pedagog?

Logoped – bu nutqdagi nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha mutaxassis. U maxsus mashqlar yordamida chiroyli gapirish va tovushlarni aniq-tiniq talaffuz qilishni o‘rgatadi. Logoped bir paytning o‘zida ham vrach, ham pedagog sanaladi. U tibbiy muassasalarda vrach sifatida, ta’lim muassasalarida esa pedagog sifatida faoliyat yuritadi.

 

U qayerlarda ishlashi mumkin?

Logopedlar, asosan, logopedik bolalar bog‘chalari hamda poliklinikalarda xizmat qilishadi.  Shuningdek, professional logopedlar individual shug‘ullanishi yoki shaxsiy kabinet ochib ishlashi ham mumkin.  

 

Kimlar logopedga murojaat qilishi mumkin?

Nutqini yaxshilashni xohlagan har bir shaxs logopedning mijozi bo‘lishi mumkin. Masalan:

1. Yosh bolalar. Nutqi sekin rivojlanayotgan, duduqlanadigan, tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilishga qiynaladigan yoshlar logopedning asosiy mijozlari sanaladi.

2. Abituriyentlar. Nutqiy malaka talab etiladigan  san’at institutlariga kirishni ko‘zlagan yoshlar ham logoped maslahatlariga muhtojlik sezishadi.

3. Katta yoshlilar. Ishi doimiy muloqotlar bilan bog‘liq kasb egalari ham logopedga tez-tez murojaat etib turishadi. Ba’zan shunaqasi ham bo‘lib turadiki, xodimning biror mansabni egallashiga uning talaffuzidagi kamchiliklar xalal berayotgan bo‘lsa, korxona ma’muriyati shu xodimni logoped huzuriga jo‘natadi. 

4. Bemorlar. Bosh miyaning jarohatlanishi oqibatida, masalan, insult holatidan so‘ng nutqini yo‘qotgan bemorlar ham logoped yordamiga muhtojdirlar. Bunday ho-latlarda maxsus metodlar qo‘llaniladi.

 

Logoped bo‘lish uchun nimalar talab etiladi?

 1. Logoped o‘z faoliyati jarayonida ta’lim berish bilan shug‘ullanadi, pedagogikadan xabardor bo‘lmay turib buni uddalash amri mahol.

 2. Bu mutaxassis tayanch tibbiy bilimlarni ham egallagan bo‘lishi shart, chunki u muayyan kasallik (patologiya) ni davolash bilan shug‘ullanadi. Neyrofiziologiya, nevropatologiya, psixopatologiya, eshitish, gapirish va ko‘rish a’zolari fiziologiyasi hamda genetika asoslari logoped uchun tanish bo‘lishi muhim.

3. Logoped ayni paytda yaxshi psixolog ham bo‘lishi kerak, chunki u bolalar bilan ham, kattalar bilan ham o‘ziga xos aloqa o‘rnatishi lozim. 

4. Psixolog va pedagog bo‘lish barobarida bu mutaxassis ona tiliga doir bilimlarni yaxshi o‘zlashtirgan, psixolingvistika bilan tanishib chiqqan bo‘lishi ham kerak.

5. Bu kasb egalarida ayrim o‘ziga xos xususiyatlar bo‘lishi talab etiladi. Bolalarni sevish, xotirjamlik va sabr-toqat, chiqishuvchanlik va aktyorlik shular jumlasidan.

6. Va, albatta, logopedning o‘zida nutqiy muammolar bo‘lmasligi kerak.

 

Karyera 

Logoped mutaxassisligi bo‘yicha ishni oliy ta’lim muassasasining so‘nggi kursini tugatmay ham boshlash mumkin. 

Albatta, bunday holatda ma’muriyatni o‘z ishining ustasi ekanligiga ishontira olish kerak bo‘ladi.

Diplom qo‘lga teggandan so‘ng esa o‘zi xohlagan davlat muassasasiga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. 

Logoped muvaffaqiyatli ish yuritib, murakkab masalalarni hal qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lib borsa, ma’lum vaqtdan so‘ng unga individual mashg‘ulotlar haqidagi iltimoslar bilan murojaat qiluvchilar soni oshib boradi. Bu obro‘ hamda yaxshigina maosh deganidir.

Bunday professional logopedlar “qo‘lma-qo‘l” bo‘lib ketadi. Ular hech qachon ishsiz qolishmaydi. 

 

Bo‘lajak logoped qayerda tahsil olishi kerak?

Logoped bo‘lishni maqsad qilgan abituriyentlar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining “Defektologiya” bo‘limida o‘qishlari kerak. Bu OTM ga kirish uchun bo‘ladigan imtihonlarda quyidagi fanlardan test savollari beriladi:

1) Biologiya;

2) Ona tili va adabiyot;

3) Tarix

Barcha abituriyentlarga kirish imtihonlarida muvaffaqiyat yor bo‘lishini tilaymiz.

sahifani 

Nilufar ESANOVA tayyorladi

 

0 ta izoh

There are no comments