11.111.111.110

Assalomu alaykum.

U yaqinlari bilan ko‘zyosh qilib xayrlashdi. Borajak manzilida va unga yetgunga qadar ham uni halokat qarshi olishi mumkin edi. Lekin u bulardan cho‘chimadi. Va nihoyat, u zamonaviy texnika vositalari orqali ochiq fazo qo‘yniga chiqqan birinchi insonga aylandi. Bugun Yuriy Gagarin nomini dunyo ahli yaxshi biladi.

Bu gal Oyga parvoz maqsad qilib belgilandi. Olimlar tashabbusi bilan inson farzandi ilk bor Oyga qadam qo‘ydi. Shu voqea sabab bugun Nil Armstrong nomi umumjahonga ma’lum-u mashhur. 

��ог�е��-не-��ои�-на-ме��е.jpg

Gagarindan keyin kosmosga chiqqanlar, Armstrongdan so‘ng Oyni zabt etganlar ko‘p bo‘ldi, biroq hech kim ularni, hatto bu ishni ikkinchi bo‘lib bajarganlarni ham tanimaydi. 

Bugun kimdir eng mashaqqatli yumushlardan biri – Pomir yoki Tyanshan tog‘larining eng baland cho‘qqilarini zabt etsa, hayratlanmay qo‘ydik. “Alpinist bo‘lsang, ana, Everestga chiq” degan xayol o‘tadi miyamizdan.  

Yuqoridagi ma’lumotlarni keltirish orqali nima demoqchiligimizni anglash qiyin bo‘lmasa kerak. Insonlarning maqsadlari nafaqat turfaligi bilan, balki katta-kichikligi bilan ham farq qiladi. Hayotda shifokor, o‘qituvchi yoki kosib bo‘lish maqsadlari o‘rtasida deyarli tafovut yo‘q. Bu – kimgadir yoqar lola, kim atirgul shaydosi deganday gap. Biroq shifokor bo‘lish bilan zo‘r shifokor bo‘lish maqsadi o‘rtasida katta farq bor.  

Eng zo‘r. Eng yuqori. Tanho.

Bu tushunchalar jimjimador bo‘lishi ham, ular inson qalbida kibr atalmish o‘tni alangalatishi ham, ko‘zimizga ertak yoki ro‘yo bo‘lib ko‘rinishi ham mumkin. Muhimi bu emas. Muhimi – uni ko‘zlash, unga intilish. Inson umrining qaysidir pog‘onasida “Mukammalman” deyishi shayton vasvasasidan darak beradi. Biroq hech qachon yetib bo‘lmas bu manzilga – “Mukammallik cho‘qqisi”ga tomon tinmay olg‘a intilish bizni o‘zimiz bilmagan holda yuksak ma’volarga eltib qo‘yadi.   

Bill Geyts o‘ziga yuksak marrani maqsad qilib qo‘ydi: “Shunday qilayki, har bir xonadonda kompyuter bo‘lsin”. To‘g‘ri, Bill Geyts o‘zi ko‘zlagan marraga yetib borganicha yo‘q. Biroq bu marraga yetishish uchun qilgan harakatlarining samarasi o‘laroq, u dunyoning eng boy, eng mashhur,eng foydali insonlaridan biriga aylandi.  

“Yulduzni ko‘zlagan Oyga yetibdi” degan gap bor xalqimizda. Orzu qilishdan qo‘rqmaslik, nishon uchun uzoqroq marrani tanlay bilish muvaffaqiyat sari qo‘yilgan birinchi qadamdir. Amerikani bir bor ko‘rishni emas, Nyu-Yorkka borib, “Ozodlik” haykalining qo‘lidagi mash’alaga chiqishni orzu qilish kerak. Peleni bir marta bo‘lsa ham, uzoqdan bo‘lsa ham, bir zumgina bo‘lsa ham ko‘rishni emas, u bilan birga choy, agar qahvani xush ko‘rsa, mayli, qahva ichishni ko‘zlash, uni lazgiga o‘ynatishni orzu qilish kerak.   

“Men o‘qishga kontrakt bo‘lsa ham “ilinib qolsam” bo‘ldi” degan gaplar chalinadi ba’zan. Orzu yo‘limizni o‘zimiz bo‘g‘amiz-da, yana yarim yo‘lda qolib ketganimizdan nolib ham qo‘yamiz. Bunaqasi ketmaydi. Uchala fandan 100% lik natijani qo‘lga kiritishni maqsad qiling. Qog‘ozga “Men imtihonda 108 ta testning hammasini to‘g‘ri ishlayman” deb yozing va xonangizga ilib qo‘ying. Tinmay shu manzil sari harakat qiling. Ajab ishlarga to‘la bu dunyoda hech narsa ajab emas. Omon bo‘ling!

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments