Y U R I S T

yurist.jpg

Yurist kim?

Yurist deb huquqshunoslik bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar va yuridik fanlar bo‘yicha mutaxassislar ataladi.  

 

U nima bilan shug‘ullanadi?

Advokat, prokuror, sudya, tergovchi, yuriskonsult va yana qator qonun kishilari yuristlar hisoblanadi. Ularning har biri o‘z faoliyat turidan kelib chiqib turli vazifalarni bajaradi. Barcha yuristlarni, u advokat bo‘ladimi yoki boshqami, qonun himoyasi va huquqiy tartib maqsadi birlashtirib turadi.

 

Yurist qayerlarda faoliyat yuritishi mumkin?

Yuristlar ish olib boradigan joylar ularning faoliyat turlaridan kelib chiqadi:

- umumiy va hakamlik sudlarida;

- prokuraturada;

- Ichki ishlar organlarida, militsiyada, soliq va bojxona organlarida va turli xavfsizlik xizmatlarida;

- oliy davlat organlari va boshqa boshqaruv organlarida;

- barcha savdo tashkilotlarida;

- advokaturalarda;

- notarial idoralarda;

- bank va sug‘urta ishlarida;

- turli firmalarda;

- ilm-fan sohasida va o‘quv yurtlarida.

Zamon talabi bilan yuristlar uchun yangi-yangi faoliyat joylari paydo bo‘laveradi.

 

Bu kasb qanday ijobiy va salbiy jihatlarga ega?

Yuristning kim sifatida ish yuritayotganiga qarab ishning plyus va minuslari ham turlicha bo‘ladi. Masalan, advokatni olaylik. Istiqbolli karyera, yuqori maosh imkoniyati, boshqa instansiyalardan mustaqilligi (avtonomligi) advokatlikning ijobiy jihatlari sifatida qaralsa, javobgarlikning qattiqligi, kirimning beqarorligi (nostabilligi) (bu holat, asosan, yangi ish boshlayotgan advokatlar uchun xos), mijozning jirkanch va qabih ish qilganiga qaramay uni himoya qilishga urinish hamda ruhiy siqilishlar bu kasbning minuslari deb qaralishi mumkin. Biroq o‘z kasbini sevgan mutaxassis uning har qanday mashaqqatlariga ko‘z yumib o‘ta oladi.

 

Yuristdan qanday xususiyatlar egasi bo‘lish talab etiladi?

O‘z ishini sevish, haqqoniylik (adolatparvarlik), talab etiladigan yuridik bilimlarni puxta egallaganlik, mas’uliyatni o‘ta kuchli his qilish, turli vaziyatlarning salbiy ta’siridan tezda chiqib keta olish, notiqlik va albatta o‘z ishiga fidoyilik. Bu o‘rinda ham advokat yo tergovchi, prokuror yoki firma yuristidan talab etiladigan jihatlar turlicha ekanini yodda tutish lozim.   

 

Yurist bo‘lish uchun qaysi OTM da ta’lim olish kerak?

Kelgusida yurist bo‘lishni maqsad qilgan abituriyentlar o‘z hujjatlarini Toshkent davlat yuridik institutiga, shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti yoki Samarqand davlat universitetining Huquqshunoslik fakultetlariga topshirishlari mumkin. Kirish imtihonlarida quyidagi fanlardan test sinovlari o‘tkaziladi:

1. Tarix

2. Ona tili va adabiyot

3. Ingliz tili (Xorijiy tillardan biri)

Nilufar ESONOVA

 tayyorladi.

 

0 ta izoh

There are no comments