TOSHKENT DAVLAT TEXNIKA UNIVERSITETI. GEOLOGIYA VA TOG‘-KON ISHI FAKULTETI

mining 101 image.jpg

Yaratgan ona yurtimizni cheksiz miqdorda yerosti boyliklari bilan siylagan. Ulardan unumli foydalanish va isrof qilmaslik esa bizning vazifamiz hisoblanadi. Ana shu maqsadni ko‘zlovchi abituriyentlar ushbu fakultet talabasi bo‘lish uchun tayyorgarlik ko‘rishadi va test topshirishadi. 

Ushbu fakultetning yo‘nalishlari va o‘tgan  yilgi qabul  kvotalari  haqida ma’lumot berib o’tsak. 

1. Hayotiy faoliyat xavfsizligi yo‘nalishi.  Albatta, hech qanday moddiy boylik inson hayotidan ustun bo‘la olmaydi. Foydali qazilmalar bilan ishlaydigan mutaxassislar yerosti konlarida, tog‘larda ishlashlariga to‘g‘ri keladi. U yerlardagi kichik bir xato bir necha ishchi  umrining  tugashiga olib kelishi mumkin. Shu bois ish olib borilayotgan yerlarda xavfsizlik choralari ko‘rilishi lozim. Xavfsizlik me’yorini belgilaydigan mutaxassislar esa ushbu yo‘nalish bitiruvchilari hisoblanishadi. Ular ish joyining vaziyatidan kelib chiqib, kerakli chora- tadbirlarni ishlab chiqadilar va boshqa ishchilar shunga amal qilgan holda o‘z vazifalarini ado etadilar.  

Ushbu yo‘nalishga 2012-2013-o‘quv yili uchun 64 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ulardan 3 nafari davlat granti asosida, 15 nafari  to‘lov-shartnoma asosida  talabalar safiga qabul qilingan. Ushbu yo‘nalishga abituriyentlar matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot  fanlaridan test topshirishadi.

2. Konchilik ishi yo‘nalishi.  Yuqorida  sanab o‘tilgan moddiy boyliklarni qazib olish uchun konlarni tashkil etish va u yerda ishlarni yo‘lga qo‘yish, oldindan vaziyatni to‘g‘ri baholay olish va bajariladigan ishlar ketma-ketligini ko‘ra olish talab etiladi. Bu ishlarni esa yaxshi malakaga ega bo‘lgan konchilik ishi muhandisi yo‘lga qo‘ya oladi.  

Konlardagi ishlarni tashkil etish va ularni amalga oshirishni ta’minlovchi muhandislar ushbu yo‘nalish bitiruvchilari orasidan yetishib chiqadi. 

Ushbu yo‘nalishga 2012-2013-o‘quv yili uchun 566 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ulardan 36 tasi  davlat granti asosida, 45 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida talabalar safiga qabul qilinishgan. Mazkur yo‘nalishga  kirish uchun abituriyentlar matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test topshirishadi.

3. Geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishi.  Yer o‘lchovlari va ma’lum yerda loyihalashtirilayotgan qurilishlarni tahlil qiluvchi muhandislar mazkur yo‘nalish bitiruvchilari orasidan chiqadi.  

Mazkur yo‘nalishga joriy o‘quv yili uchun 155 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ulardan 14 nafari davlat granti asosida, 22 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida 1-kurs talabaligiga qabul qilingan. Bu yo‘nalish talabasi bo‘lish uchun ham matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test topshiriladi.

4. Foydali qazilmalarni qazish va razvedka qilishning geofizik usullari yo‘nalishi.  Yerosti boyliklari, o‘z nomi bilan, yer ostida joylashgan bo‘ladi.  Ularning qayerda joylashganini hamma ham bilavermaydi. Undan tashqari, konlar joylashgan joylar yer qatlamiga yaqinroq bo‘lsa, xavfsizlik maqsadida yaqin atrofdagi aholini evakuatsiya qilish ham lozim. Shunday qilib, foydali qazilmalar joylashgan yerlarni kavlamasdan aniqlash va topgandan so‘ng  qazib olish ishlarini tashkil qiluvchi muhandislar mazkur yo‘nalish talabalari orasidan yetishib chiqadi.  

Ushbu yo‘nalishga  joriy o‘quv yilida 624 abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ulardan 55 nafari davlat granti asosida, 80 nafari to‘lov-shartnoma asosida hozirgi kunda 1-kurs talabasi hisoblanishadi. Ushbu yo‘nalishga abituriyentlar matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test topshirishadi.

Nasiba AHMEDOVA tayyorladi

0 ta izoh

There are no comments