K I N O P R O D U S E R

FileHandler.jpg

U kim?

Kinoproduser (inglizcha produce – ishlab chiqarmoq so‘zidan olingan) – yaratilayotgan filmning ma’muriy va moliyaviy ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis.

 

U nima ish qiladi?

Bu savolga umumiyroq qilib quyidagicha javob berish mumkin:

Yangi film g‘oyasi produserning o‘zida paydo bo‘lishi yoki unga g‘oyani taklif qilishlari mumkin. Kinoproduser bu g‘oyani ko‘rib chiqadi, uni amalga oshirish uchun qancha mablag‘ sarf etilishini o‘rganadi. Shundan so‘ng mablag‘ bilan ta’minlash manbasini topadi. Hammasi joyida bo‘lsa, ssenarist, rejissor va aktyorlarni taklif qiladi, reklama va filmning sotuvdagi (kinoprokatdagi) harakati uchun moliyaviy ta’minot yaratib beradi.      

 

Produser va rejissor

Produserning rejissor bilan munosabati vaziyatga qarab turlicha bo‘ladi. Agar gap mualliflik kinosi haqida borsa, unda rejissor birinchi planga chiqadi. G‘oya ham, kinoning konsepsiyasi ham rejissorga tegishli bo‘lgani bois bu o‘rinda produser rejissorga filmni yaratishda yordam beradi, xolos. Ham produserlik, ham rejissorlik ishini bir o‘zi eplab, dong taratgan kishilar ham bor. Stiven Spilberg (“Indiana Jons”), Jeyms Kemeron (“Titanik”, “Avatar”) kabi ijodkorlar shular jumlasidan.

 

Kinoproduser qanday daromad oladi?

Kinoproduserlar ikki xil modeldan qaysi birida faoliyat yuritishiga qarab ularning qo‘lga kiritadigan mablag‘lari ham turlicha bo‘ladi. 

1. Tijorat modeli. Bu model daromad olishni ko‘zda tutadi. Shu bois kinoprokat orqali katta sarmoyaga ega bo‘lish mumkin bo‘lgan mamlakatlarda bu model yaxshiroq ishlaydi. Bunday davlatlar orasida AQSH yetakchilik qiladi. 

2. Budjet modeli. Bu model budjet hisobidan tayyorlanayotgan kinoloyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadiga yo‘naltirilgan. Unga ko‘ra, kinoproduser davlat budjeti yoki homiylar tomonidan ajratilgan mablag‘ni oqilona sarf etish va ular tomonidan rag‘batlantirilish hisobidan daromadga erishadi.     

 

Kinoproduserlarning mehnat taqsimoti qanday?

Filmning moliyaviy va huquqiy tomonlari juda murakkab bo‘lgani bois bosh produser ijrochi va tashkilotchi produserlar yordamiga ehtiyoj sezadi. Bosh produser (executive producer) film budjetining taxminiy qiymatini aniqlaydi, ijodiy hamkorlar (ssenarist, rejissor, aktyorlar…) bilan shartnoma tuzadi. Ijrochi produser (producer) esa sarf-xarajatlarni kuzatib boradi, kerakli ashyolar ta’minotini amalga oshiradi. Ko‘p hollarda ijrochi produser ishini ham bosh produserning o‘zi amalga oshiradi. Tashkilotchi produser (line producer, unit production manager) ishning grafik bo‘yicha borishini nazorat qiladi. 

 

Kinoproduser qayerda faoliyat yuritadi?

Bu kasb egalari kinostudiyalarda, produserlik markazlarida ishlashlari, shuningdek, mustaqil holda faoliyat yuritishlari ham mumkin.

 

Bilim va malaka 

Kinoproduser kinosanoat, marketing, menejment sohalarini yaxshi tushunishi, adabiyot, tarix va kino san’ati borasida keng bilim va dunyoqarashga ega bo‘lishi kerak.

 

Qayerda o‘qish lozim?

Bizda hozircha kinoproduser tayyorlaydigan oliy o‘quv yurti mavjud emas. Shunga qaramay, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida rejissura yoki aktyorlik fakultetlarida bakalavriatni o‘tash, undan so‘ng “Madaniyat va san’at sohasi menejmenti” yo‘nalishi bo‘yicha magistrlik bosqichida ta’lim olish tavsiya etiladi. Iqtisodiyot universitetlarini (masalan, menejment fakultetini) tamomlab ham bu sohada faoliyat yuritish mumkin. 

Kelgusida kinoproduser bo‘lish niyatida tayyorgarlik ko‘rayotgan abituriyentlarga kirish imtihonlari va kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Nargiza IBODULLAYEVA

0 ta izoh

There are no comments