A S P I R O

Salom, abituriyent.

Bugun mashhur bo‘lish unchalik qiyin ish bo‘lmay qoldi. Televideniye, internet kabi vositalar ta’sirida birpasda atoqli nom egasi bo‘lib olish qiyin emas. Lekin televideniye va internet yo‘q bo‘lgan yoxud hali rivojlanmagan davrlarda bu ish ancha mushkul bo‘lgani tabiiy hol. Kimdir mashhur bo‘lish uchun Artemida ibodatxonasini yoqdi, kimdir esa nomini toshga o‘ydirdi, yana kimdir o‘z tarixini yozdi. Biroq asil fidoyi kishilar, o‘z umrini insonlar uchun foydali ishlarga bag‘ishlay olganlargina yaxshi nom bilan dovruq qozonadi. Biz bugun ana shunday dovrug‘i dostonlarning ayrimlari haqida qisqacha to‘xtalamiz.   

1. Homer. Buyuk yunon shoiri, “Iliada” hamda “Odisseya” kabi o‘lmas asarlar muallifi. Mashhur “Troya”, “Odissey” kabi filmlarning ssenariylari Homer asarlari asosida yaratilgan.

2. Bax. Buyuk nemis bastakori. 1000 dan ortiq musiqiy asar muallifi. Betxoven hamda Motsartlar uning musiqalariga yuksak baho berishgan.

3. Andrea Bochelli.  Italiyalik mashhur qo‘shiqchi. Luchana Pavarotti bilan duet ham kuylagan. Dunyoning 4-tenori deb tan olingan. Huquqshunoslik bo‘yicha doktorlik ishini yoqlagan. Kompyuterda o‘z avtobiografiyasini yozgan. Chang‘i va ot sporti bilan shug‘ullanadi. (“Shunga nima bo‘pti?” deyishga shoshilmang) 

4. Rey Charlz. Amerikalik sozanda.  17 bor “Gremmi” mukofoti sohibi bo‘lgan. Frenk Sinatra uni “Shou-biznesning birdan bir haqiqiy dahosi” deya ta’riflagan. 70 dan ortiq albomlar chiqargan. 2004-yilda “Rolling Stoun” jurnali “Barhayotlar ro‘yxati: 100” da Reyni 10-raqamda e’lon qilgan. 

5. Stivi Uander. Amerikalik qo‘shiqchi va bastakor. 25 bor “Gremmi”ni qo‘lga kiritib, rekord o‘rnatgan. “Women in Red” filmiga bastalagan qo‘shig‘i uchun “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan. GTA V o‘yinining 2-treylerida uning “Skeltons” qo‘shig‘i yangraydi.

6. Nikolay Lobachevskiy. Rus matematigi. Noyevklid geometriyasi asoschisi. Zamondoshlari uni “Geometriya fanining Kopernigi” deb ulug‘lashgan. 

7. Xorxe Borxes.  Argentinalik adib. Lotin Amerikasining eng buyuk yozuvchilaridan biri. Amerika adabiyotiga yangilik olib kirgan ijodkor. “Nobel” mukofoti nomzodi. Asteroidlardan biri uning nomi bilan atalgan.

8. Va nihoyat, Ahmad Yugnakiy. Turkiy shoir. “Hibat ul-haqoyiq” asari muallifi. Navoiy uning “ziyrak va zakiy” inson bo‘lganligini qayd etgan. 

Balki, sezgandirsiz, balki, yo‘q, biz bejiz aynan shu nomlarga to‘xtalmadik. Yuqorida tilga olingan mashhur siymolar ko‘zi ojiz holda zamondoshlarini lol qila bilgan, tarixda o‘chmas iz qoldira olgan kishilardir. Biz ular haqida ikki og‘iz ham ma’lumot berganimizcha yo‘q, biroq ularning ko‘z nuridan mosuvo holda tarixga muhrlagan bittagina ishlari ham bizning hayratimizga, ko‘zimiz ko‘rayotgani uchun yana bir bor shukur qilishimizga sababchi bo‘la oladi. 

Adabiyot o‘qituvchimiz 12 misra she’rni yod olishga buyursa, qovog‘imiz osiladi, holbuki, Homer o‘z asarlarini to‘laligicha yoddan bilgan. 

Uch varaqqa ijod qilib insho yozib kelish biz uchun mushkul vazifa, Iogann Bax esa 1000 dan ortiq asarni notama-nota yozgan.

Qo‘limizda ruchka, uyimizda kompyuter bo‘la turib konspekt yozishga erinamiz. Bochelli esa ko‘zi ojiz bo‘la turib, klaviaturada yozishni o‘rgandi, unda o‘z avtobiografiyasini bitdi.    

Matematikani mashqlar bajarmay turib o‘rganib bo‘lmasligini bilamiz-u, baribir, erinamiz. 15 ta misol berilsa, 10 tasini ishlaymiz yoki yo‘q, yana o‘zimizni ko‘p ish qilib yuborgandek his qila boshlaymiz. Lobachevskiy geometriyada yangi yo‘nalishga asos soldi. Biz ko‘zimizni yumgan holda bitta misolni ishlay olamizmi? 

Borxes o‘z asarlari bilan butun Amerikani zabt eta oldi. Manaman degan Markes ham uni ustoz sifatida tan oldi. Biz-chi, o‘z ijodimiz bilan Osiyo-ku, mayli, yurtimizni, viloyatimizni, hech bo‘lmasa, qishloq yoki ko‘chamizni zabt eta olyapmizmi?

Ha, aslida, biz ko‘proq, salmoqliroq ishlarni amalga oshirishimiz mumkin. Kitobni o‘zimiz o‘qiy olsak, o‘zimiz yoza olsak, ko‘chani birovning ko‘magisiz sayr eta olsak, tabiatning ko‘z uchun atalgan go‘zalligi-yu ne’matlaridan bahramand bo‘la olsak, bizga berilgan shu baxt uchun ham o‘n chandon ko‘proq mehnat qilishimiz kerak.Mehnat qilib bir narsaga erishganimizdan tuyadigan zavqimiz keyingi ishlarimizga turtki, qo‘shimcha kuch bag‘ishlar ekan. O‘lmas musiqalar muallifi Betxoven o‘zining mashhur 9-simfoniyasini bastalaganda va uni ommaga taqdim  etishganda eshitish qobiliyatiga ega emas edi. Bastakor o‘zining bu asarini tinglay ololmadi, undan zavq ola bilmadi. Tabiiyki, u buni juda xohlagan. Siz va bizda esa Betxoven orzu qilgan narsa, shukurki, bor. Bu imkoniyatlardan oqilona foydalanaylik.

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments