TOSHKENT DAVLAT TEXNIKA UNIVERSITETI. Elektronika va avtomatika fakulteti

Axborot texnologiyalari rivojlanib borgani sari ularni ishlab chiqaruvchi, nazorat qiluvchi texnologiyalar ham takomillashib boradi. Shunday texnologiyalarni ishlab chiqarish, ishlash prinsipini o‘rganish va ta’mirlash ham juda muhim hisoblanadi. Mazkur soha kadrlarini tayyorlash Toshkent davlat texnika universitetining elektronika va avtomatika fakulteti zimmasidadir.

images.jpg

Ushbu fakultetga 2012-13-o‘quv yilida  500 ta talaba qabul qilingan bo‘lib, shulardan 337 tasi milliy yo‘nalishga, 153 tasi rus tilida ta’lim beriluvchi yo‘nalishga hujjat topshirgan. Bu yo‘nalishlarning barchasiga matematika, fizika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan test topshiriladi. Quyida milliy yo‘nalishlar va ularga qabul qilingan talabalar soni haqida to‘liqroq ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishi. Bu yo‘nalish informatsiya va ularni ishlab chiqaruvchi, tarqatuvchi va qabul qiluvchi texnologiyalarni o‘rgatuvchi yo‘nalish hisoblanib, uning talabalari, asosan, shaxsiy kompyuterlarning ishlash prinsiplarini o‘rganishadi. 

Bu yo‘nalishga 76 ta abituriyent hujjat topshirgan, shulardan 7 tasi davlat granti asosida, 9 tasi to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.

Radiotexnika yo‘nalishi. Ushbu yo‘nalishda talabalar radioto‘lqinlar yordamida axborot uzatish va qabul qilish usullarini o‘rganishadi. Garchi bu yo‘nalish juda eskirgan bo‘lsa-da, uning texnologiyasi doimiy ravishda o‘sib bormoqda. Shu sababli doimiy ravishda zamonaviy radiotexnika va uning texnologiyalaridan xabardor muhandislarga ehtiyoj tug‘ilaveradi.  

Ushbu yo‘nalishga 402 ta abituriyent hujjat topshirgan. Shulardan 23 tasi davlat granti asosida, 40 tasi to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi. 

Radiotexnika qoshidagi kasb ta’limi yo‘nalishiga esa 203 ta abituriyent hujjat topshirib, shulardan 5 tasi davlat granti asosida, 12 tasi to‘lov-shartnoma asosida talabalar safiga qo‘shilishdi.

Metrologiya, standartlash va sertifikatlash yo‘nalishi. Ishlab chiqarilgan har qanday mahsulot o‘zining sifat ko‘rsatkichiga ega bo‘lishi, zarur me’yoriy talablarga javob berishi lozim. Uning sifatini foydalanishga loyiqligini tekshiruvchi mutaxassislar ushbu yo‘nalish bitiruvchilari hisoblanishadi.  

Mazkur yo‘nalishga 335 ta abituriyent hujjat topshirib, shulardan 23 tasi davlat granti asosida, 33 tasi to‘lov-shartnoma asosida talabalar safiga qabul qilinishdi.

Asbobsozlik va elektronika yo‘nalishi. Elektronik asboblar tuzilishi, ularni ishlab chiqarish, ta’mirlash ishlarini olib boruvchi mutaxassislar mazkur yo‘nalish talabalari orasidan yetishib chiqadi.  

Ushbu yo‘nalish bitiruvchilari zamonaviy elektronik asboblarning eng nozik jihatlarini o‘rganishadi, ularni ta’mirlashadi va ishlash prinsipini juda yaxshi tushunishadi.

Asbobsozlik va elektronika yo‘nalishiga 728 ta abituriyent hujjat topshirib, shulardan 30 tasi davlat granti asosida, 55 tasi to‘lov-shartnoma asosida talabalar safiga qabul qilingan.

Biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishi. Tibbiyot rivojlanishi tibbiy mashinalarning rivojlanishi-ga bog‘liq. Zamonaviy tibbiyot mashinalarini yaratish, ulardan foydalanish va ta’mirlash ishlarini olib boruvchi muhandislarni yetishtirib chiqarish bu yo‘na-lishning vazifasi hisoblanadi. 

Ushbu yo‘nalishga 130 ta abituriyent hujjat topshirib, ulardan 7 tasi davlat granti asosida, 8 ta abituriyent to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi.

Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish. Hozirgi zamonda ishlab chiqarishlarda ko‘p ishlarni robotlar, aniqrog‘i, elektronik mashinalar bajarmoqda. Shu ishlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishning har bir bosqichida mashina nima ish bajarayotganini anglay oladigan muhandislar yordamida bajariladi. Shunday muhandislar mazkur yo‘nalish talabalari hisoblanishadi. 

Ushbu yo‘nalishga 517 ta abituriyent hujjat topshirib, ulardan 40 tasi davlat granti asosida, 45 ta abituriyent to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi.

Nasiba AHMEDOVA tayyorladi

0 ta izoh

There are no comments