O‘ZINGIZNI SINOVLARDA TOBLANG

IMAG0041.jpg

Eldor Karimov

Xorazmning Xiva shahridan

O‘rta maxsus ma’lumot: UrDU qoshidagi 4-sonli akademik litsey

O‘qish joyi: O‘zbekiston Milliy universiteti

Fakulteti: Kimyo

Ta’lim shakli: budjet

To‘plagan balli: 199,2  

To‘g‘ri ishlagan testlari: 

Kimyo – 32 ta 

Biologiya   – 34 ta

Ona tili va adabiyot – 26 ta

 

- Eldor, talabalik muborak! 

- Rahmat.

 - Bilishimizcha, siz Respublika fan olimpiadasi sovrindorisiz. Bu oliy o‘quv yurtiga imtiyoz bilan qabul qilinishingizni ta’minlardi… 

- To‘g‘ri, men Respublika fan olimpiadasida Kimyo fani bo‘yicha qatnashib, faxrli III o‘rinni qo‘lga kiritganman. Biroq imtihonlarsiz talaba bo‘lish imtiyozi 76 va undan yuqori ball to‘plagan ishtirokchilargagina nasib etadi. Mening ballim 75 dan oshgan , lekin 76 ga yetmagan. Shunday bo‘lsa-da, afsuslanishimga asos yo‘q. Olimpiada men uchun kirish imtihonlari oldidan zo‘r sinov vazifasini o‘tab berdi.

 - Kimyo fanidan olimpiada sovrindori bo‘lishingizga qaramay kirish imtihonida 36 ta emas, 32 ta testni to‘g‘ri ishlabsiz. Bu nima bilan bog‘liq? 

- Tan olaman, bitta testni xato ishladim. Buni bilganimda kech bo‘lgandi. Yana bir testni tavakkal belgiladim, chunki unda bir olim haqida nazariy savol berilgandi. Shuning hisobiga 34 ta to‘g‘ri chiqishiga umid qilib turgandim, biroq 32 ta chiqibdi.Yana ikki xatolikka qaysi o‘rinda yo‘l qo‘yganman – bilmayman. Har qalay qaysidir nuqtada e’tiborsizlik qilgan bo‘lsam kerak. 

- Kirish imtihonida biologiya fanidan yaxshiroq natija ko‘rsatgansiz. Ayting-chi, biologiyadan 36 ta testni to‘g‘ri ishlash uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?

- O‘zim 36 ta ishlay olmadim, shuning uchun 34 ta to‘g‘ri yechish uchun nimalar qilish kerakligi haqida gapirishim mumkin. Biologiya, asosan, yodlashga asoslanadi. Buni bilishgina emas, his qilish ham kerak.Qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, yodlash kerak. Men tushunib yodlash va yaxshi sherik topib, hamkorlikda ishlashni ma’qul ko‘rdim. Bu usul menda natija berdi. Qolganlar ham o‘zlariga maqbul yo‘lni tanlashlari kerak, deb o‘ylayman. 

- Yana ona tili va adabiyot mavzusi. Shaxsan sizga bu fandan 100% lik natija ko‘rsatishingizga nima to‘sqinlik qildi?

- Testni bor bilimimdan foydalanganimni hisobga olib aytishim mumkinki, bilimim kamlik qildi. Eng zaif nuqtam akademik litsey adabiyotini yaxshi o‘zlashtirmaganim edi. Ayni shu nuqta menga pand berdi. 

 - Hozir abituriyentlar og‘zida bir gap yuribdi: Birinchi yili imtihondan yiqilish “moda”ga aylanyapti. Siz bunga javoban nima deya olasiz?

- Men bunday “moda”lar tarafdori emasman. Shukurki, o‘zim birinchi yiliyoq talabaga aylandim. Qolaversa, o‘qishga 1-o‘rinda qabul qilindim. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rilsa, “moda”ga ehtiyoj qolmaydi, deb o‘ylayman. 

- Yaxshi o‘qituvchi, yaxshi sharoit, intiluvchan abituriyent. Nima deb o‘ylaysiz, qaysi biri birlamchi?

 - Odamning o‘zida intilish bo‘lmasa, qolganlaridan naf yo‘q. Shuning uchun oxirgisini birlamchi deb o‘ylayman.

 - Sizning nomingiz gazetamiz sahifalarida oldin ham qayd etilgan edi…

 - Ha, men “Abituriyent” gazetasi, Navoiy o‘quv markazi va abituriyent.uz sayti hamkorligida o‘tkazilgan “VTS olimpiadasi”da ishtirok etganman va II o‘rin sohibi bo‘lganman.  

- Ikki og‘iz shu musobaqa haqida gapirib bersangiz.

- Bu musobaqa hammaga ham emas. Bu olimpiadani men talaba bo‘lish niyatida bo‘lganlarning emas, shu niyatda harakat qilayotganlarning musobaqasi deb o‘ylayman. Shu musobaqaning finalida ishtirok etishim uchun sentabrdan maygacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tdim. Bu narsa mashqlarda obdan toblanishimga katta ko‘mak berdi.

Yana bir narsani aytishim mumkinki, turli musobaqalar menga zina vazifasini o‘tab berdi. Respublika fan olimpiadasida III o‘rin, VTS olimpiadasida II o‘rin va kirish imtihonida I o‘rin. 

- Siz talaba bo‘lishingizda kimlarning xizmatini alohida e’tirof eta olasiz?

- Mening hozirda talaba sanalishimda ota-onam va ustozlarimning hissalari juda katta. Rejali o‘qish sirlarini hamda ona tili va adabiyot faniga doir bilimlarni o‘rgatgan ustozim Muhabbat opaga, kimyo fani o‘qituvchisi Po‘latjon domlaga, biologiya ustozlarim Ozoda opa va Jasur akalarga, shular qatori “Abituriyent” gazetasi xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. 

- Abituriyentlarga o‘z tajribangizdan kelib chiqib nima degan bo‘lardingiz?

 - Avvalo, birinchi yiliyoq kirish mumkinligiga ishoning. Kimyo fanidan nazariy ma’lumotlarga ham e’tibor qarating. Akademik litsey adabiyot darsligini puxta o‘zlashtiring. O‘zingizni sinov va musobaqalarda toblang. Omad yor bo‘lsin!

- Sizning o‘qish va ishlaringizda ham omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.  

Nasiba AHMEDOVA tayyorladi

 
0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments