MAYMUN QAYERDA QOLDI?

Bir odam kuchukchasi bilan Afrika safariga chiqibdi. 

Kuchukcha atrofga alanglab, egasini yo‘qotib qo‘yibdi. Nima qilishini bilmay garangsib turgan edi, qarasa, u tomon bir leopard yugurib kelayapti. Shunda kuchukning vujudini dahshat egallabdi. Lekin bunday paytda o‘zini qo‘lga olmishi kerak, yo’qsa, leopardga yem bo‘lishi aniq. 

Nima qilishini bilmay atrofga qarasa, yerda bir qancha suyaklar yotgan ekan. Shu suyaklar yordamida bir hiyla o’ylabdi. Leopard kelayotgan tarafga tezgina orqasini o‘girib, suyak g‘ajigan bo’lib  o‘ziga o‘zi gapira ketibdi: 

– Muncha shirin bo‘lmasa bu leopardning go‘shti. Yaqin atrofda bundan boshqa leopard yo‘qmikan? 

Buni eshitgan leopardning tanasiga muz yuguribdi. Shu ondayoq harakatdan to‘xtab, eng yaqin daraxtga tirmashibdi-da, shoxlar orasiga o‘zini yashiribdi: “Juda ham vaqtida sezib qoldim, bo‘lmasam, kuchukka yem bo‘lardim”, - degan fikr o‘tibdi xayolidan. 

Bu jarayonni daraxt ustidagi bir maymun kuzatib o‘tirgan edi. O‘z aqlini ishlatib, bundan keyin leopard panohiga kirishi mumkinligini o‘ylabdi-da, bo‘lib o‘tgan voqeani oqizmay-tomizmay leopardga aytib beribdi. Albatta, bu narsa leopardning jahlini chiqaribdi, izzat-nafsiga tegibdi. 

 - Ustimga sakra, - debdi leopard maymunga qarab. - Borib shu ko‘ppakning bir ta’zirini berib qo‘yaylik…” 

O‘z joyidan hech qayerga jilmagan kuchuk g’azab otiga mingan leopard va leopard ustiga mingan maymunni ko’rib, vahima ostida qolibdi. Kuchuk nima qilish kerakligi haqida o’ylabdi. “Qochish befoyda”, - debdi o’ziga o’zi. Shunda yarq etib miyasiga bir fikr kelibdi. U ortga o’girilgancha yana suyak g’ajiy boshlabdi. 

Leopard endi tashlanmoqchi bo‘lgan ekan, kuchukning gaplarini eshitib qolibdi: 

– Lapashang maymun! Qaysi go’rda yuribdi ekan!? Yarim soat oldin bitta leopardni olib kelgin deb jo‘natuvdim, haliyam xabar yo‘q…

540978_533738789972974_1092986733_n.jpg

0 ta izoh

There are no comments