M E N G I D M A N

tour-guide-400a0524.jpg

1. Sizning kasbingiz?

Men gid yoki ekskursovodman. Xususiy turistik agentlikda faoliyat yuritaman.

 

2. Ishingiz va majburiyatlaringiz nimalardan iborat?

Men sayohatchilar (turistik guruhlar) bilan uchrashib, ularni belgilangan marshrut bo‘yicha olib yurishim, muhim obyektlar yonida to‘xtab, ular haqida ma’lumot berishim kerak. Aytib berishim lozim bo‘lgan tarixiy faktlar va hikoyalarni oldindan saralab olaman. O‘zim Rimda ishlayman. Mening marshrutim – Kolizeydan Palatingacha bo‘lgan yo‘l.Kasb taqazosi tufayli bu yerlar va ularning tarixini besh  qo‘lday bilaman. 

 

3. Sizga kasbdosh bo‘lish uchun qanday ma’lumotga ega bo‘lish kerak?

Ayrim hollarda oliy ta’lim shart emas, biroq o‘zim oliy ma’lumotga egaman. Shaxsan men oliy ma’lumotli gidlarni boshqalaridan bir pog‘ona ustun qo‘yaman. Maxsus kurslarda o‘qish muhim talablardan biridir.  

 

4. Bizni o‘z ish kuningiz bilan tanishtirsangiz.

Ish soatim 11 dan boshlanadi. Ayni shu paytda Kolizeydan bitta guruhni olib, yo‘lga otlanaman. Sayohat, taxminan, bir yarim soatlar davom etadi. 10 – 20 daqiqa tanaffus olgach, yangi guruhni qabul qilib olaman. Bir kunda uchtadan beshtagacha guruhni shahar aylantiraman.

 

5. Ishingizda Sizga nima ko‘proq yoqadi? 

Hamma narsa: ko‘hna shahar, atmosfera, qadimiy Rim tarixini qiziqish bilan tinglayotgan odamlar ishimga muhabbatimni oshiradi.

 

6. Ishingizning salbiy, Sizga yoqmaydigan tomonlari ham bormi? 

Birinchidan, ishim mavsumiy. Qolaversa, ish qizigan payt yozga to‘g‘ri kelgani bois jaziramada ko‘cha kezasiz. Doim o‘zingiz bilan suv olib yurishingiz kerak. Rimdagi yog‘ingarchiliklar ham ishingizga xalal beradi.

 

7. Sir bo‘lmasa, maoshingiz Sizni qanoatlantiradimi? 

Bo‘lmasa-chi. Maoshim yetarlicha yuqori. Rasmiy maoshimdan tashqari sayyohlarning minnatdorchilik haqlari ham bor. Minus tomoni shundaki, sayyohlarning kam kelishi yoki mavsumning tugashi maoshingiz kamayishiga olib keladi.

 

8. Siz bilan ishlaydigan jamoa haqida ham gapirib bersangiz?

Men anchayin yosh hamkasblar bilan ishlayman. Jamoamiz besh kishidan iborat. Bundan tashqari, yana sakkiz tashkilotchi xodim ham biz bilan faoliyat yuritadi. Ular bizning ekskursiyalarimizga chiptalar sotishadi. Munosabatlarimiz juda yaxshi.

 

9. Nima deb o‘ylaysiz, ishingizda qanday insoniy sifatlar muhim rol o‘ynaydi?

Chidamlilik, sabr-toqat, yumor hissi va notiqlikni eng zarur sifatlar deb bilaman. Guruhda har xil odam bo‘ladi. Ba’zilar qo‘l bilan ushlash mumkin bo‘lmagan narsalarga teginadi, ayrimlar taqiqlangan joylarga chiqib rasmga tushishadi. Farzandlarini nazorat qilmaydigan sayyohlar ham, sizning gaplaringizni tinglamaydigan kishilar ham bor. Shunday vaziyatlarda yuqoridagi sifatlar sizga qo‘l keladi.

 

10. Siz nega shu kasbni tanladingiz?

Aslida, men ekskursiya tashkilotchisi bo‘lib faoliyat yuritar edim. Qobiliyatlarimni hisobga olib, menga shu ishni taklif qilishdi. Sezdimki, men, aslida ham, shu ishda faoliyat yuritishim kerak ekan. Pushaymon emasman, aksincha, xursandman.

 

11. Siz bizdan yana qanday savolni kutgan edingiz? Va bunga javobingiz.

Siz butun umr shu sohada ishlamoqchimisiz? Javobim: Yo‘q. Menimcha, bu ish yoshlarga ko‘proq mos keladi. Men umrimning ikkinchi faslida iqtisodchi sifatida faoliyat yuritmoqchiman. 

Sahifani @ ma’lumotlari asosida

Nargiza Ibodullayeva tayyorladi.

 

 

0 ta izoh

There are no comments