F I L O L O G

Filologiya – “so‘zni sevish” degani. Jamiyatda bu soha vakillarining o‘rni beqiyos. Filologlarsiz millat savodsiz, bilimsiz bo‘lardi. Kamol topayotgan avlodda adabiyotga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otuvchi, shu orqali umumning ma’naviyati go‘zal bo‘lishiga katta hissa qo‘shayotganlar ham filologlar . Biz bugun ana shu kasb egalari haqida ma’lumot beramiz.

 

filolog_picture.jpg

Filolog kim? 

Filolog keng qamrovli kasb egasi bo‘lib, umumiy ma’noda tilshunoslik va adabiyotshunoslik fanlari mutaxassisi hisoblanadi.

Filolog qanday ish bilan shug‘ullanadi?

Yuqorida aytilganidek, bu kasb egalari keng qamrovda faoliyat yuritadilar. Avvalo, bilib qo‘yish kerakki, filologlar faoliyati ikki turga bo‘linadi: ilmiy va amaliy. Ham ilmiy, ham amaliy faoliyat turlarini jamlagan holda quyida filologlar ish olib boradigan jabhalar haqida ma’lumot keltiriladi:

  • Ta’lim muassasa-larida ona tili va adabiyot, shuningdek, rus, ingliz va boshqa xorijiy tillardan dars o‘tishlari mumkin.
  • Tilshunoslik va adabiyotshunoslik (asosan, adabiy tanqidchilik) sohasida o‘z ishlari bilan rasmiy chiqishlar qilishlari (matbuotda, konferen-siyalarda ) mumkin.  
  • Ilmiy-tadqiqot markazlarida tarixiy materiallar bilan ishlashlari, atamashunoslik va lingvistikaning boshqa yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlar qilishlari, lug‘atlar tuzishlari, ilmiy qo‘llanma va darsliklar yaratishlari, matn tarjimalari bilan shug‘ullanishlari mumkin.
  • OAV da jurnalistlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari, bundan tashqari, tahririyatlarda musahhih (korrektor), ijrochi muharrir yoki bosh muharrir lavozimlarida faoliyat yuritishlari mumkin.
  • IT (axborot texnologiyalari) va Internet sohasida texnik musahhih, kontent-menejer bo‘lib ishlashlari mumkin.
  • Mustaqil holda badiiy adabiyot bo‘yicha ijod qilishlari mumkin.

 

Filolog qayerlarda ishlashi mumkin?

Filologlar pedagoglar va jurnalistlar bilan yondosh ishlashgani bois ularning qiladigan ishlarida, faoliyat olib boradigan ish joylarida umumiylik kuzatilishi tabiiy.

Filologlar to‘rt yillik bakalavriat ta’limi davridayoq amaliyot o‘tkazib bo‘lishadi. Shu bois bakalavriat bosqichini o‘tagan talaba filolog hisoblanib, ishga tayyor bo‘ladi.

Filologlar uchun barcha shahar va tumanlarda ish topiladi. Bu kasb egalari maktablar, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, muzeylarda ishlashlari mumkin. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot yo‘lidan borgan filologlar ilmiy-tekshirish institutlarida ham faoliyat olib boradilar. Bundan tashqari, tahririyatlarda ham ularga “non” mavjudligi yuqorida aytildi.

 

Filolog bo‘lishni xohlovchi abituriyentlar qayerda tahsil olishlari kerak? 

Filologiya sohasi vakili bo‘lishni diliga tuggan abituriyentlar yurtimizdagi universitetlarning filologiya fakultetlarida tahsil olishlari kerak bo‘ladi. Yurtimizdagi eng nufuzli ta’lim dargohi bo‘lmish O‘zbekiston Milliy universitetining Filologiya fakulteti yetuk ilm-fan darg‘alarini yetishtirib chiqqanligi bilan mashhur. Qayerda tahsil olmasin, kuchli filolog bo‘lish har kimning o‘z qo‘lida. Filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan imtihonlarda abituriyentlar quyidagi fanlar bo‘yicha test topshirishadi:

1. Ona tili va adabiyot

2. Tarix

3. Ingliz tili

Nilufar ESONOVA

0 ta izoh

There are no comments