BOSH QOMUSIMIZ 20 YOSHDA

 

481ED4BA-D532-44D2-BEF7-547126A50C3D_mw1024_s.jpg

Salom, gazetxon.

Siz bir uyda yashayapsiz-u, lekin bu uyga boshqalar xo‘jayinlik qilsa.  Bunday holatda na erkin bo‘lasiz va na xotirjam. Shunday emasmi? Qani, shu uy o‘zingniki bo‘lsa-yu, hujjatning tegishli joyiga sening noming tirkalgan bo‘lsa. Mana bu – boshqa gap. Milliy Qomusimiz – konstitutsiyamiz O‘zbekiston atalmish uyimizning o‘z nomimizda, o‘z ixtiyorimizda ekanligining qonuniy asosidir. U tufayli bizlar erkinlik va xotirjamlik hissini boshqacha tuya boshladik. Dekabrning yaqinlashayotgan sakkizinchi sanasida  konstitutsiyamizning 20 yilligini nishonlayapmiz. Shu bayram bahonasida dilda yig‘ilgan gaplarni siz bilan baham ko‘rsak degandik. Mulohazalarimizni savol bilan boshlasak. Nima deb o‘ylaysiz: biz o‘z qomusimizni qabul qilish orqali nimaga erishdik?

Savolni “nimaga” emas, “nimalarga” deb qo‘yish o‘rinliroq bo‘lardi, nazarimizda. U orqali biz, o‘zbekistonliklar, avvalo, mustaqil yurt fuqarosi sifatida ilk bor haq-huquqlarimizga, burch-u imtiyozlarimizga ega bo‘lib oldik. Bir vaqtlar yo‘qotgan qimmatli narsamiz – hamma bilan teng ekanligimiz, endi o‘z hukmimizni o‘zimiz o‘qiy olishimiz qonuniy asosiga ega bo‘ldi.  

Sharqda o‘zligini, o‘tmishini unutgan shaxsga nisbatan “manqurt” atamasini qo‘llaydilar. Biz uzoq yillar oshqozonimizni tansiq narsalar bilan siylab keldig-u, ruhimizni, demakki, ma’naviyatimizni tashnaligicha qoldirdik. Ismimiz “O‘zbek” edi-yu, o‘zimiz bek emas edik. Konstitutsiyamiz orqali biz o‘zligimizni qayta tanidik. Bir vaqtlar jadidlarimiz qo‘rqqan ish, ming shukurki, bo‘lmadi. Bir vaqtlar jadidlarimiz yaxshi niyat ila boshlagan ish, xayriyatki,  muvaffaqiyatli nihoyalandi.

Bilim olishga intilish, farzandlarini ham bilimli qilish bizning fitratimizda bor. Ilm-fanga qo‘shgan hissalari sabab dunyo tan olgan bobolarimiz-ku, mayli, harb ishida mashhuri jahon bo‘lgan ajdodlarimiz ham ilmlilik borasida boshqa xalqlar jahongirlaridan ustun turishardi. Yevropa olimlari Amir Temur, Mirzo Boburlarni Chingiz-u Napoleonlar bilan qiyos  etishganda ilm-u ma’rifatga shaxsiy qiziqish va shu soha rivojida qilgan xizmatlari sabab bobolarimizga yuksakroq baho berishgani rost gap. Yuqorida tilga olganimiz – jadidlar ma’rifatning asil fidoyilari edilar. Ular o‘z hisoblaridan maktab ochishdi; o‘z uylarini maktab va kutubxona uchun berishdi; o‘zlari dars o‘qishdi, dasliklar yozishdi; savdogarlarimiz bilan yaqin aloqa bog‘lab, xorij matbuoti bilan yurtdoshlarimizni bahramand etishdi. Yana uni qilishdi, yana buni qilishdi... Xullas, ular “eski to‘n”imizning yirtilib bitmasligi uchun so‘ralgan jasoratni amalga oshirishdi.

Bu gaplarni nega tilga oldik?  Bir narsani yodga olish uchun: biz har qanday sharoitda ham bilim olish uchun belimizni siqib bog‘lagan xalqmiz. Bugun, ya’ni oftob boshimizga tegib turgan pallada buni ikki karra his qilmaslik ikki karra noinsoflik sanaladi. 

Shunday davrlar bo‘lganki, yo faqat o‘g‘il bolalar, yo faqat oqsuyaklarning, yoki faqat boylarning farzandlarigina o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishgan. Demokratiya asoslariga qurilgan milliy Qomusimiz bilim olish borasidagi notengliklarni butkul qoralaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida quyidagilar qayd etib qo‘yilgan:

“Har kim bilim olish huquqiga ega.

Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.

Maktab ishlari davlat nazoratidadir”.

Qomusimizdagi qaydlarni “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun bir qadar to‘ldiradi. Bu Qonunning 4-moddasida, jumladan, shunday deyiladi:

“Jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqeyi, turar joyi, O‘zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat’i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanadi”.

Yurtimizda ta’lim sohasida oqilona va izchil siyosat olib borilayotgani bugun hech kimga sir emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston ta’lim holati bo‘yicha jahonning kuchli uchligi safida turadi. Aholining savodxonlik darajasi ayni paytda 99% dan yuqoriroq ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi. Bu, albatta, quvonarli. Biroq bu o‘rinda savodxonlik tor ma’noda, ya’ni o‘qish va yozish ko‘nikmasiga egalik ma’nosida qo‘llanayotganini unutmaslik kerak. Savodxonlik so‘zining keng ma’nosi ham borki, bunda o‘qish, yozish, , zamonaviy texnik jihozlardan foydalana olish haqidagi bilimlardan boxabar bo‘lish bilan bir qatorda huquqiy savodxon bo‘lish ham nazarda tutiladi. Har birimiz haq-huquqlarimiz, burch va majburiyatlarimizni bilib borishimiz hayotiy talabga aylanib ulgurgan. Shunday ekan, bizdan Konstitutsiya haqida gapirish-u bayramda dam olishdan tashqari bosh Qomusimiz bilan puxta tanishib chiqish, unga qat’iy amal qilish ham talab etiladi. 

Mulohazalarimizga xulosa yasar ekanmiz, quyidagilarni bildirib qolamiz. Har bir fuqaro Konstitutsiya bergan imkoniyat va  kafolatlardan oqilona foydalana olishi, o‘z qobiliyatlarini Vatan va jamiyat ravnaqi yo‘lida namoyon etishi mustaqil taraqqiyot yo‘lining oldimizda turgan har bir bosqichida yangi-yangi zafarlar va yutuqlarni qo‘lga kiritish imkonini beradi. Shu sababli Konstitutsiya normalariga qat’iy amal qilinishi milliy o‘zlikni anglash va mustaqillik g‘oyalariga sodiqlikning ham yorqin namunasidir.

TAHRIRIYAT

0 ta izoh

There are no comments