BOBOMNING HASSASI

Sizga bir insonni tanishtiramiz: Ahmad bobo. Yetmishni qoralagan bu keksa otaxon ikki o‘g‘il va bir qizni voyaga yetkazib, uyli-joyli qilgan. Bugun bo‘lmasa erta, biri bo‘lmasa boshqasi kelib xabar olib turadi. Ahmad boboning o‘ziyam zab shinavanda odam-da. Atrofdagilar uning suhbatini olishga oshiqadilar. Shunday bo‘lsa-da, otaxonning ko‘zlarida ma’yuslik hukmron. Buning sababini bilish qiyin emas. Ahmad boboni har kuni bir darvozaga entikish bilan qarab turgan holda uchratish mumkin. Bu darvozaning yuqori qismiga quyidagi yozuv bitilgan edi: Qariyalar uyi. 

O‘ziga birni so‘rasa, bizga o‘nni tilovchi bobolarning qadr-qimmati shunchalik bo‘ldimi? Bizni tetapoya qildirib, oyoqqa turg‘izgan kishilarning oyog‘iga tayanch, beliga quvvat, dardiga darmon bo‘ladigan paytda ularni bir tayoqning ixtiyoriga tashlab ketyapmiz-a! Shu hassachalik bo‘la olmayapmizmi?

222.jpg

Kimdan so‘ramang, erishgan va erishayotgan muvaffaqiyatlarini o‘zining sa’y-harakatlari va imkoniyatlardan samarali foydalana olganligiga, kamtarona iqtidori-yu omadning ham “qarab turmagani”ga bog‘lashadi. Yo‘q, buni inkor qilib bo‘lmaydi. Biroq unutmaslik kerakki, uyimizning bir burchida o‘tirib siz-u bizning  haqqimizga duo qilayotgan  ota-onalarimiz, bobolarimiz va momolarimizning xizmatlarini unutib bo‘lmaydi.  

Ahmad bobo katta o‘g‘lidan ham, kichik o‘g‘lidan ham iltimos qildi. “Meni yolg‘izlatib qo‘ymanglar”, - dedi. U o‘g‘il bunisini, bu o‘g‘il unisini tavsiya qildi, “Nega men?” – deyishdi. Xullas, sansolarlik otani farzandlari va nabiralari yonida birga bo‘lishdan mahrum qildi. 

Nega men?

Mana shu “nega men”lar sababli qancha-qancha bolalar ota-onasiz, qancha-qancha keksalar g‘amxo‘rlarisiz qolmoqda. Bunday sabab bilan yetayotgan zararlarni Vatan misolida ko‘radigan bo‘lsak, masala yanada jiddiylashadi. Kimdir qoqilishi mumkin bo‘lgan toshni yo‘ldan olib tashlash uchun “Nega men?” deyish shartmikan? Ariqdan o‘tishga yoxud og‘irroq yukni bir joyga olib borishga qiynalayotgan keksa kishi uchun bir necha daqiqamizni sarf etish uchun juda katta jasorat talab etiladimi? Jamoat transportlarida yoshi ulug‘ kishiga joy berish shunchalik qiyinmi?    

Ahmad boboni yo‘qlab katta o‘g‘il keldi. Hol-ahvol so‘rashildi, undan-bundan gaplashildi. Suhbat yana o‘sha mavzuga qaytdi. Katta o‘g‘ilning javobi quyidagicha bo‘ldi: “Bunday joyda yashayotgan faqat sizmi? Ana, boshqalar nolimay, boriga shukur qilib yashashyapti-ku!?”

Ayrimlar ko‘pchilik ichida o‘zining bilinmay ketishiga urinadilar, aniqrog‘i, bundan niqob sifatida foydalanadilar. Eng dahshatlisi shuki, shundaylar o‘zini daryodagi bir tomchidek ko‘rib, men nima ham qila olaman degan o‘yga boradi. Yo‘q, bunday o‘ylash mas’uliyatdan qochishdan boshqa narsa emas. Aslida, o‘sha nimadir qilganlarning hammasi siz-u bizdek odamlar. Tasavvur qiling, bir joyga Falonchi axlat to‘kib ketdi. Uning ketidan yana besh-o‘n kishi Falonchining birini o‘n qilib ketdi. Endi siz turibsiz: qo‘lda axlat solingan paket, miyada o‘y. To‘g‘ri, siz ham bittagina axlat to‘la paketni ularga qo‘shib qo‘ysangiz, katta farq yo‘qdek tuyulishi mumkin. Haqiqatda ham, axlatga katta farq yo‘q, biroq sizda katta o‘zgarish bo‘ladi. O‘ylab ko‘ring.

“Arg‘amchiga qil quvvat”, - deydi xalqimiz. Birimiz do‘ppidek joyni tozalab qo‘yishimiz orqali Vatan obodligi yo‘lida nimadir qilganimizni his qilsak, ko‘p narsa o‘zgaradi.

O‘rmonga o‘t ketibdi. Fillar xartumida, kengurular xaltasida, maymunlar hovuchida suv tashishar ekan. Begemotning esa parvoyi falak. “Men nima ham qila olardim”, - derkan-u, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘larkan. Birdan uning ko‘zi bir tomchi suvni bargchaga solib, boshi uzra ko‘tarib borayotgan chumoliga tushibdi.

- Qayerga ketyapsan, chumolivoy, - gap qotibdi begemot.

 - Gulxanni o‘chirishga suv olib ketyapman.

Begemot xandon otib, kinoya aralash debdi:

 - Axir bu suving gulxanni o‘chira olmaydi-ku?!

 - Muhimi bu emas. Muhimi mening nima bilan mashg‘ul bo‘layotganim. 

Kattadir, kichkinadir – nimadir foydali ish qila olsak, mana shu muhim. Bobomiz uchun bir hassachalik ham bo‘la olmaslikdan O‘zi asrasin.

Omon bo‘ling.

 

0 ta izoh

There are no comments