X A N D A L A R 21-2012

Mening qushim o‘ylaydi… 

Nasriddin Afandi bozorga borsa, bir odam qushini 50 aqchaga sotayotgan ekan. Afandi bu qushning narxi qimmatligini hech tushuna olmabdi: yonidagi tovuqlar 5 aqcha tursa-yu, bu odamning qo‘lidagi qush 50 aqcha tursa. Afandi qush sotuvchidan so‘rabdi:

– Bu qushingning narxi nega 50 aqcha?

– Eee, do‘stim, buni to‘tiqush deyishadi. Bu qush gapira oladi.

Bu gapdan so‘ng Afandi tezlik bilan uyiga boribdi-da, uyidagi qushni olib kelib, 50 aqchaga sotayotgan odamning yoniga turib olib baqira boshlabdi: 

– Kep qoling, 100 aqchaga berib yuboraman, kep qoling.

Hammadan avval to‘tiqush sotgan odam qiziqish bildiribdi:

– Afandim, qushingiz nega 100 aqcha?

– Sening qushing gapiradi, meniki esa o‘ylaydi.

***

Gap sallada bo‘lsa… 

Bir odam qo‘lida maktub bilan kelib Nasriddin afandiga debdi:

– Afandim, shu maktubni o‘qib bersangiz, men o‘qiy olmayapman.

– Iye, bu arabcha-ku, men arabcha o‘qiy olmayman.

- Boshingizda shunday salla turibdi, qanday o‘qiy olmaysiz?

Shunda Nasriddin afandi boshidagi sallani yechib, u odamga kiydiribdi va debdi: 

 - Gap sallada bo‘lsa, endi o‘zing o‘qib ko‘r-chi…

***

Kimning ichi shilindi?

Nasriddin afandi bir xasis tanishining uyiga boribdi. Shunda tanishi dasturxonga asal bilan non qo‘yibdi. Afandi nonni asalga botirib yeya boshlagan ekan, tanishi shunday debdi: 

 - Afandim, asalni nonga botirib yesangiz, ichingizni shilib yuboradi.

Bu gapga afandi shunday javob qaytaribdi: 

 - Kimning ichi shilinayotganini Yaratganning o‘zi bilib turibdi.

***

Miyang ishlayapti.

Sayohatda ochlikdan qiynalgan Afandi bir baliqchidan yeyishga ovqat so‘rabdi. Baliqchida bir donagina baliq bor ekan. Shu payt boshqa bir yo‘lovchi ham kelib, o‘sha baliqchidan ovqat so‘rab qolibdi. Baliqchi debdi: 

 - Bir donagina balig‘im bor, shuni bo‘lishib olinglar.  

Shundan so‘ng Afandi: 

 - Men baliqning boshini yeyman, - debdi. Sherigi buning sababini so‘ragan ekan, afandi baliqning miyasi insonning aqliy faoliyatini rivojlantirishini va zehnini o‘tkirlashtirishini aytibdi. Shundan so‘ng ikkovi baliqning boshini talasha boshlashibdi. Oxirida Afandi yengilib, baliqning boshini sherigiga beribdi. O‘zi esa qolgan qismini yebdi. 

Birozdan so‘ng baliqning boshiga to‘ymagan sherigi: 

- Afandim, men bitta boshni yeb to‘ymadim, sen esa butun boshli tanasini yeding - desa, afandi:  - Ko‘rdingmi, miyang ishlay boshladi, - deya javob bergan ekan. 

 

 

0 ta izoh

There are no comments