Ommabop ona tili 21-2012

TEST TAHLILI   

(20 (122) - sondagi 24-test savoli)

Qaysi qatordagi gapda uchta murakkab so‘z ishtirok etgan?

A) Biron-bir foydali ish bilan mashg‘ul bo‘lmagan odam hech baxtli bo‘lolmaydi.

B) Hamid Olimjon o‘z she’riyatida shunday kamolot darajasiga erishadiki, u so‘zdan tanbur torlaridek turli pardalarda foydalanar, uni o‘ynata, jaranglata bilardi.

C) Shoir zukko va zakiy inson bo‘lganligi sababli hatto uning shaxsiy tuyg‘ulari harakatida ham keng kitobxonlar uchun ahamiyatli allaqanday nurli qirralar bo‘ladi.

D) Agar u guzardan hassasini do‘qillatib o‘tib qolsa, hamma barobar qalqib, to o‘tib ketguncha ta’zimda turardi.

 

YECHISH: Berilgan: to‘rtta  gap.

So‘ralgan: Mazkur  gaplarning qaysi birida uchta murakkab so‘z borligi.  

Testni yechishni savolni yaxshilab tushunib olishdan boshlaymiz. Demak, savolda murakkab so‘zlarni topish talab qilinyapti. Qoidaga ko‘ra, so‘zlar murakkab bo‘lishi uchun  ikki va undan ortiq mustaqil asosdan tashkil topishi lozim hamda ular bitta so‘roqqa javob bo‘lishi shart. Endi har bir javob variantlariga to‘xtalamiz.

A)  Biron-bir foydali ish bilan mashg‘ul bo‘lmagan odam hech baxtli bo‘lolmaydi.

Bu gapda biron- bir,  mashg‘ul bo‘lmagan, baxtli bo‘lolmaydi so‘zlari yuqoridagi murakkab so‘z talablariga javob beradi, ya’ni ular ikkita asosdan iborat bo‘lib, bitta so‘roqqa javob bo‘lyapti. Mana, uchta murakkab so‘z. Demak, to‘g‘ri javob- A. 

     Xulosa qilishga shoshilmay, boshqa javob variantlarini ham ko‘rib chiqamiz.

B) Hamid Olimjon o‘z she’riyatida shunday kamolot darajasiga erishadiki, u so‘zdan tanbur torlaridek turli pardalarda foydalanar, uni o‘ynata, jaranglata bilardi.

Mazkur gapda  oxirgi  o‘rinda kelgan  bilardi  fe’li  jaranglata, o‘ynata  so‘zlari bilan bir butunlikni hosil qiladi. Shu bois bu gapda ikkita murakkab so‘z mavjud. 

C) Shoir zukko va zakiy inson bo‘lganligi sababli hatto uning shaxsiy tuyg‘ulari harakatida ham keng kitobxonlar uchun ahamiyatli allaqanday nurli qirralar bo‘ladi.

 

Uchinchi gapda inson bo‘lganligi, qirralar bo‘ladi so‘zlari murakkab so‘zlardir. Boshqa murakkab so‘z yo‘q.

O‘z – o‘zidan bu xato javoblar ichiga kiradi. 

D) Agar u guzardan hassasini do‘qillatib o‘tib qolsa, hamma barobar qalqib, to o‘tib ketguncha ta’zimda turardi.

 O‘tib qolsa, ta’zimda turardi so‘zlarini murakkab so‘zlar deb olamiz. Ko‘rinib turibdiki, bu variant ham xato. 

To‘g‘ri javob- A.

 

TEST TAHLILI   

(20 (122) - sondagi 23-test savoli)

Seni ona dedim. Ko‘zim o‘ngida

Mushfiq u qiyofang bo‘ldi namoyon. 

Parcha et qoshida bedor bir diyda,

Sadoqati cheksiz, mehri bepoyon.       

                                                        (A.Oripov)

Ushbu she’riy parchada qaysi kelishik shakllari belgisiz qo‘llangan?

A) 1 ta tushum, 1 ta qaratqich kelishigi

B) 1 ta qaratqich kelishigi

C) 1 ta tushum, 2 ta qaratqich kelishigi

D) 2 ta qaratqich kelishigi

 

YECHISH: Berilgan: she’riy parcha.

Topilishi kerak: shu parchadagi belgisiz  ishlatilgan kelishiklar nomi .

Avval she’riy parchadagi   belgili ifodalangan kelishiklarni topib chiqamiz: seni ( -ni tushum kelishigi); ona ( - bosh kelishik);  o‘ngida (-da o‘rin- payt kelishigi);  qoshida (- da o‘rin- payt kelishigi). 

Endi ifodalanmagan kelishiklarni topamiz hamda turlarini,  sonini aniqlaymiz.

O‘ngida  so‘zi egalik qo‘shimchasini olgan holda ifodalangan. Bizga ma’lumki, egalik qo‘shimchasi o‘zidan oldin qaratqich kelishigini talab qiladi ( lekin bu har doim emas).  Shu sababli ko‘zim so‘zi belgisiz qaratqich kelishigi shaklidadir.

Et  so‘zida  ham xuddi shu holat kuzatiladi va bu so‘z ham belgisiz qaratqich kelishigi shaklida qo‘llangan.  

Yuqoridagi  mulohazalardan   to‘g‘ri  javob namoyon bo‘ladi:  D.

 

IMLO

Quyidagi birliklar imlosida xatolik mavjud:

1) Ketma ket ikki marta imtihondan yiqildi;

2) Ishdan  holi;

3) Fuqoroligi bor;

4) Bir  oz dam oling;

5) Bobo  dehqon yerga baraka urug‘ini sochmoqda;

6) Bu mukammallikni taqazo qiladi.

 

Ularning to‘g‘ri yozilishi quyidagicha:

1) Ketma - ket ikki marta imtihondan yiqildi;

2) Ishdan  xoli;

3) Fuqaroligi bor;

4) Biroz dam oling;

5) Bobodehqon yerga baraka urug‘ini sochmoqda;

6) Bu mukammallikni taqozo qiladi.

Lobar Boltayeva

 

0 ta izoh

There are no comments