Ommabop ona tili 20-2012

TEST TAHLILI

(19 (121) - sondagi 12-test savoli)

O‘zidan keyin kelayotgan avlod zakovati va shijoatiga ishonmagan jamiyatning ichi mo‘rt bo‘ladi.

Berilgan gap tarkibida nechta so‘z birikmasi mavjud?

A) 5 ta        B) 8 ta            C) 6 ta               D) 7 ta

 

YECHISH: Berilgan: bitta gap.

So‘ralgan: ushbu gapni nechta so‘z birikmasiga ajratish mumkinligi.  

Avval testning to‘g‘ri yechimi bilan tanishamiz.

O‘zidan keyin kelayotgan avlod zakovati va shijoatiga ishonmagan jamiyatning ichi mo‘rt bo‘ladi.

1) jamiyatning ichi;                  2) ishonmagan jamiyat;

3) shijoatiga ishonmagan;      4) zakovatiga ishonmagan;

5) avlodning shijoati;              6) avlodning zakovati;

7) kelayotgan avlod;               8) o‘zidan keyin kelayotgan.

Endi kutilishi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri javoblarga to‘xtalamiz.

1) ichi mo‘rt (yoki ichi mo‘rt bo‘ladi)

Bu variantning noto‘g‘ri ekanligini quyidagi qoida orqali izohlash mumkin: so‘z birikmasida tobe so‘z bosh kelishik shaklida bo‘lmaydi.

2) o‘zidan keyin

Keyin so‘zi mustaqil so‘z, ya’ni ravish ekanligini bilamiz. Biroq bu so‘z chiqish kelishigi shaklidagi ismga bog‘langanda ko‘makchi vazifasini bajaradi. Demak, o‘zidan keyin qurilmasida keyin so‘zi ko‘makchi sanaladi. So‘z birikmasining birinchi talabi – kamida ikkita mustaqil so‘z bo‘lishi. O‘zidan keyin qurilmasida esa mustaqil so‘z bitta, xolos. Shu bois uni so‘z birikmasi deb qabul qilmaymiz.

3) keyin kelayotgan

Yuqorida aytilganidek, bizga berilgan gapda keyin so‘zi ko‘makchi vazifasini bajaryapti. Shu bois keyin kelayotgan qurilmasini ham so‘z birikmasi deya olmaymiz, zero unda bittagina mustaqil so‘z bor, xolos. 

Abituriyentlarimizga ushbu testni taqdim etish orqali yana bir maqsadni ko‘zlaganmiz: gapdagi so‘z birikmalari sonini aniqlar ekansiz, hech qanday formulalarga suyanib ish tutmang. Eng yaxshi qurol – mantiqiy fikrlash. 

Testimizning to‘g‘ri javobi – B.

 

TEST TAHLILI

(19 (121) - sondagi 7-test savoli)

O‘shanda Asadbek undan norizo bo‘lganida «Ikki kishi o‘rniga bitta odam o‘tirgani durust emasmi?» deb o‘zini oqladi.

Qaysi bandda yuqoridagi jumla haqida noto‘g‘ri mulohaza keltirilgan?

A) To‘rtta so‘zda qo‘shimcha qo‘shilishi natijasida fonetik o‘zgarish yuz bergan.

B) Ikkita yasama so‘z qo‘llangan.

C) Vazifadosh ko‘makchi ishtirok etgan.

D) Ikki o‘rinda fe’lning sifatdosh shakli qo‘llangan.

 

YECHISH: Berilgan: bitta jumla.

Topilishi kerak: shu jumla haqidagi xato fikr.

Har bir javob variantini ko‘rib chiqish lozim.

A) To‘rtta so‘zda qo‘shimcha qo‘shilishi natijasida fonetik o‘zgarish yuz bergan.

Qo‘shimcha qo‘shilgandan so‘ng quyidagi so‘zlarda fonetik o‘zgarish sodir bo‘lgan: o‘shanda (bir n tovushi ortgan), undan (yana n tovushi ortyapti), o‘rniga (o‘rin so‘zidagi i tovushi tushib qolgan), bitta (bir so‘zining so‘nggi tovushi -ta qo‘shimchasidagi undoshga moslashgan).  

Bu yerda xatolik kuzatilmadi.

B) Ikkita yasama so‘z qo‘llangan.

Berilgan gapdagi yasama so‘zlar: norizo (no + rizo), oqladi (oq + la).

Bu yerda ham hammasi joyida.

C) Vazifadosh ko‘makchi ishtirok etgan.

Vazifadosh ko‘makchi deganda ushbu jumladagi deb so‘zi nazarda tutilyapti. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Biroq deb so‘zi ravishdosh yoki ko‘makchi ekanligini isbotlash kerak. Agar deb so‘zi “biror gapni aytish”, “nimadir deyish” ma’nosida kelsa, u mustaqil so‘z, ya’ni ravishdosh sanaladi. Bizga berilgan gapda Asadbek “... durust emasmi?” gapini aytyapti. Demak, bu yerda vazifadosh ko‘makchi emas, balki ravishdosh haqida gapirish o‘rinli. 

Biz xato fikrni topdik, biroq, albatta, D varianti ham ko‘rib chiqilishi kerak.

D) Ikki o‘rinda fe’lning sifatdosh shakli qo‘llangan.

Berilgan gapdagi sifatdoshlar: norizo bo‘lganida, o‘tirgani.Bu o‘rinda sanab o‘tilgan so‘zlar maqsad ravishdoshi shakli (-gani) ni olgan bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq emas. Shu bois ularning maqsad ravishdoshi emasligini isbotlash zarur. Buning bir necha xil usuli bo‘lgani holda biz -gani qo‘shimchasini -ish uchun birligi bilan almashtirib ko‘rish yo‘lidan foydalanamiz. O‘qigani keldi deyish o‘rniga o‘qish uchun keldi desak ham bo‘laveradi. Demak, bu yerdagi o‘qigani – maqsad ravishdoshi. Endi, xuddi shu usulni berilgan gapda qo‘llaymiz.

Asadbek undan norizo bo‘l ish uchun ida «…» deb o‘zini oqladi.

Asadbek undan norizo bo‘lganida «Ikki kishi o‘rniga bitta odam o‘tir ish uchun durust emasmi?» deb o‘zini oqladi.

Ko‘rinib turibdiki, bu gapda maqsad ravishdoshi umuman yo‘q.

Demak, to‘g‘ri javob – C.

 

0 ta izoh

There are no comments