MEHNAT VA ROHAT

PICT0018.jpg

Fayzullaxon Shukurov

Samarqandning Ishtixon tumanidan

O‘qish joyi: Toshkent tibbiyot akademiyasi

Fakulteti: Davolash ishi

Ta’lim shakli: budjet

To‘plagan balli: 194,2

To‘g‘ri ishlagan testlari: 

       Biologiya   – 31 ta

       Kimyo     – 31 ta

       Ona tili va adabiyot – 30 ta

 

- Fayzullaxon, talabalik muborak! 

- Rahmat.

 - Nega shu o‘quv yurtini tanladingiz?

- ToshTA da o‘qishni va yaxshi shifokor bo‘lishni xohlaganim uchun.

- Ko‘pchilik Davolah ishi fakultetiga hujjat topshirishga cho‘chishadi…

- Men cho‘chimadim va topshirdim. Cho‘chiydiganlarda tayyorgarlik bilan bog‘liq muammo bo‘ladi.

- Kirish imtihonida siz erishgan natija (194,2 ball) budjet asosida o‘qish imkonini beradi. Lekin bundan-da yuqoriroq natija ko‘rsatishingizga nima to‘sqinlik qildi deb o‘ylaysiz? 

- Men o‘tgan yili ham imtihon topshirganman. Shu bois qiyoslay olaman. Shu yili o‘tgan yilgidan ancha qiyin testlar tushdi. Birinchi va ikkinchi fanlardan kamroq yechganimni shu bilan izohlayman. Ona tili va adabiyotdan 30 ta to‘g‘ri ishlaganim – men uchun juda yaxshi ko‘rsatkich. Shu yili talaba bo‘lganlar fikrimni ma’qullashsa kerak.

- Yana o‘sha mavzu ochildi. Nega ko‘pchilik imtihonda ona tili va adabiyot fanidan past natija ko‘rsatishadi? 

- Bizning yo‘nalishdagilar bu fanga biologiya va kimyodan ko‘ra kamroq e’tibor berishadi. 1-avgustda ham avval biologiya, keyin kimyo, oxirida (agar vaqtlari ortsagina) ona tilini ishlashadi. 

- Siz-chi?

- Men ham 1-yili kam e’tibor berganman. Og‘iz kuygandan so‘ng xatoyimni angladim. 1-avgustda avval biologiyani, keyin ona tili va adabiyotni ishladim. Eng ko‘p vaqtni oladigan kimyoni oxiri ishladim. O‘qituvchilarim shunday tavsiya berishgan edi, buning uchun ularga rahmat aytaman.  

- Kirish imtihoniga tayyorgarlik ko‘rishda nimalarga e’tibor berilishi kerakligini muhimligi bo‘yicha tartiblab bera olasizmi? 

- O‘ylashimcha, birinchi o‘rinda ishonch, ikkinchi o‘rinda niyat turadi. Kun tartibiga qat’iy amal qilish uchinchi o‘rinda turadi deb o‘ylayman. Menimcha, mana shu uchovi birlamchi. Qolganlarini hamma o‘zi uchun o‘zi kashf qilgani ma’qul. 

- O‘zingiz amal qilgan kun tartibi haqida gapirib bersangiz.

- Kun tartibini o‘ziga talabchanlar uchun chiqargan, deb o‘ylayman. Men har kuni uchovi fanni ham o‘qiganman. Tongdan to soat 8-9 largacha bo‘lgan vaqt, albatta, biologiyaga bag‘ishlan-gan. Kunning qolgan qismida kimyo bilan ona tili va adabiyotni almashib-almashib o‘qiganman. Har kuni 7 soat uyqu. 4 mahal ovqatlanish (Soat 10 larda shirin choy ichib olishim hisobiga 4 mahal bo‘lyapti).    

- Kun tartibi buzilishiga to‘g‘ri kelib qolsa-chi?

- Avvalo, bunday bo‘lmasligiga harakat qilardim. Mabodo shunday bo‘lib qolsa, ertasi kuni “qarz”larni uzib qo‘yardim.

- Kun tartibingizda madaniy hordiqqa o‘rin ajratilganmi?

- Albatta. Haftada bir marta futbol o‘ynab turardim. Eng muhim futbol uchrashuvlarini tomosha qilib turardim. Bundan ortig‘ini ortiqcha deb bilganim uchun qolgan paytlari o‘qirdim, mashq bajarardim.

- Abituriyentlarga o‘z tajri-bangizdan kelib chiqib nima degan bo‘lardingiz?

 - Kirish imtihonida yiqilgan abituriyentlarga maslahatim: tushkunlikni yo‘qoting. Men bu ishni tayyorgarlikka zo‘r berish, shu muhitga tezroq kirib ketish yo‘li orqali uddalaganman.

Birinchi marta imtihonga tayyorlanayotgan abituriyentlarga maslahatim: men birinchi yili kira olmaganimni o‘qishga yuzaki qaraganim, ko‘p vaqtimni zoye ketkazganim bilan izohlayman. Sizlar men qilgan xatolarni qilmang. Birinchi yilning o‘zidayoq talaba bo‘lish mumkinligiga ishoning.

- So‘ngso‘z o‘rnida sizga minnatdorchilik va tilak bildirish imkoni beriladi. Marhamat.

- Mening talaba bo‘lishimda hissasi singan ota-onam, o‘qituvchilarim va “Abituriyent” gazetasi xodimlariga minnatdorchilik bildiraman. Barchalariga sog‘liq, ishlariga rivoj tilayman. Qolaversa, butun o‘zbek xalqini Qurbon hayiti bilan tabriklayman.

- Sizni ham bayram bilan qutlaymiz. Ishlaringizda omad yor bo‘lsin!

Alisher TURSUNOV suhbatlashdi

 

 

0 ta izoh

0 ta izoh

There are no comments